Mixael Shumaxer yashirin tarzda Parijdagi shifoxonaga yetkazildi

Sport 01:11 / 10.09.2019 17406

“Formula-1” avtopoygalarining 7 karra chempioni Mixael Shumaxer yashirin tarzda Parijdagi Jorj Pompidu nomidagi shifoxonaga yetkazildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi. 

Parisien nashrining xabar berishicha, 2013 yilda og‘ir miya jarohati olgan sobiq sportchi shifoxonaning yurak-tomir jarrohligi bo‘limiga Shveytsariya davlat raqamlariga ega tez yordam mashinasida yetkazilgan.

Uning shifoxona bo‘ylab olib yurilishi ehtiyot choralari bilan kechgan: poygachi tashilgan nosilkalar uning yuzi va tanasini to‘liq yashiradigan holda qora choyshab bilan o‘ralgan bo‘lgan. Unga 10 kishidan iborat guruh hamrohlik qilgan.

Ta'kidlanishicha, Shumaxerga shifoxonada asos hujayralar kiritiladi. Davolash 10 sentabr ertalab boshlanishi kutilmoqda.

Afsonaviy poygachi 2013 yil dekabrda Fransiyaning Meribelida chang‘i uchish vaqtida yiqilib, miyasidan og‘ir jarohat olgan. 2018 yil dekabrda yotog‘liq bo‘lib qolgan sobiq poygachi o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasiga boshqa ehtiyojmand emasligi ma'lum qilingan. 

2019 yil fevralda OAVda poygachi va uning oilasi Jyenevadagi villasini tark etib, Malorkaga qishki ta'tilni o‘tkazgani hamda 3 yanvarda Shumaxerning 50 yoshini nishonlagani jo‘nab ketgani ma'lum qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: