Apple 10 sentyabrda uchta yangi iPhone’ni taqdim qiladi

Fan-texnika 23:40 / 09.09.2019 23742

Apple kompaniyasi 10 sentyabrda “Stiv Jobs nomidagi teatr”da belgilangan tadbirda yangi modeldagi uchta iPhone’ni va yana boshqa yangi qurilmalarini tavdim qiladi.   

Appleinsider saytida ma'lum qilinishicha, kompaniya smartfonlarga yangi nom berishda uzoq o‘ylab o‘tirmay, oxirgi modelida qo‘llagan X rim raqamidan keyin odatiy raqamlarga o‘tishga qaror qilib, yangi qurilmalarini  iPhone 11 (yangilangan XR), iPhone 11 Pro va iPhone 11 Pro Max deb nomladi.

Toshkent vaqti bilan soat 22:00da boshlanadigan taqdimot “Innovatsiyalar tufayligina” (By Innovations Only) deb nomlangan.

Ma'lum qilinishicha, yangi iPhone’larning Pro-versiyalari uch kamerali (zum, standart va keng burchakli) bo‘ladi. Ulardan har birining suratga olish qobiliyati 12 Mpni tashkil qiladi. 

Har uchala obektiv bir vaqtda suratga oladi, yangi dasturiy ta'minot esa suratni avtomatik korreksiya qiladi. Yangi tizim professional kameralar darajasida yuqori sifatli suratlar olishga imkon beradi. Yorug‘langanlik past darajada bo‘lganda suratga olish sifati yaxshilanadi.

Foto: Twitter\MarcRumos

Selfi-kamera 12 Mpgacha oshiriladi. Yangilangan yuzni tanish tizimi Face ID smartfon egasini har tomondan taniy oladi. Endi smartfonni blokdan chiqarish, xabar yozish uchun uni yuz oldiga olib kelish shart bo‘lmaydi.

Smartfonlardan kutilayotgan yana bir funksiya AirPods quloqchini yoki Apple Watch soatini smartfon orqasiga qo‘yib simsiz quvvatlash hisoblanadi. Shuningdek, yangi ayfonlar korpusi mustahkamroq va suvga chidamliroq bo‘ladi. 

Smartfonlar yangilangan OLED-ekranlar oladi. Ularda ekranni bosish kuchini o‘lchovchi 3D Touch texnologiyasi yangi Haptic Touch texnologiyasiga almashtiriladi.

iPhone XR vorisi qo‘sh kamera oladi. Barcha smartfonlar A13 protsessorida ishlaydi. Yangi ayfonlar 5G tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlamaydi, bunday imkoniyat 2020 yilgi modellardagina paydo bo‘ladi.

Shuningdek, kompaniya iPad Pro’ning yangi modellarini va maktablar uchun hamyonbop iPad’ni namoyish qiladi. Planshetlar modernizatsiyalangan kameralar va tezkor protsessorlar oladi. 

Kompaniyaning aqlli soatlari biroz yangilanib, watchOS 6 operatsion tizimi va titan hamda keramikadan ishlangan yangi korpuslar oladi.

Shuningdek, yangi 16 dyuymli MacBook Pro noutbuklari taqdim qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: