Texnikumlar bitiruvchilari suhbat orqali oliy ta'lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi

O‘zbekiston 20:18 / 06.09.2019 111130

Prezidentning Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni imzolandi. 

Farmonga muvofiq, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasida Ta'limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta'lim dasturlari joriy etiladigan ta'lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi.

Hujjat bilan: 

Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta'lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta'lim muassasalari ro‘yxati; 

Xalqaro tasniflagichning 4-darajasiga mos keluvchi ta'lim dasturlari asosida o‘rta professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta'lim muassasalari ro‘yxati;

Xalqaro tasniflagichning 5-darajasiga mos keluvchi ta'lim dasturlari asosida oliy ta'lim tizimi bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan, oliy ta'lim muassasalari huzurida faoliyat yuritadigan ta'lim muassasalari ro‘yxati;

Kasbga o‘qitish markazlarini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimiga o‘tkaziladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati;

Oliy ta'lim muassasalari quvvatlarini oshirish, istiqbolda xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati;

Oliy ta'lim muassasalarining ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun beriladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati;

Binolari umumiy o‘rta ta'lim muassasalari sifatida foydalaniladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati tasdiqlansin.

Mazkur farmon bilan quyidagilar belgilab qo‘yildi: 

a) boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim muassasalariga Xalqaro tasniflagich bo‘yicha asosiy ta'lim dasturlaridan tashqari quyi darajadagi ta'lim dasturlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash huquqi beriladi;

b) tizimda mos ravishda boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta'lim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional ta'lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi;

v) kasb-hunar maktablarida:

kadrlar tayyorlash umumta'lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hisobidan shakllantirilgan guruhlarda 2 yillik umumta'lim va mutaxassislik fanlarining integratsiyalashgan dasturlari asosida kunduzgi ta'lim shaklida amalga oshiriladi;

ta'lim olayotgan o‘quvchilar Davlat budjeti hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida oylik stipendiya hamda uch mahal ovqat bilan ta'minlanadi. Bunda, kasb-hunar maktablari o‘quvchilarini uch mahal ovqat bilan ta'minlash yoki mazkur ovqat pullarini ularga to‘lab berish huquqiga ega;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

g) kollejlarda:

kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3-darajasiga mos ta'lim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida ta'lim olish” prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

d) texnikumlarda:

kadrlar tayyorlash Xalqaro tasniflagichning kamida 3 yoki 4-darajasiga mos ta'lim dasturlarini tamomlagan, “Hayot davomida ta'lim olish” prinsipi asosida kamida umumiy o‘rta ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar hisobidan shakllantirilgan guruhlarda kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yildan kam bo‘lmagan muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta'lim shakllarida davlat buyurtmasi hamda to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;

o‘rta maxsus ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha kirish imtihonlarisiz yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta'lim muassasalarida 2-kursdan o‘qishini davom ettirish huquqiga ega bo‘ladi;

joriy saqlash, faoliyatni yuritish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash va kadrlar tayyorlash xarajatlari tegishli vazirlik, idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari, o‘quvchilarni davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar hamda konunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

ye) kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarga idoraviy bo‘ysunuvidan qat'i nazar o‘quv-metodik rahbarlik qilish hamda bu sohada davlat siyosatini yuritish Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Farmonga muvofiq, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta'lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tugatiladi. 

Mazkur o‘quv-ishlab chikarish majmualari tugatilishi hisobiga bo‘shaydigan mablag‘lar professional ta'lim tizimini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: