Bosh vazir qabulxonalari qoshida tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:49 / 10.09.2019 3329

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari qoshida tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hamda har bir tuman va shaharlardagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari qoshida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillaridan iborat tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlarini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha:

tadbirkorlar kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi;

tadbirkorlar kengashi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari rahbarlari tomonidan tashkil etiladi;

tadbirkorlar kengashi o‘z faoliyatini Namunaviy nizomga muvofiq ishlab chiqilgan va Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari rahbari tomonidan tasdiqlanadigan Nizom hamda Tadbirkorlar kengashi ish reglamenti asosida amalga oshiradi;

tadbirkorlar kengashi a'zoligiga, qoida tariqasida, faol tadbirkorlar, huquqshunoslar, va jamoatchilikning boshqa vakillari qabul qilinadi.

Quyidagilar Tadbirkorlar kengashining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘siq va g‘ov bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga taqdim etish;

hududlarda mavjud imkoniyatlar va talablardan kelib chiqib, tadbirkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, sohaga aloqador bo‘lgan islohotlarni tadbirkorlarga yetkazish;

tadbirkorlarning huquqiy madaniyatini oshirish va iqtisodiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, jamoatchilik kengashlari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan tizimli aloqalarni yo‘lga qo‘yish.

Tadbirkorlar kengashi ish reglamentida quyidagi masalalar nazarda tutiladi:

tadbirkorlar kengashlari tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari duch kelayotgan kundalik va tizimli muammolarni muhokama qilish hamda ularning vazifalarini belgilash masalalari;

tadbirkorlar kengashi a'zolarining uning faoliyatida ishtirok etishi tartibi;

tadbirkorlar kengashi yig‘ilishlarini o‘tkazilish muddatlari va tartibi;

tadbirkorlar kengashi doimiy ishchi organining ish tartibi;

tadbirkorlar kengashi komissiyasi faoliyati va tuzilishi tartibi, shuningdek, rais vakolatlari va uni saylash tartibi;

tadbirkorlar kengashi a'zolarining vakolatlarini to‘xtatish va tugatish tartibi;

tadbirkorlar kengashi qarorlarining tuzilishi va ularni qabul qilish tartibi;

tadbirkorlar kengashida tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va tadbirlarni o‘tkazish tartibi;

tadbirkorlar kengashi majlisi ish reja asosida doimiy chaqirilishi masalalari;

tadbirkorlar kengashi faoliyati tartibiga doir boshqa masalalar.

Belgilanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyat, tuman (shahar) hokimlari, ularning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari ushbu tadbirkorlar kengashlari faoliyatini samarali tashkil etishga shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: