Ko‘rinmas ofat hushyorlikni talab qiladi – Shovot tumanidagi mahalla aholisi termitlardan aziyat chekmoqda

Jamiyat 20:28 / 09.09.2019 41356

Termitlar – chumoliga o‘xshash mayda, yashirin hayot kechiruvchi, ko‘zga ko‘rinmas, zararkunanda hasharotlar, yog‘och materiallar, kitoblar, qog‘ozlarning kushandasi, dunyo iqtisodiyotiga har yili milliardlab dollar zarar yetkazuvchi ko‘rinmas armiya. Insoniyat termitlar bilan uzoq yillardan beri kurashib kelmoqda. Biroq, tashabbus goh u tarafga, goh bu tarafga o‘tsa-da, bu jangning yakuni ko‘rinmayapti. Termitlar O‘zbekistonda ham bor va bugungi maqolamizda ular bilan bog‘liq muammoni bayon qilamiz.

Xorazm viloyati, Shovot tumani markazidagi «Istiqbol» mahallasi aholisi termitlardan aziyat chekayotgani haqida Kun.uz tahririyatiga shikoyat qilishdi.

Mahalla hududiga yaqin bo‘lgan «Arab bobo» qabristonidan ko‘chib o‘tayotgan zararli hasharotlar 10 yildan buyon uy-joylarga, qurilmalarga zarar yetkazmoqda. Odamlar imkon darajasida ularga qarshi kurashib kelmoqda va bu borada mahalliy hokimiyatdan yordam kutmoqda.

Termitlar yoki «oq chumolilar» yog‘och tarkibida bo‘lgan sellyuloza bilan oziqlanuvchi, yer ostida, uylarning devorlari ichida yashirin hayot kechiruvchi hasharotlardir. Ular binolardagi yog‘och ustunlar va to‘sinlarni ichidan yeb bitiradi. Shu tufayli ular tashqaridan go‘yo zararlanmagandek ko‘rinadi, ammo ichidan g‘ovak holatga kelib qoladi. Bu esa tomlar qulab tushishiga, pollar o‘pirilib ketishiga olib keladi. Termitlar har qanday uy yoki qurilmani yaroqsiz holatga keltirishga, vayronaga aylantirib qo‘yishga qodir. Ular ochiq havoga chiqmaydi, loy va tezagidan uy, yo‘lak qurib olib, uning ichida yashaydi va harakatlanadi. Termitlar shunisi bilan xavflidir. Yashirin tarzdagi hayot ularning o‘z vaqtida aniqlanishiga to‘sqinlik qiladi.

«Istiqbol» mahallasi aholisi 2009 yildan boshlab termitlar bilan bog‘liq muammoga duch kelganini va buni suv tanqisligi bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Mahalla hududiga suv yetkazib beradigan ariq bir necha fermer xo‘jaliklari hududidan o‘tadi. Tabiiyki, mahalla aholisi tomorqa yerlarini fermerlardan suv ortib qolgan paytda sug‘oradi. 2009 yilda yuz bergan qurg‘oqchilik natijasida mahalladagi tomorqalar sug‘orilmay qolgan va tuproq namligi kamaygan. Mahallaga juda yaqin bo‘lgan «Arab bobo» qabristonidagi yog‘och materiallarni yeb bitirgan termitlar esa bundan foydalanib, yer ostidan yaqin atrofdagi uylarga ko‘chib o‘tgan.  

Termitlardan eng ko‘p zararlangan uy O‘ktam Bobojonov oilasiga tegishli. 2013 yilda termitlar uyning uchta xonasi shiftidagi va polidagi yog‘ochlarini yeb bitirgan. Shundan so‘ng, avariya holatiga kelib qolgan uyning bir qismidagi yog‘och ustunlar, to‘sinlar, pollar olib tashlangan va yoqib yuborilgan. Shovot tumani hokimligi oilaga yangi uy qurishda yordamlashish maqsadida, ba'zi qurilish materiallarini yetkazib bergan bo‘lsa-da, hozircha Bobojonovlar oilasi avariya holatidagi uyda yashab kelmoqda.

Hozirgi kunda «Istiqbol» mahallasida termitlardan zararlangan 14ta uy borligi aniqlangan. Ularning orasida Galiya Ishchanova va Baxtiyor Abdiyev xonadonlari ham bor. Ularni ko‘zdan kechirib, termitlarning izlari borligiga guvoh bo‘ldik.

Agar termitlar binoga kirib olgani aniqlansa, ularga qarshi faqat insektitsidlar, zaharli kimyoviy vositalar bilan kurashishga to‘g‘ri keladi. «Istiqbol» mahallasi aholisi 2015 yildan beri Xorazm viloyati Dezinfeksiya stansiyasi bilan hamkorlikda uy-joylariga kimyoviy ishlov berib kelmoqda.

Qayd qilish joizki, uy-joylarni dezinfeksiya qilish murakkab va noqulay jarayondir. Dastlab uydagi barcha buyumlar va jihozlar tashqariga olib chiqiladi. Oyna va eshiklar zich yopiladi, mo‘rilar va boshqa teshiklar berkitiladi. Shundan so‘ng zaharli kimyoviy vosita bilan ishlov beriladi. Bu uyga kamida uch kun davomida kirish taqiqlanadi. Odamlar bu vaqt davomida uydan tashqarida yashashga majbur bo‘ladi. Uch kundan keyin barcha oyna va eshiklar ochilib, xonalar shamollatiladi. Shundan keyin buyumlar va jihozlar uyga olib kiriladi. Bunday tajribani boshidan o‘tkazgan aholi kimyoviy vositalarning badbo‘y hidi bir necha kungacha tarqalmay turishi, bu esa sog‘liq uchun ham zararli ekanini aytmoqda. Shu tarzda uylar yiliga 1-2 marta dezinfeksiya qilinmoqda.

Shovot tumani hokimligining 2016-2018 yillar davomida Obodonlashtirish boshqarmasi, O‘simliklarni himoya qilish markazi, Xorazm viloyati Dezinfeksiya stansiya bilan hamkorlikda termitlardan zararlangan qabriston va uylarga kimyoviy ishlov berish uchun turli preparatlar olib berilgani, mahallaga ariq qazilib, oqar suv bilan ta'minlangani haqidagi ma'lumotnomalar bor.

Biroq 2019 yilda bu ishlar amalga oshirilmagan. Termitlarning ko‘payish va migratsiya qilish davri bo‘lgan aprel oyida mahalla aholisi o‘z kuchi va mablag‘iga tayangan holda, hashar yo‘li bilan har kuni «Arab bobo» qabristonida termitlarning uyalariga kimyoviy ishlov berish, dorilash bilan shug‘ullanishgan.

Hozirgi vaqtda «Arab bobo» qabristonidagi termitlar kamaygani kuzatilmoqda. Biroq, bu xotirjamlikka berilishga asos bo‘lolmaydi. Chunki yer ostida yashaydigan hasharotlar ma'lum vaqt o‘tgach yana yuzaga chiqmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Ularni urug‘i bilan qirib bitirishning yo‘li hozirgacha ma'lum emas.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshidagi Zoologiya instituti ma'lumotiga ko‘ra, termitlarning faol harakati ob-havo sharoitiga bog‘liq bo‘lib, harorat 20 darajadan yuqori bo‘lganda ular bilan kurashish yetarli samara bermaydi. Shuning uchun ham ularga qarshi mart oyining so‘nggi haftalari, aprel va oktabr oylarida, ya'ni migratsiya (ko‘chib yurish) faolligi oshganida kurashish shart.

«Istiqbol» mahallasi aholisi termitlarga qarshi kurashda yordamga muhtoj. Odamlar o‘z uylariga kimyoviy ishlov berish xarajatlarini baholi qudrat ko‘tarishyapti. Ammo «Arab bobo» qabristoni muntazam nazorat ostiga olinishini istashmoqda. Juda katta hududga ega qabristonga kimyoviy ishlov berish uchun katta moliyaviy mablag‘, ishchi kuchi va vaqt talab qilinadi. Bu esa mahalla aholisining yelkasiga og‘irlik qilmoqda.

«Arab bobo» qabristonidan 100 metr uzoqlikdan temir yo‘l o‘tgan, 200 metr uzoqlikda esa katta un kombinati ishlab turganiga e'tibor qaratilishini istar edik. Termitlar bu hududlarga yetib olmasligiga, temir yo‘lning yog‘och shpallarini, un kombinati omborlari, sexlaridagi materiallar, mahsulotlarni yeb bitirmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bunday holatda iqtisodiy va ijtimoiy zarar qanday ko‘lamda bo‘lishini tasavvur qilish qiyin.

Termitlar uyalarining o‘chog‘i bo‘lmish «Arab bobo» qabristoni doimiy nazoratga olinishi, yaqinlashib kelayotgan oktabr oyida esa ularning uyalariga faol kimyoviy ishlov berilishi lozim. Bu ishni yilda ikki marta – aprel va oktabr oylaridan muntazam amalga oshirishni muhim vazifa sifatida belgilab qo‘yish kerak. Bu bilan ham termitlar urug‘ining to‘liq qirib bitirilishiga kafolat yo‘q, ammo ko‘payib, tarqalib ketishining oldini olish mumkin.

Mahalla hududini ariqdan oqar suv bilan ham yaxshi ta'minlash zarur. Agar yerlar sug‘orilsa, tuproq namligi saqlanib turilsa, termitlar yer ostidan migratsiya qilolmaydi. Bundan tashqari, odamlarning tomorqasida ekin unadi, iqtisodi yaxshilanadi.

Albatta yer ostida yashayotgan, ko‘zdan yiroq bo‘lgan termitlarga qarshi kurashish uchun sarflanayotgan katta mablag‘lar xuddi havoga sovurilgandek ko‘rinishi mumkin. Ammo ko‘zga ko‘rinmas bu armiyaning imkoniyatlariga bepisandlik bilan qarash, yetarli tarzda baho bermaslik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Tarixda termitlar tufayli butun boshli mahallalar boshqa hududlarga ko‘chirib yuborilgan holatlar ham kuzatilgan.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: