Rossiya markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilova saylovlar oldidan hujumga uchradi

Jahon 21:41 / 06.09.2019 9695

6 sentyabrga o‘tar kechasi Rossiya markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilovaga uning Moskva viloyatidagi uyida hujum qilindi. Bu haqda Rossiya ichki ishlar vazirligi xabar qildi. 

Pamfilovaning uyiga niqobda bo‘lgan erkak kirib, unga bir necha marta elektroshoker bilan zarba berib, voqea joyidan yashiringan. Ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ta'kidlanishicha, Pamfilova hujum oqibatida jarohat olgan. U “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida tanasida lat yeyish va tirnash jarohatlari qolganini ma'lum qilgan.  

Pamfilovaning aytishicha, u dastlab qo‘rqib ketgan va bosqinchini bor kuchi bilan ura boshlagan, so‘ngra stul olib, uni qattiq ovoz bilan koyishni boshlagan. Shundan keyin bosqinchi qochib ketgan. Uning aytishicha, bosqinchi unga elektroshoker bilan bir necha marta zarba bergan. 

Pamfilovaning ta'kidlashicha, bosqinchi baland bo‘yli, oriq kishi bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, Pamfilova bosqinchini mushugiga eshikni ochish uchun tashqariga chiqqanda ko‘rib qolgan.

Rahbar ayol bu haqda ma'lum qilishni istamagan. Biroq uning fikricha, ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati u yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslar qatoriga kirgani sababli bu haqda xabar qildi.

Markaziy saylov komissiyasi rahbari hujum na uni, na komissiyani 8 sentyabrdagi saylovlar oldidan tushkunlikka tushira olmasligini va ular “to‘liq shay holatda” bo‘lishlarini aytgan.

8 sentyabrda Rossiyada yagona saylovlar kuni bo‘lib o‘tadi. Bir qator regionlarda gubernatorlar, parlament hamda mahalliy saylovlar bo‘lib o‘tadi. Jumladan, noroziliklarga sabab bo‘layotgan Moskva shahar dumasiga deputatlar saylanadi.

Ayni vaqtda Pamfilova davlat tomonidan qo‘riqlanuvchi shaxslar qatoriga kirmaydi. Hujumdan keyin unga qo‘riqchilarni biriktirib qo‘yish taklifi bildirildi.

Ko‘proq yangiliklar: