Tramp Kobuldagi teraktdan keyin Afg‘oniston prezidenti va “Tolibon” bilan uchrashuvni bekor qildi

Jahon 08:14 / 08.09.2019 10502

AQSh prezidenti Donald Tramp Kobuldagi teraktdan keyin Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani va “Tolibon” harakati yetakchilari bilan 8 sentyabrga belgilangan uchrashuvini bekor qildi hamda Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralarda ishtirokdan voz kechdi. 

5 sentyabrda Kobulning NATO qarorgohi, AQSh elchixonasi va hukumat binolari joylashgan Shosh Darak tumanida portlash sodir etilgandi. Hujum oqibatida 12 kishi, jumladan bir amerikalik va bir ruminiyalik harbiy halok bo‘lgan. Ushbu terakt uchun javobgarlikni “Tolibon” o‘z zimmasiga olgan.

Trampning ta'kidlashicha, u Afg‘oniston prezidenti va toliblar yetakchilari bilan o‘zining Kemp-Deviddagi qarorgohida uchrashmoqchi bo‘lgandi. 

“Nima uchun buncha ko‘p odam o‘ldirishadi – muzokaralarda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlash uchunmi? Ular bunga erishmadilar, aksincha o‘zlariga yomonroq qildilar. Ular bu muhim muzokaralar vaqtida o‘t ochishni to‘xtatishga kelisha olmasalar va hattoki 12 nafar begunoh odamni o‘ldirishga borsalar, ular ko‘rinishicha kattaroq kelishuvga erishishga qodirmaslar. Ular yana necha o‘n yillab jang qilmoqchilar?”, deb aytgan Tramp.

Qatarda AQSh va “Tolibon” o‘rtasida o‘tgan oxirgi muzokaralarda kelishuv imzolangandan keyin AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondagi 5 ta bazani 135 kun ichida tark etishiga kelishib olingandi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: