«Chelsi» futbolchisi tungi klubda do‘pposlandi

Sport 14:36 / 08.09.2019 18897

«Chelsi» yarimhimoyachisi, ayni vaqtda «Byornli» klubiga ijaraga berilgan Denni Drinkuoter Manchester shahridagi tungi klublardan biri yaqinida do‘pposlandi. Bu haqda The Sun nashri xabar bermoqda.

Haddan tashqari mast bo‘lib qolgan futbolchi «Skantorp Yunayted» futbolchisi Kgosi Ntlega hamrohlik qilgan qizga tegajog‘liq qila boshlagan.

«Yigitcha, menga baribir, u men bilan birga ketadi», — degan Drinkuoter futbolchiga qarata. Ntle undan o‘zi va hamrohini tinch qo‘yishni so‘raganida, «Chelsi» havbeki unga tashlanib qolgan.

Futbolchilar o‘rtasida janjal kelib chiqqach, qo‘riqchilar Drinkuoterni ko‘chaga olib chiqib tashlashgan, keyin unga birdaniga 6 kishi hujum qilgan.

«Qaysidir pallada u yerga quladi va g‘ujanak bo‘lib yotib oldi, ular esa uning to‘pig‘iga sakrab baqirishdi: «Oyog‘ini sindiringlar». Hujum qilganlar u Premer-liga yulduzi ekanini, oyog‘i uning hayoti uchun muhimligini bilishardi. Hammayoq qon bo‘lib ketdi, bu juda yomon manzara edi», — deydi voqeaga guvoh bo‘lgan manba.

O‘tgan haftada «Chelsi» va «Byornli» klublari Drinkuoter to‘pig‘idagi jarohat tufayli ma'lum vaqt davomida maydonga tusha olmasligini ma'lum qilishgandi. Ammo bu klublarning bayonotida jarohat sababi keltirilmagandi.

O‘sha hujum natijasida futbolchining boldir suyagi bo‘g‘imi uzilgan, yuzi, yelkasi va qo‘lidan jarohat olgan. Shuningdek, uning lunji yorilgan, ko‘zining osti ko‘kargan.

O‘sha vaziyatda politsiya chaqirilmagan. Drinkuoterga qilingan hujumga Ntlening aloqadorligi to‘g‘risida ma'lumot yo‘q.

Futbolchining tiklanib safga qaytishi uchun kamida to‘rt hafta muddat talab qilinadi.

Ayni vaqtda 29 yoshda bo‘lgan Denni Drinkuoter — 2016 yilda «Lester» safida Angliya chempioni, 2018 yilda «Chelsi» safida Angliya Kubogi g‘olibi bo‘lgan, Angliya terma jamoasiga nomzod hisoblanadi. Joriy mavsumda u «Byornli»ning bir o‘yinida ishtirok etdi.

Ko‘proq yangiliklar: