Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari ishtirokida qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlarni tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, hisob-kitob-kliring palatasining investitsiya vositachilari bilan o‘zaro munosabati hisob-kitob-kliring xizmati to‘g‘risidagi shartnoma va savdolar tashkilotchisining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish bitimlari bo‘yicha buyurtmalardagi narxlar faqat O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasida ko‘rsatiladi.
Norezident qimmatli qog‘ozlar oluvchisi qimmatli qog‘ozlar qiymatini milliy valutadagi pul mablag‘lari bilan, chet davlatdan pul mablag‘lari kelib tushganda esa chet el valutasida ham to‘lashga haqli.
Qimmatli qog‘ozlarga doir bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar “to‘lovga qarab yetkazib berish” prinsipi asosida amalga oshiriladi.
Chet el valutasidagi pul mablag‘larining hisobini yuritish va saqlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatuvchi bankda ochiladigan investitsiya vositachisining alohida hisobvarag‘ida amalga oshiriladi.
Norezidentlar ishtirokida chet el valutasida qimmatli qog‘ozlarning oldi-sotdi bitimlari bo‘yicha hisob-kitoblar va to‘lovlar naqd pulsiz shaklda, shu jumladan bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Norezidentlar – yuridik shaxslar uyushgan savdolarda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish (sotish) uchun O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida hisobvaraqlar ochish va chet el valutalarini sotib olish (sotish) huquqiga ega.
Investitsiya vositachisi mijoz – norezident bilan tuzilgan shartnomaga asosan tijorat banklariga mijoz – norezident nomidan va hisobidan chet el valutasini sotib olish (sotish)ga buyurtmalar berish huquqiga ega.
Jismoniy shaxsning pul mablag‘larini qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun investitsiya vositachisining alohida hisobvarag‘iga o‘tkazishda, to‘lov topshiriqnomasining “To‘lovchining nomi” ustunida jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi to‘liq ko‘rsatiladi, to‘lov agentlik tarmog‘i orqali to‘lovlarni amalga oshirish hollari bundan mustasno.
Jismoniy shaxs pul mablag‘larini investitsiya vositachisining alohida hisobvarag‘iga o‘tkazish uchun to‘lov topshiriqnomasidagi “To‘lov maqsadi” ustunida pasport seriyasi va nomeri, investitsiya vositachisi bilan tuzilgan shartnomaning sanasi va nomeri ko‘rsatilishi kerak, to‘lov agentlik tarmog‘i orqali to‘lovlarni amalga oshirish hollari bundan mustasno.
Investitsiya vositachisi va uning mijozi ular tomonidan to‘lov topshiriqnomasida ko‘rsatiladigan malumotlarning to‘g‘riligi, ishonchliligi va to‘liqligi uchun javobgar bo‘ladi.
Investitsiya vositachisi uning alohida hisobvarag‘iga mazkur Nizom talablari buzilgan holda o‘tkazilgan mijozning pul mablag‘larini ular kelib tushgan kundan etiboran uch bank kuni mobaynida qaytarishga majbur.
Mijoz tomonidan ariza berilganda, shuningdek pul mablag‘larini deponentga qo‘yilgan kundan e'tiboran 90 kalendar kuni mobaynida bitimlar amalga oshirilmagan taqdirda investitsiya vositachisi pul mablag‘larini, shu jumladan foydalanilmagan qoldiqni uch bank kuni mobaynida bunday pul mablag‘larini o‘zining alohida hisobvarag‘idan mijozning tegishli bankdagi hisobvarag‘iga o‘tkazish yo‘li bilan qaytarib berishga majbur.
Agar investitsiya vositachisining mijozi investitsiya vositachisining alohida hisobvarag‘iga pul mablag‘larini qo‘shimcha deponentga qo‘ysa, pul mablag‘lari qoldiqlarini deponentga qo‘yish muddati qayta deponentga qo‘yilgan pul mablag‘larning muddatiga tenglashtiriladi.
Xizmat ko‘rsatuvchi bankdagi investitsiya vositachisining alohida hisobvarag‘idagi chet el valutasidagi pul mablag‘larini deponentga qo‘yish muddatini uzaytirish mijozning investitsiya vositachisiga yozma murojaati asosida amalga oshiriladi.