Samarqandning Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida tunnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgich qurilishi boshlandi

Jamiyat 18:26 / 07.09.2019 15225

Bugun Samarqand shahrining Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari kesishmasida tunnel qurilishiga start berildi. Mazkur tunnel «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Ko‘prikqurilish» tresti UK tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Qurilishga tamal toshi qo‘yish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov, Samarqand viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari A.Shukurov ishtirok etishdi.

Qayd etib o‘tish kerakki, mazkur ko‘chalar kesishmasi Samarqand shahrining eng tig‘iz chorrahalaridan bo‘lib, aeroportdan shaharning markaziy qismiga o‘tishda muhim rol o‘ynaydi. Bu yerda transport yechimini me'yorga keltirish juda dolzarb masala bo‘lib turgan edi.

Tunnel Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kelgan avtomobil chorrahada doiraviy harakat bilan Ro‘dakiy ko‘chasiga tushib oladi. Ro‘dakiy ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan tramvay yo‘li ham tunnel ostidan o‘tadi. Ko‘rinishicha, mazkur transport yechimi qurilishi davrida 2-yo‘nalishdagi «Temiryo‘l vokzali — Siyob bozori» tramvayining qatnovi ham vaqtincha to‘xtatilib turadi.

Loyihalarga ko‘ra, tunnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 534 metr bo‘ladi. Tunnel qismining uzunligi 93 metrga yetadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kengligi 6 metr, balandligi 3 metr bo‘lgan piyodalar yer osti o‘tish yo‘lkasi ham qilinadi.

Qurilishda 14750 kub metr yig‘ma va monolit temirbeton ishlatiladi. Bunda, 7375 tonna sement, 3130 tonna armatura, 78,5 tonna metall prokat ishlatiladi. Qurilish-montaj ishlarining qiymati 67 mlrd 730 mln so‘mni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: