2019 yil II chorakdagi aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining inflyatsion kutilmalari e'lon qilindi

Iqtisodiyot 08:50 / 05.09.2019 6781

Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, joriy yilning II choragida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining qisqa muddatli inflyatsion kutilmalari apreldagi pasayishidan so‘ng oshish trendini hosil qildi, o‘rta muddatli kutilmalari esa sezilarli o‘zgarishlarsiz avvalgi darajasida saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda.

Xususan, respondentlarning yanvar-apreldagi kutilmalari pasayishiga qaramasdan, may-iyun davomida qisqa muddatli kutilmalarida xavotirlik kuzatildi. O‘rta muddatli istiqbolda esa respondentlarining aksariyati inflatsiyani avvalgi darajada saqlanib qolishini taxmin qilishmoqda.

Aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan milliy valuta almashuv kursining qadrsizlanishi, ish haqlarining oshishi, hamda 2019 yilning ikkinchi yarim yilligida kommunal xizmatlar narxlarining oshirilishi mumkinligi iqtisodiyotdagi narxlar o‘sishiga ta'sir qiluvchi asosiy omillar sifatida qayd etildi. Shuningdek, respondentlar javoblarida o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarga soliq bazasining kengaytirilishi ta'siri saqlanib qolishi ko‘rsatilgan.

Ta'kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida, milliy valutaning qadrsizlanishi 2,7 foizga teng bo‘lganligiga qaramasdan, aholi va tadbirkorlik sub'yektlari kutilmalarining ushbu omilga ta'sirchanligi yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

Joriy yilning II choragi mobaynida aholi tomonidan kelgusi 12 oyga kutilayotgan inflatsiyaning miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘suvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub'yektlarining kutilmalari pasayuvchi tendensiyani hosil qildi. Bu esa o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotdagi narxlar barqarorligiga bo‘lgan ishonch biznes vakillarida yuqoriroqligini ko‘rsatgan.

Ko‘proq yangiliklar: