Olis yo‘l Quddusdan boshlanadi. Falastinni yengish qanchalik zarurligi haqida

Sport 13:54 / 05.09.2019 30488

Bugun, 5 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00da O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2022 saralash o‘yinlariga kirishadi. O‘z tarixidagi eng mashhur murabbiy Ektor Kuper qo‘l ostida saralashni boshlaydigan O‘zbekiston milliy jamoasi bahslarni Falastinga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. Musulmon olami uchun muqaddas shaharlardan hisoblangan Quddusda o‘tadigan o‘yin saralashning qanday kayfiyatda o‘tishini belgilab beradi, shu bois bu o‘yindagi g‘alaba juda muhim.

O‘zbekistonning guruhdagi asosiy raqobatchisi Saudiya Arabistoni jamoalar soni toq bo‘lgani bois birinchi turni o‘tkazib yuboradi. O‘zbekiston guruhdagi dastlabki uchta o‘yinda Falastin, Yaman va Singapur bilan kuch sinashadi. O‘zbekiston bu o‘yinlardan yo‘qotishsiz o‘tsa, Saudiyaga qarshi o‘yinda o‘zini ancha erkin his qilishi mumkin.

5-turda guruhning markaziy o‘yini Toshkentda o‘tkaziladi. Saudiya Arabistoni vakillari shu kuni O‘zbekistonda mehmon bo‘ladi. O‘z maydonida asosiy raqibini mag‘lub etish imkoniyati yuqori bo‘lgan Kuper jamoasi saralashning birinchi davrasidayoq yaqqol yetakchilikni qo‘lga olishi mumkin. Bu tomondan qur'ada Kuper jamoasining omadi kelgan.

Falastinga qarshi o‘yin juda muhimligi bilan bir qatorda juda murakkab ham hisoblanadi. Chunki o‘zbekistonlik futbolchilar hali hech qachon Falastinda futbol o‘ynamagan. O‘zbekiston turli darajadagi o‘yinlarda Falastin bilan uch marta to‘qnashib (3:0, 3:0, 1:0), umumiy 7:0 hisobida g‘alaba qozongan, ammo Falastin mezbonligidagi bitta o‘yin ham Qatarda o‘tkazilgan. Falastin futbolchilarimiz uchun yangi maydon. Falastin deganda futbolchilarning ham ko‘z oldiga katta ehtimol bilan televizorda ko‘rsatilgan G‘azo sektori haqidagi lavhalar keladi. Bir so‘z bilan aytganda, raqib bizdan har qancha kuchsiz bo‘lmasin, begona maydonda o‘ynash oson bo‘lmaydi.

Mehmonda bizdan kuchsiz jamoalarga qarshi o‘yinlarda ham milliy jamoa qiyinchlikka uchraganiga ko‘p misollar keltirish mumkin. JCh-2014 saralashi doirasidagi Tojikistonga qarshi mehmondagi o‘yinda Abramov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi Maksim Shatskixning yagona goli evaziga g‘alaba qozongandi. Maks o‘shanda maydonning holati sabab penaltini amalga oshirishga qiynalgan, darvozabon uning zarbasini dastlab qaytargan va qaytgan to‘pni Shatskixning o‘zi golga aylantirgandi. O‘sha o‘yinda qiyinchilik bilan g‘alabaga erishilgandi.

Yoki JCh-2018 saralashidagi Suriya bilan bahsni eslang. Neytral maydonda o‘tgan o‘yinda Babayan murabbiyligidagi jamoa o‘zidan ancha kuchsiz raqibga 0:1 hisobida yengiladi. O‘sha saralash bosqichidagi Xitoydan uchralgan mag‘lubiyatni muxlislar hamon qabul qila olishmaydi. Bunday o‘yinlarga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Bunday o‘yinlardagi muvaffaqiyatsizliklarni esa bir jihat bog‘lab turadi: xotirjam harakat qilmaslik. Kuper milliy jamoaga kelganidan so‘ng jamoa o‘yinlarida aynan xotirjamlik ko‘rina boshladi. Muxlislar ham kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarni yurak hovuchlamay ko‘rishga odatlanishdi. Bugungi o‘yindagi ishonchli g‘alaba esa futbolchilarning ishonchini yanada mustahkamlashi tayin.

Kuperning o‘zi ham bu o‘yin qanchalik muhim ekanini sezib turibdi. Shu bois, argentinalik murabbiy bugungi o‘yinga asosiy tarkibni tushirishini kutsak bo‘ladi. Yuqorida Falastin bizga u yerda o‘ynamaganimiz uchun xavfli deb aytdik, ammo bu jamoadan maydonda ham xavf kutish mumkin. Chunki Falastinda AQSh, Tunis, Shveytsariya va Ispaniyaning turli darajadagi chempionatlarida o‘ynaydigan futbolchilar bor. Mamlakatdagi siyosiy inqiroz sabab ko‘plab falastinliklar boshqa davlatlarga ko‘chib ketgan va o‘sha yerlarda ulg‘aygan futbolchilar bugun tarixiy vatanlari sharafini himoya qilishadi. Shuning uchun raqibni mensimaslik yaramaydi...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: