Tramp shoshma-shosharligi tufayli maxfiy sun'iy yo‘ldoshni oshkor qilib qo‘ydi 

Jahon 22:25 / 04.09.2019 32748

AQSh prezidenti Donald Tramp maxfiy sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratni e'lon qilib, AQSh milliy xavfsizligini xavf ostiga qo‘ydi. Bu haqda “Forbes” nashri yozdi. 

Avgust oxirida Eronning fazoviy raketa uchirishi muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlanib, u portlab ketgan. Shundan ko‘p o‘tmay Tramp tvitterda voqea joyining sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratini joylashtirgan. AQSh prezidenti suratga qoldirgan izohida AQShning bu hodisaga aloqasi yo‘qligini va Eronga nima yuz berganini aniqlashda omad tilab qolishini aytgan. 

Trampning ushbu xabariga astronomlar surat yuqori aniqlikda bo‘lgani va yaqqol qandaydir razvedka qurilmasi tomonidan olingani sababli e'tibor qaratishgan. Ularning taxminiga ko‘ra, surat USA 224 ayg‘oqchi sun'iy yo‘ldoshi tomonidan olingan. 

Astronom Marko Langbruk surat olingan aniq vaqtni hamda azimutni aniqlab, simulyatorda suratning aniq nusxasini olishga muvaffaq bo‘lgan. “Juda kuchli o‘xshashlik, men bu surat USA 224’dan olinganiga shubha qilmayman”, deb yozgan astronom.

Boshqa bir astronom Sis Bassa hamkasbi haq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Uning ta'kidlashicha, ushbu sun'iy yo‘ldosh Yer sirtining 10 santimetrgacha bo‘lgan eng aniq suratlarini olishga qodir. Ta'kidlanishicha, sun'iy yo‘ldosh Xabbl teleskopi kabi 2,4 metrlik ko‘zguga ega.

Internetda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, USA 224 harbiy sun'iy yo‘ldoshi fazoga 2011 yil yanvarda uchirilgan, uning narxi 2 mlrd dollarni tashkil qiladi. U KH-11 optik-elektron ayg‘oqchi sun'iy yo‘ldoshlar guruhiga tegishli bo‘lib, bunday sun'iy yo‘ldoshlardan hammasi bo‘lib 16 ta uchirilgan.

“Bu global oqibatlarga olib keladi. O‘ta e'tiborsizlik. Tentaklarcha qilingan”, deb izoh bergan voqeaga yadro qurolini tarqatish bo‘yicha mutaxassis Joshua Pollak.

Uning aytishicha, Tramp milliy xavfsizlikni xavf ostiga qo‘ydi, chunki Vashington raqiblari Tramp oshkor qilgan ma'lumotlarni AQShga qarshi qo‘llashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: