Video: To‘y kortejlari hamon muhokamada. IIV vakili va ahli ilm bu haqda nima dedi?

O‘zbekiston 20:57 / 09.09.2019 84348

Aholining turmush sharoiti yaxshilanib, moddiy ahvoli yuksalgani sari turli orzu-havaslar ham keng quloch yoymoqda. Qolaversa, qaysidir ma'noda, qanday yo‘l bilan bo‘lmasin, dong taratish, mashhur bo‘lish istagi, ayrimlar tomonidan jamiyatda belgilangan yurish-turish qoidalarini mensimaslikka, boshqalar zarariga bo‘lsin, o‘z maqsadini amalga oshirishga olib kelmoqda.

Yaqinginada, yoshlardan biri ijtimoiy tarmoq sahifasidagi mushtariylari sonini oshirish ilinjida temir yo‘l bo‘ylab harakatlanayotgan lokomotiv ostiga yotganiga guvoh bo‘ldik. Bu hodisa keng muhokamalarga ham sabab bo‘ldi.

Biroq, jamiyatning yo‘l harakati qoidalariga rioya qilinishi bilan bog‘liq yana bir og‘riqli muammo ham borki, bu mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlarning to‘y kortejlaridir. Bu haqda qanchalik ko‘p gapirilmasin, OAV orqali chiqishlar qilinmasin, o‘ziga xos «to‘qlikka sho‘xlik» tobora avj olmoqda. Achinarlisi, bu kabi kortejlar harakatlanishi davomida yo‘l-transport hodisalari ham ro‘y berishi oqibatida kimningdir jigargo‘shasi jabrlanishi, hatto fojia bilan tugab, to‘y azaga aylangan holatlar ham yo‘q emas. So‘nggi statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2019 yilning o‘tgan 8 oyi mobaynida esa, respublika bo‘ylab, 494ta holatda O‘zR Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 129-moddasiga binoan yo‘llarda guruh bo‘lib harakatlanish qoidalarini buzganlarga nisbatan choralar ko‘rilgan.

Keling, kortejlarda harakatlanuvchilar, kortej tarkibidagi haydovchilar, avtomobilning oynasidan tanasining katta qismini tashqariga chiqaruvchi operatorlar va yo‘lovchilar uchun qonunchilikda qanday huquqiy ta'sir choralari belgilanganini ko‘rib chiqsak. Biz O‘zR IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, mayor Akmal Yunusovga shu xususda qator savollar bilan murojaat qildik.

O‘zR IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, mayor Akmal Yunusov

«Motosikllar va boshqa transport vositalari haydovchilarining yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi 669 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 1 mln 115 ming so‘m miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oydan bir yilgacha muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi», - deya oydinlik kiritdi mayor Yunusov.

Akmal Yunusovning bildirishicha, «transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchi tomonidan tana qismlarini (qo‘ldan tashqari) salondan chiqarish:

yo‘lovchiga nisbatan 223 ming so‘m;

haydovchiga nisbatan 2 mln 230 ming jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, haydovchiga nisbatan 4 mln 460 ming so‘m miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan bir yil muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi».

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, shuningdek, to‘y kortejlarining noto‘g‘ri harakatlanishi oqibatida turli noxushliklar, hatto o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari ro‘y bergan holatlar mavjudligi bois, ota-onalar ham farzandlarini to‘y davomida tergab turishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi, degan fikrlarni bildirdi.

Xo‘sh, Islom dinimizda bu borada qanday odob-axloq me'yorlari mavjud? Yo‘llarda yurish-turish dinimizda tartibga solinganmi? O‘zaro muomala-chi? Gunoh-savobi kimning zimmasida?!

Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Sahobiddin Satimov biz bilan suhbatda shu kabi masalalar yuzasidan dinimiz ta'limotlarini ma'lum qildi.

Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari Sahobiddin Satimov

«Yo‘l shariatimizda vaqf hisoblanadi. Yo‘l omma, xalq foydalanadigan ijtimoiy maskan. Tabiiyki, buning qonun-qoidasi bo‘lishi kerak. Bunday qonun-qoidalar Islom shariatida maxsus o‘lchovlar bilan belgilangan. Jumladan, svetoforning qizil chirog‘ida turgan inson, to‘xtab turmay yurib ketsa, ikkinchi haydovchi yoki inson haqini yegan hisoblanadi. Shunday ekan, yo‘l harakatining barcha ishtirokchilari o‘zga ishtirokchilarning haqiga rioya qilmoqlik hamma uchun birdek lozim hisoblanadi», - deydi biz bilan suhbatda Sahobiddin Satimov. - Yo‘l harakatiga amal qilmaslik nimaga olib keladi? Yo‘l harakati hodisasiga, to‘qnashuv yoki ba'zi bir holatlarda tan jarohatiga, Alloh saqlasin, ayrim hollarda inson o‘limiga ham sabab bo‘ladi. Shuning uchun dinimiz yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishni qat'iy buyuradi va targ‘ib etadi. Yaqinda, juma namozidan qaytayotganimda Chig‘atoy darvozadagi bozorda “Lasetti” rusumli avtomobilni yo‘lning o‘rtasiga qoldirib ketganlari bois, 600 metrlik masofani 20 daqiqada bosib o‘tdim.

Xuddi shunday holat inson orzu-havasi natijasida vujudga kelishini ko‘rib chiqsak. Avvalo, to‘y korteji Islomda targ‘ib etilgan ish emas va musulmonlarga xos bo‘lgan ish ham emas. Xo‘p, inson boshida to‘yi bor ekan, bir marta uylanar ekan, deb ba'zida chekinamiz. Buning natijasida shahrimizda qanday holatlar vujudga kelmoqda? To‘y kortejlari bir yo‘lak bo‘ylab, odob bilan yurish o‘rniga, yo‘lni butunlay to‘sib, orqadan kelayotgan avtomobillarni o‘tkazmasdan, turli xil xurmacha qiliqlar qilib, ayrim hollarda qarama-qarshi yo‘nalishga ham chiqib ketish hollari uchraydi.

Endi tasavvur qiling, men imom xatib sifatida elning yaxshi va yomon kunida xizmatidaman. Janoza namozi bo‘ldi. Tumonat odam yig‘ilgan. Janozada mayyitni tezroq o‘rniga yetkazish kerak. Men imom xatib sifatida yetib boryapman, qanday holat bo‘ladi? Yoki bo‘lmasa, bir inson sog‘lig‘i bois shifoxonaga shoshilyapti. To‘y korteji sabab tirbandlikka yo‘liqsa, hech kim “rahmat”, demaydi. Aksincha, shunday to‘y kortejida ketayotgan kelin-kuyov to‘yning birinchi kundanoq la'nat oladi, duoibad oladi, gunoh ishni kasb qiladi. Birovning yo‘lini olib qo‘ydingizmi, siz yo‘lto‘sarsiz, o‘zganing haqini olib qo‘yyapsiz. Bu narsada Alloh taboraka va ta'olo huzurida, albatta, javobgarlik bor.

“Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam mo‘minning mo‘mindagi haqi yettita deganlar. Shuning bittasida, nafaqat yo‘lni to‘sish, balki musulmonga aziyat yetkazadigan narsani chetga olib qo‘yishni ham sanab o‘tganlar. Yo‘lda daraxt yiqilib yotibdi, tosh turibdi, shuni chetga olib qo‘yishingiz, musulmonning-musulmondagi haqi deyilgan. Biz bu ishning o‘rniga boshqalarning yo‘lini to‘sib qo‘ymoqdamiz».

Sahibiddin Satimov suhbatimiz so‘ngida endi oila qurayotgan yoshlarga ham o‘z tavsiyalarini bildirib, ularga mustaqil hayotning ilk kunlaridanoq isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

«Yangi oila qurayotgan yoshlar ota-onalarining mas'uliyatini o‘ylasin. Oxirgi vaqtlarda ko‘r-ko‘ronalikka, narsalarning suratiga e'tibor qaratish jonlanib qoldi. Masalan, kelin-kuyov to‘ylarda onasining oyog‘ini ostiga yiqilgan, qo‘lini o‘pgan. Islom bunga buyurmaydi, balki ma'naviy mohiyatiga yetib borishga buyuradi. Endi ikki yoshning shunday kortejni qilishi ota-onasiga ziyonmi? To‘yxonada qo‘lini o‘pgani qayerda qoldi-yu, ota-onasining misqollab yiqqanini, ko‘chada birovdan la'nat eshitish hisobiga sarflashligi qayerda qoldi.

Birinchi tavsiyam, shunday bo‘lardiki, to‘yingizni, mustaqil hayotingizning birinchi kunidan o‘zgaga og‘irlik qilmang, birinchi kunidan imkon qadar yengillik tomonini oling. Zotan, Islom ham shunga buyuradi. Mana shunda hayotlari baxtga to‘ladi. O‘zga insonlarning ham jamiyatda namunali hayoti ko‘payadi», - deya so‘zini muxtasar qildi Sahobiddin Satimov.

Ko‘proq yangiliklar: