To‘rtinchi sanoat inqilobiga qanday kadrlar kerak?

Iqtisodiyot 22:57 / 04.09.2019 19008

Ta'lim odamlarning ishga joylashishida ko‘maklashuvchi asosiy vosita. U ishga joylashuv infrastrukturasida foydalaniladigan qurilish blokiga o‘xshaydi. Ishga joylashish esa, o‘z navbatida, shaxsga moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lish va iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini beruvchi kuchdir.

Biroq to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida an'anaviy ta'lim uslublariga asoslangan ish tizimi zamonaviy texnologiyalar sabab ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.

Ayrim sanoat yo‘nalishlarida mazkur jarayon ta'sirida ishchi kuchiga bo‘lgan talab sezilarli darajada qisqardi. Bu tadbirkorlik faoliyati va ish bilan ta'minlash masalalarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini tug‘diradi.

Ta'lim va ishga joylashtiruv mexanizmini yaratish orqali odamlarni to‘rtinchi sanoat inqilobidan qo‘rqishga emas, balki bu jarayonda muvaffaqiyatli karera va biznes boshlashga ishontirish mumkin, deb yozmoqda weforum.org.

Ta'lim evolyutsiyasi (rivoji) nimaga bog‘liq?

An'anaviy ta'lim monodissiplinar xarakterga ega bo‘lib, odamlar o‘qishni davom ettirgani sari ixtisosligi ham torayib boraveradi. Natijada ular universitet, kollej yoki ta'lim dasturlari bergan bilimga asosan o‘zlari qiziqqan tor doiradagi sohada faoliyat yurita boshlaydi.

Shakllangan tushunchaga ko‘ra, ixtisoslik doirasi toraygani sari o‘sha soha vakillarining qadri shunchalik ortib boraveradi. Misol tariqasida aytish mumkinki, qaysidir yo‘nalishni chuqur biladigan shifokor umumiy amaliyot shifokoridan ko‘ra ko‘proq pul topadi. Xuddi shu qoida yana ayrim yo‘nalishlarga mos keladi. Lekin bu ta'limga qanday yondashishimiz kerakligini qayta o‘ylab ko‘rmaslikka turtki bo‘la olmaydi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi davrida shunday kadrlar kerakki, ular bitta yo‘nalishni mukammal darajada o‘zlashtirgan va o‘z mutaxassisligidan tashqari boshqa yo‘nalishlarga ham moslasha oladigan malakaga ega bo‘lishi zarur. Bu malaka bilan ular o‘z sohasida ham tajribalarini oshirib boraveradi.

Birgina misol, Jyeff Bezos – dunyoning eng boy kishilaridan biri. Mutaxassisligi kompyuter ilmi bo‘lgan Bezos Wall Street’da ishlagan uzoq muddat davomida bir qancha yo‘nalishlarda bilimga ega bo‘lib, keyinroq elektron tijoratda ham o‘zini sinab ko‘rgan. So‘ngra 1994 yilda mashhur Amazon’ni tashkil etgan.

Aytish joizki, Jyeff Bezos oldin ham kompyuter ilmi bo‘yicha ta'lim olgan bo‘lsa-da, internet dunyosini qaytadan o‘rganishga va o‘z bilimini boyitishga harakat qilgan. Natijada egallangan yangi bilimlar Bezosga uchinchi sanoat inqilobining yaxshi namunasi bo‘lgan Amazon’ni yaratishga yordam berdi.

Ta'limdan ishga yollanish bosqichiga o‘tish qanday yuz beradi?

To‘rtinchi sanoat inqilobidan foyda olish uchun inson doimiy ravishda malakasini oshirib borishi va yangi texnologiyalardan boxabar bo‘lishi lozim bo‘ladi. Yaxshi tarafi, bu inqilob o‘rganishni xohlovchilarga o‘zi imkon beradi. Google kabi qidiruv platformalari, Edx, Coursea kabi onlayn o‘quv kurslari va Youtube’ning turli videolari bilan ko‘pchilikning mushkuli oson bo‘lmoqda. Bitta ixtisoslik ishga ega bo‘lish imkonini cheklasa, ko‘ptarmoqlilik ularga moslashuvchan bo‘lishga yordam bermoqda.

Ya'ni texnologiya odamni chetga surishga emas, balki uning bandlik sohasida moslashuvchan bo‘lishiga ko‘maklashadi.

Uchinchi sanoat inqilobi davrida sanoat va ishga yollanish o‘rtasidagi bog‘liqlik

O‘tgan inqilob davrida ishlab chiqarishda avtomatlashtirish va kompyuterlashtirish jarayonining boshlanishi xuddi hozirgiday turli qo‘rquvlarni yuzaga chiqargan edi. Turli jurnal va gazetalarda «kompyuterofobiya» atamasi ko‘zga tashlanib qolgani ham shuning ta'sirida deb taxmin qilish mumkin.

Lekin jamiyat va biznesga texnologiyalarni moslashtirishdan asosiy maqsad samaradorlikni oshirish hamda tovar va xizmatlar xarajatlarini kamaytirishdangina iborat bo‘lgan. Bu esa o‘z-o‘zidan hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kerak edi.

Biroq uchinchi sanoat inqilobi davrida ko‘p ishchilar o‘z ish joyiga moslashish uchun kompyuter texnologiyalarini o‘rganishga va ma'lum bir darajadagi kompyuter savodxonligiga ega bo‘lishga harakat qilishga majbur bo‘lishdi.

To‘rtinchi sanoat inqilobining ham o‘ziga yarasha talablari bo‘lishi tabiiy. Chunki sanoat ishchi kuchiga ham talabni shakllantiradi.

Kelajak ishchilari biznesmen bo‘lishi kutilmoqda

Texnologiyalar va  biznes integratsiyalashuvi jarayonida odamlar maqsadiga tezroq erishmoqda.

Masalan, huquqshunos blockchain texnologiyalarini o‘rganish orqali turli smart shartnomalar tuzishi yoki ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kompaniyasi sahifasini ochib, piar qilish yo‘li bilan daromadini oshirishi mumkin.

Aytish mumkinki, biznesning tashkiliy strukturasi o‘zgarib borgani sari unda har bir xodimning roli ham kuchayib boraveradi. To‘rtinchi sanoat inqilobining asosiy talabi odamlarning biznesga moyilligini oshirishdan iborat. Biznes boshlash motivatsiyasi insoniyatni yangilikka o‘ch qiladi, kim uchundir ishlayotgan xodim endi sharoiti bundan-da yaxshiroq bo‘lishiga yoki o‘zi biznes boshlashga qiziqadi.

Agar oldinlari biznes katta tavakkal va katta sarf-xarajatga asoslangan bo‘lsa, hozir texnologiyalar taraqqiyoti ta'sirida odamlar osonroq va arzonroq yo‘llar bilan o‘z tovar va xizmatlarini sotishga erishmoqdalar.

Demak, ta'lim, ishga yollanish va biznes boshlash yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish orqali raqamli texnologiyalar ommalashgan ish muhitida ham o‘rin egallash mumkin.

Faqat bu borada odamlarga isloh qilingan ta'lim tizimidan bahramand bo‘lishga imkon berish har qachongidan zarurroqdir. 

Ko‘proq yangiliklar: