Kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi joriy qilinadi

Iqtisodiyot 12:50 / 06.09.2019 1900

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi Agentlik tomonidan davlat boshqaruv organlari va qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari faoliyatida kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil qilish va uning kapital bozorini rivojlanishiga ta'sirini baholash orqali amalga oshiriladi.

Agentlik kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etishni Agentlik tizimdagi mavjud ichki va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4127-son qaroriga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 avgustdagi 650-son “O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi huzuridagi Kapital bozorini rivojlantirishga ko‘maklashish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” gi qaroriga asosan vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan tashqi ma'lumotlarga, veb sahifalari va ijtimoiy tarmoqlardan olingan axborotlarga asosan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiradi:

a) O‘zbekiston Respublikasining “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Birja va birja faoliyati to‘g‘risida”gi va “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 9 iyuldagi 308-son “Qimmatli qog‘ozlar bozorida kasbiy faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, 2003 yil 16 iyuldagi 314-son “Lotereyalar tashkil etish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2002 yil 15 noyabrdagi 396-son “Pul-buyum lotereyalari o‘tkazishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari hamda kapital bozorini tartibga solishga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning davlat boshqaruv organlari va qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari tomonidan buzilganligini;

b) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil yoki uning devonining hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari bilan kelishmagan holda tekshiruv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida o‘tkaziladigan nazorat-tekshiruvlarda, ushbu tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan kapital bozoriga oid huquqbuzarlik sodir etilganligini;

g) kapital bozori sub'yektlari tomonidan kapital bozorini tartibga solishga oid normativ-huquqiy hujjatlarning buzilganligi aniqlangan holatlar yuzasidan Agentlik tomonidan chiqarilgan bajarilishi majburiy bo‘lgan xulosalar va ko‘rsatmalarning;

d) qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar o‘tkazilishining to‘g‘riligini;

ye) qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirayotgan investorlar, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ta'minlanganligini;

yo) xorijiy emitentlarning qimmatli qog‘ozlari O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlar bozoriga muomalaga qo‘yilishi qoidalari hamda kvotalariga rioya etilganligini;

j) mamlakat kapital bozorining holati va uning professional ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan investorlar va jamoatchilik keng xabardor qilinganligini;

z) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan aynan bir kapital bozori sub'yektlari faoliyatidan noroziligi haqidagi murojaatlarni va boshqa yo‘nalishlarni tahlil qiladi.

Agentlik mazkur Nizomda belgilangan yo‘nalishlarga asosan kapital bozori sub'yektlari faoliyatini to‘liq tahlil qiladi hamda yakuniy natijalarni ularning kapital bozorini rivojlanishiga ta'siridan kelib chiqib kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfi darajasini baholaydi.

Kapital bozoriga oid huquqbuzarlik xavfi darajasini baholash natijalariga ko‘ra kapital bozori sohasiga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi quyidagi uch toifaga bo‘linadi:

a) kapital bozori sohasiga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan holatlar;

b) kapital bozori sohasiga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi o‘rtacha bo‘lgan holatlar;

v) kapital bozori sohasiga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasi past bo‘lgan holatlar.

Agentlik tomonidan kapital bozori sub'yektlari faoliyatini tekshirish tashabbusi bilan chiqish tegishli kapital bozori sub'yektlari tomonidan kapital bozoriga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan kelib chiqib, tekshiruvni tashabbus qilishni nazarda tutuvchi xavfni tahlil etish va baholash natijalari asosida amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: