2019 yil 26-30 avgust kunlari "O‘zRTXB" AJda o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi turli yo‘nalishlar bo‘yicha shakllanib bordi.
Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 2 518,0 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi va sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi tovarning bir tonnasi uchun 6 385,4 ming so‘mni, uning boshlang‘ich narxi esa – 6 216,4 ming so‘mni tashkil etdi.
AI-91 rusumli benzinning haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan jami 0,2 %ga o‘sdi. Birja savdolari davomida AI-91 rusumli avtobenzinini sotib olish uchun buyurtmalar yuridik shaxslar, shu jumladan yirik ishlab chiqaruvchi korxonalar, tadbirkorlik sub'yektlari va avtomobil yoqilg‘i quyish shoxobchalari tomonidan kelib tushdi.
O‘tgan haftada suyultirilgan gazni ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 7 769,7 mln so‘mlik 2 020,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 4 %ga o‘sib, bir tonna uchun 3 846,4 ming so‘mni tashkil etdi. Savdolarda xaridor sifatida suyultirilgan gazni sotish huquqini beruvchi litsenziyaga ega korxonalar qatnashdi.
Birja bozorining salmoqli qismini egallab turgan paxta tolasi ham muvozanatni saqlab kelmoqda. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (o‘rta klass)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 1,5 %ga pasayib, bir tonna uchun 12 918,3 ming so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 10 827,0 ming so‘mdan 13 974,6 ming so‘mgacha bo‘ldi. Birja savdolarida asosan paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega mahalliy to‘qimachilik korxonalari ishtirok etdi.