Moliya vazirligi Toshkent viloyati misolida ilk bor «Fuqarolar uchun budjet» nashrini taqdim etdi

Iqtisodiyot 10:52 / 07.09.2019 7774

Moliya vazirligi ilk bora O‘zbekiston Respublikasi hududlaridan biri – Toshkent viloyati misolida “Fuqarolar uchun budjet” axborot nashrini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati aholi soni jihatidan beshinchi o‘rinni egallagan holda O‘zbekistonda hududiy jihatdan sakkizinchi, sanoat ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi, yalpi hududiy mahsulot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi.

Toshkent viloyati hududidan mamlakatning bir qancha yirik korxonalari – Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, O‘zbekiston metallurgiya kombinati (Bekobod sh.), hamda «Angren» erkin iqtisodiy zonasi faoliyat yuritmoqda ushbu erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarish va tarmoqlararo klasterlar tashkil qilinmoqda. Yuksak ishlab chiqarish salohiyatining mavjudligi sababli hudud O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetining muhim daromad manbasi hisoblanadi.

Axborot nashrida Toshkent viloyatida yig‘iladigan soliqlarni, respublika budjetidan ajratiladigan ijtimoiy transfertlarning qanday taqsimlanishi, qaysi budjet tashkilotlari viloyat budjetidan va qaysilari tuman, shahar budjetlaridan moliyalashtirilishini ko‘rish imkoniyati mavjud.

Bildirilishicha, 2019 yilda Toshkent viloyati budjeti daromadlari 3 169,0 mlrd. so‘mni tashkil etadi. Toshkent viloyati budjeti daromadlarining deyarli uchdan ikki qismi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JShDS), QQS va aksizlar hisobiga olinadi. Ushbu soliqlar 2019 yilda Toshkent viloyati budjeti daromadlarining asosiy o‘sishini ta'minlaydi. 

Toshkent viloyati budjeti daromadlarida JShDS, QQS va aksizlar tushishi ulushi 2018 yilda 25,3 foizni tashkil etganligini ko‘rish mumkin, 2019 yilda esa ushbu soliqlar tushumlari viloyat budjeti umumiy daromadlarining 63,7 foizini tashkil etishi kutilmoqda. 

Yillik aylanmasi (foydasi) 1 mlrd. so‘mga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tkazish hisobiga yagona soliq to‘lovi tushumlarini deyarli 4 baravarga kamaytirgan holda yer solig‘i, aksiz solig‘i va QQS tushumlari oshishi kutilmoqda. 10 ta eng yirik soliq to‘lovchilar Toshkent viloyati mahalliy budjeti daromadlarining 50 foizidan ortig‘ini ta'minlaydi. Toshkent viloyati budjeti daromadiga tushumlarning 30 foizini ta'minlaydigan «Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati» (OTMK) AJ eng yirik soliq to‘lovchi hisoblanadi. 

Tumanlar va shaharlar bo‘yicha viloyat budjeti umumiy daromadining 30 foizidan ortig‘i (1 928,8 mlrd. so‘m) Olmaliq shahridan tushadi. Eng past ulushlar (0,7 foiz yoki 122,2 mlrd. so‘m) Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq va Bo‘ka tumanlariga to‘g‘ri keladi. 

2019 yilda Toshkent viloyati budjeti xarajatlari 3 169 015 mln. so‘mni tashkil etadi, bu esa 2018 yilga nisbatan 153 foizga ko‘pdir. 2019 yilda ijtimoiy-madaniy tadbirlar va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun xarajatlar 2 685 437 mln. so‘m tashkil etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: