Prezident MOQ qoshidagi sport tibbiy markazini tanqid qildi. U Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi

Sport 15:51 / 05.09.2019 3992

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 sentabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. 

«Milliy Olimpiya qo‘mitasi qoshidagi Respublika sport tibbiy markazi faoliyati va uning mutaxassislari malakasi zamonaviy sport tibbiyoti talablariga javob bermasligini ta'kidlash zarur. Ushbu Sport tibbiyot markazining aniq moliyalashtirish manbasi bo‘lmagani sababli, faqat bir nechta olimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoalarga xizmat ko‘rsatib, qolgan vaqtda aholiga pullik xizmat ko‘rsatish bilan mashg‘ul bo‘lib qolgan. 

Bu esa, o‘z navbatida, milliy terma jamoalar zaxirasidagi sportchilarni chuqurlashgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga va sog‘lig‘ini doimiy nazoratda ushlab turishga xalaqit bermoqda. Shuni hisobga olib, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Moliya vazirligi (Qo‘chqorov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Milliy Olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov) bir oy muddatda, Respublika sport tibbiy markazini Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tasarrufiga o‘tkazish hamda aniq moliyalashtirish manbalarini belgilash bo‘yicha tegishli qaror loyihasini kiritsin.

Jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyati ham qoniqarsiz ahvolda. Ushbu Markaz tomonidan sport turlari, jumladan olimpiya sport turlari bo‘yicha hakam (sudya)larni tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan amaliy ishlar tashkil etilmagan. Shuningdek, mazkur Markaz xalqaro sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va yirik sport tashkilotlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ymaganligi oqibatida, terma jamoalar bilan ishlaydigan trenerlar va boshqa mutaxassislarning saviyasi va bilimi bugungi kun talablariga javob bermaydi. Bundan tashqari, ilg‘or innovatsion texnologiyalar, metodikalar va sport ilmiy yutuqlarini joriy etish bilan hech kim shug‘ullanmayapti.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (Nabiyev), Milliy Olimpiya qo‘mitasi (Shoabduraxmonov), Jismoniy tarbiya va sport universiteti (Boltabayev) sport federatsiyalari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Markazda yuqori malakali trenerlar, hakamlarni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari va metodologiyasini yangilash, sportchilarning tayyorgarlik jarayoniga ilg‘or innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin», - deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: