O‘zbekiston JCh-2022 saralash o‘yinida Falastinga yutqazdi

Sport 20:56 / 05.09.2019 76787

Quddus yaqinidagi Ar-Rom shahrida JCh-2022 saralashidan o‘rin olgan Falastin hamda O‘zbekiston milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘yin yakunlandi.

Osiyo saralash siklining «D» guruhidan o‘rin olgan o‘yinda O‘zbekiston 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Oday Ibrohim hamda Islom Batran kiritgan gollar Falastinga g‘alaba keltirdi.

O‘yinning 8-daqiqasida Falastinning o‘ng qanotdan amalga oshirgan hujumi xavfli chiqdi. Qanotdan oshirilgan uzatmani Eldor Suyunov kichik sarosimadan so‘ng ushlab oldi. 12-daqiqada Shomurodov jarima maydonchasi yaqinida to‘pni egallab olib hujum boshladi. Hujum Odil Hamrobekovning kuchsiz zarbasi bilan yakunlandi.

16-daqiqada Mahmud Va'diy katta tezlikda oldinga bordi va Yegor Krimets bilan kurashda g‘olib bo‘lib, darvozaga yaqinlashdi, ammo hakam Krimetsga qarshi qo‘pollik bo‘lganini qayd etdi. 20-daqiqada Falastin xavfli hujumni amalga oshirdi. Jarima maydonchasi tashqarisidan tepilgan to‘pni boshqa bir falastinlik futbolchi Oday Ibrohim darvozaga yo‘lladi va Eldor Suyunov qiyinchilik bilan to‘pni egallab oldi.

22-daqiqada mezbonlar yana bir xavfli hujumni amalga oshirdi. Tamer Seyyamning kuchli zarbasini Suyunov qaytardi, ammo qaytgan to‘pga ham falastinlik futbolchi yetib bordi. Oday Ibrohimning akrobatik zarbasi biroz noaniq bo‘ldi. 29-daqiqada O‘zbekiston milliy jamoasi o‘yinlagi ilk xavfli zarbasini amalga oshirdi. Quvondiq Ro‘ziyevdan to‘pni qabul qilib olgan Odil Ahmedov chap oyoqda to‘pni darvozaga yo‘lladi, ammo zarba noaniq bo‘ldi.

33-daqiqada O‘zbekiston yana bir chiroyli hujumni amalga oshirdi. Odil Ahmedovning juda aniq uzatmasini himoyachilarni chalg‘itib darvozaga yaqinlashgan Ikrom Aliboyev to‘pni bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ammo zarba noaniq bo‘ldi. 35-daqiqada falastinliklar belgilangan jarima zarbasini tezda amalga oshirib, Oday Ibrohimni zarba pozitsiyasiga olib chiqishdi. Hujumchining zarbasi kuchsiz bo‘ldi.

45-daqiqada O‘zbekiston bo‘limdagi oxirgi hujumini uyushtirdi. Odil Ahmedovning zarbasi himoyachiga tegib maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Burchak zarbasidan so‘ng to‘p Aliboyevga kelib tushdi va uning kuchsiz zarbasini darvozabon ushlab oldi.

49-daqiqada Odil Ahmedov juda qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Quvondiq Ro‘ziyevning ko‘krak bilan to‘xtatib bergan to‘pini jamoa sardori 3-4 metr uzoqlikdan darvozaga yo‘llay olmadi.

51-daqiqada Jaloliddin Masharipov juda chiroyli harakat qildi va to‘pni qanotdagi Farrux Sayfiyevga qoldirdi. Ammo Sayfiyev hujumni yo‘qqa chiqardi. 55-daqiqada Falastin xavfli hujum uyushtirdi. Mezbonlar 3 kishi bo‘lib oldinga borishdi, ammo yakuniy zarba noaniq bo‘ldi.

60-daqiqada o‘yinda hisob ochildi. Falastin qarshi hujumda tezkorlik bilan oldinga bordi va qanotdan darvozaga yaqinlashgan Oday Ibrohim olis burchakni aniq nishonga oldi.

84-daqiqaga kelib Falastin yana bitta gol urdi. Zaxiradan maydonga tushgan Islom Batran qanotdan rivojlangan hujumni bosh bilan golga aylantirdi.

JCh-2022 saralash o‘yini
«D» guruhi
1-tur
FALASTIN — O‘ZBeKISTON 2:0

Gol: Oday Ibrohim (60), Islom Batran (84).
Ar-Rom. «Faysal al-Husayniy» stadioni
Falastin: Muhammad Rashid, Yosir Hamid, Musab Battat, Tamer Seyyam, Oday Ibrohim Dabbah (Ismoil Batran, 82), Abdulloh Jobir, Abdulatif Albahdari, Mahmud Va'di, Natmi Albadavi, Rami Hamada, Muhammad Darvish.

O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Davron Hoshimov, Yegor Krimets, Anzur Ismoilov, Farrux Sayfiyev, Odil Hamrobekov, Odil Ahmedov, Quvondiq Ro‘ziyev (Doston Hamdamov, 61), Ikrom Aliboyev, Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov.

Ogohlantirishlar: Tamer Seyyam, Muhammad Darvesh (60) — Yegor Krimets (30).

 

Ko‘proq yangiliklar: