O‘zbekistonda ilk bor ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha innovatsion o‘quv-simulyatsion markaz ochiladi

Jahon 00:25 / 06.09.2019 9449

Bugungi kunda davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlashga katta e'tibor qaratilmoqda. Doktor “Maqsudova DMC” klinikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda xalqaro standartlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Markaziy Osiyoda birinchi marta ko‘z mikrojarrohligi bo‘yicha simulyatsion amaliy o‘quv markazi ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Loyihaning maqsadi ko‘z mikroxirurgiyasi bo‘yicha mutaxassislarni jahon standartlari darajasida tayyorlashning innovatsion usulini joriy etishdan iborat. Trening Germaniya tomonidan ishlab chiqarilgan Eyesi VRMAGIC simulyatsion apparatida amalga oshiriladi.

– Mazkur loyiha respublikamizdan tashqariga chiqmasdan ko‘z mikroxirurgiyasi mutaxassislarining sifatini oshirish imkoniyatini beradi, – deydi DMC klinikasi direktori Zulfiya Maqsudova. — Treninglardan so‘ng operatsiyadan keyingi asoratlar ikki baravar pasayadi, natijada ko‘rish bo‘yicha nogironlik holatlari yuzaga kelishi kamayadi. Mazkur markazimiz o‘z faoliyatini boshlaganidan so‘ng biz yiliga o‘z kasbini mukammal egallagan 50 nafar mutaxassis yetishtirib berishga erishamiz. Yurtimizda oftalmoxirurg mutaxassislarini tayyorlashning raqobatbardosh tizimi yaratiladi, maxsus kompyuter dasturi yordamida muayyan jarrohlik muolajalarini o‘tkazish uchun mutaxassislarga ruxsat berish jarayonining obektiv tizimi joriy etiladi.

Hozirda mamlakatimizda eng keng tarqalgan operatsiyalardan biri — katarakt fakoemulsifikatsiyasi bilan shug‘ullanadigan oftalmoxirurglar tayyorlash darajasi qoniqarsiz ekanligi kuzatilmoqda. Masalan, 2017 yili O‘zbekistonda 40 000 taga yaqin katarakt xirurgiyasi amalga oshirildi. Bu 1 000 000 aholi uchun 825 ta operatsiya deganidir, ya'ni mamlakatning yillik ehtiyojining 24.5% ni tashkil etadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda katarakt fakoemulsifikatsiyasi bilan shug‘ullanadigan 11 nafar yuqori malakali mutaxassis mavjud. Respublika bo‘yicha 150 000 fakoemulsifikatsiyaga muhtoj bemorlar borligini inobatga olsak, mana shu yuqori malakali mutaxassislar o‘z imkoniyatlaridan maksimal foydalangan holda yiliga jami 10 000 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazishlari mumkin.

Dunyoda katarakt fakoemulsifikatsiyasi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashning yana ikki turi mavjud: birinchisi — WetLab tizimi bo‘lib, unda ma'ruza va seminarlar shaklidagi nazariy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi hamda hayvonlarning ko‘zlarida amaliy ko‘nikmalar shakllantiriladi. Biroq hayvonlarning ko‘zlari inson ko‘zlaridan keskin farq qiladi, mutaxassislar hayvonlarning ko‘zlarida o‘rtacha 20 ta operatsiyani amalga oshiradi xolos. Mazkur tizim tizim Rossiya Federatsiyasi, Yevropa va Qozog‘istonda qo‘llaniladi.

Ikkinchisi — nazariy mashg‘ulotlar ma'ruza va seminarlar shaklida o‘tkaziladi, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash ishlari esa bevosita bemorlarning ko‘zlarida amalga oshiriladi. O‘z navbatida, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar uchun ta'lim berayotgan jarrohning o‘zi javob beradi. Bunda mustaqil operatsiyalar soni 30 tani tashkil etadi. Ushbu ta'lim usuli Hindistonda qo‘llaniladi, odatda noqonuniy hisoblanadi.

Yuqorida keltirilgan usullar bo‘yicha ta'lim olgan shifokorlarga ta'lim olgani haqida sertifikatlar beriladi, lekin bu ularning kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘lganini tasdiqlamaydi.

Hindistonda ikki haftalik trening kamida 6 ming AQSh dollariga teng. Yevropadagi ikki haftalik trening esa o‘rtacha 10 ming AQSh dollarini tashkil etadi.

Oftalmoxirurg shifokorlarini tayyorlashning jahon standarti bo‘lgan Eyesi by VRMAGIC tizimidan foydalangan holda O‘zbekistonda innovatsion o‘quv-simulyatsiya markazining tashkil etilishi tibbiyotning mazkur yo‘nalishini rivojlantirishga katta turtki beradi.

Ushbu loyihaning noyobligi Markaziy Osiyo mamlakatlarida ilk bor oftalmologik innovatsion o‘quv-simulyatsiya markazini tashkil etish imkoniyatidir.

Ushbu sohadagi yetakchi xorijiy oftalmologiya markazlari bilan tajriba almashish va ko‘proq odamlarga oftalmologiya sohasida tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari ham markazning alohida jihatlaridandir.

Eyesi by VRMAGIC jarrohlik simulyatori maxsus ko‘z modeli, jarrohlik asboblari emulyatorlari to‘plami, mikroskop emulyatori hamda mikroskop va jarrohlik tizimini nazorat qiluvchi oyoq pedallari bilan jihozlangan. VRMAGIC tibbiy simulyatorlaridan foydalanish orqali mutaxassislarni tayyorlash sifati oshadi, jarrohlik asoratlari kamayadi. Ta'lim olish va ko‘nikmalarni mustahkamlashga kamroq vaqt va mablag‘ sarflanadi. Kafedra yoki klinikaning faoliyati muvaffaqiyatli kechishiga salmoqli hissa qo‘shadi.

Ko‘proq yangiliklar: