“GTA bandasi” a'zolariga chiqarilgan umrbod qamoq jazosi hukmlari o‘z kuchida qoldi

Jahon 21:56 / 09.09.2019 20811

Rossiya oliy sudi “GTA bandasi”ning 5 a'zosiga chiqarilgan jazo hukmlarini tasdiqladi. Jumladan, jinoiy to‘daning 4 a'zosiga Moskva oblastida haydovchilarga hujum qilish va qotilliklar uchun umrbod qamoq jazosi tayinlangandi. Sud barcha apellyatsiyalarni rad etib, jinoyatchilarga nisbatan avvalroq chiqarilgan jazo hukmlarini yumshatish uchun sabab topmagan. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar berdi. 

2018 yil avgustda to‘da a'zolari – Sherjon Qodirov, Anvar Ulug‘murodov, Umar Hasanov, Hazratxon Dodoxonov alohida tartibdagi koloniyada umrbod qamoq jazosini o‘tashga, Zafarjon G‘ulomov esa qat'iy tartibdagi koloniyada 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Bunday hukmlarni Moskva viloyati sudi chiqargan. U ayblanuvchilarni qotillik, banditizm, qurolni noqonuniy aylantirish, bosqinchilik, shaxsiy hujjatlarni o‘g‘irlash va suiqasd qilish moddalari bo‘yicha aybdor deb topgandi. Sudda ayblanuvchilar ijtimoiy xavfli shaxslar ekani va insonlar hayotiga befarqlik bilan munosabatda bo‘lganlari ta'kidlab o‘tilgan. 

Endi ushbu qaror kuchga kiradi.

2019 yil iyulda sud Hazratxon Dodoxonovga 2017 yil 1 avgustda sud binosida soqchilarga hujum qilgani uchun yana 20 yillik qamoq jazosi tayinlagan. O‘shanda sudlanuvchilar qochishga urinishgan. Tergov xulosasiga ko‘ra, sudlanuvchilar Dodoxonov, Xodik Subxonov, Fazlitdin Hasanov, Mirzomavlon Mirzosharipov va Abdumuqim Mamadchonov ikki soqchiga hujum qilib, ulardan qurolni tortib olgan. So‘ngra boshqa soqchilarni o‘qqa tutib, qochishga urinishgan. Yuz bergan otishma oqibatida 3 sudlanuvchi voqea joyida, yana biri shifoxonada bir necha kundan keyin o‘lgan, Dodoxonov tirik qolgan.

“GTA bandasi” a'zolari 2012-2014 yillar davomida Moskva oblasti yo‘llarida haydovchilarga hujum qilishgan. Ular haydovchilarni yo‘lning kimsasiz joyida to‘xtashga majbur qilib, so‘ngra o‘ldirishgan va ularga tegishli buyumlarni o‘g‘irlab ketishgan. Tergov versiyasiga ko‘ra, to‘da tarkibida kamida 15 markaziy osiyolik bo‘lgan va ular kamida 15 ta bosqinchilikni, 17 ta qotillikni amalga oshirishgan.

Ko‘proq yangiliklar: