Kokorin va Mamayev ozodlikka chiqariladi

Sport 12:16 / 06.09.2019 15560

«Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamayev sud qaroriga ko‘ra ozodlikka chiqadigan bo‘ldi.

Avvalroq advokatlar futbolchilarni shartli ravishda ozod qilish haqida sudga iltimosnoma kiritishgan edi. 6 sentabr kuni Moskva shahrida o‘tkazilgan sud mahkamasida bu iltimosnoma qanoatlantirildi.

Rossiya qonunchiligiga asosan sud hukmi 10 kundan keyin kuchga kiradi. Shu tufayli Kokorin va Mamayev 17 sentabr kuni Belgorod viloyatidagi qamoqxonadan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kokorin va uning ukasi Kirill, Mamayev va uning do‘sti Aleksandr Protasovitskiy 2018 yil 8 oktabr kuni Moskva markazida 2ta mushtlashuvda ishtirok etib, Minpromtorg mulozimi Denis Pak va haydovchi Vitaliy Solovchukni do‘pposlashgan edi.

8 may kuni Moskvaning Presnya sudi aka-uka Kokorinlarni 1 yilu 6 oy, Mamayev va Protasovitskiyni 1 yilu 5 oylik qamoq jazosiga mahkum qildi. Futbolchilarning oktabr – noyabr oylarida ozodlikka chiqishi kutilayotgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: