Saudiya Arabistoni sentabr oxiridan 51 davlatga turistik vizalar bera boshlaydi

Jahon 00:00 / 04.09.2019 10423

Saudiya Arabistoni 27 sentyabrdan xorijliklarga turistik vizalar berishni boshlamoqchi. Bu haqda Al Arabiya telekanali xabar berdi.

Sayyohlar vizani Saudiya Arabistoniga kelgach olishlari yoki internet orqali elektron ariza berib olishlari mumkin.  

Ta'kidlanishicha, vizalar 51 ta davlat fuqarolariga 90 kun muddatga beriladi. Uning qiymati 118 dollarni tashkil qiladi. Bu summaga majburiy tibbiy sug‘urta ham kiradi. Saudiya Arabistoni rasmiylari vizalarni onlayn tartibda rasmiylashtirish bir necha daqiqagina vaqt olishi va xorijliklarga viza olish uchun elchixonaga murojaat qilishlari talab etilmasligiga va'da berildi. 

Ayni vaqtda Saudiya Arabistoni 4 turdagi – mehnat, ishbilarmonlik, ziyorat va tashrif vizalarini beradi. 

OAVda Saudiya Arabistoni yaqin oylarda turistik elektron vizalarni bera boshlashi haqida ma'lumotlar paydo bo‘lib turadi. Bunday vizalar sinov rejimida 2018 yilda Formula E poygasi bosqichiga tashrif buyurganlarga berilgan. Gulf News nashri ma'lumotlariga ko‘ra, elektron vizalar Yevropaning Shengen kelishuviga kiruvchi davlatlari, AQSh, Avstraliya, Yaponiya, Janubiy Koreya, JAR, Bruney, Malayziya, Singapur va Tayvan fuqarolariga berilishi mumkin. Turistik vizalar beriladigan davlatlar yakuniy ro‘yxati hali to‘liq shakllantirilmagan va to‘ldirilmoqda.

Hozirda podshohlik hukumati turistik sohani rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. Mutaxassislarning fikricha, sayyohlik tarmog‘i iqtisodiyotni jadallashtirishga va energiya zaxiralari eksportidan kamroq tobe bo‘lishga turtki beradi. Saudiya Arabistoni 2030 yilgacha yiliga 30 mln kishi kelishiga intilmoqda. Hozirda bu raqam 16 mln kishini tashkil qiladi, lekin ular orasida sayyohlar yo‘q.  Biroq Saudiya Arabistoni yaqin orada turizmdan har yili 47 mlrd dollar olishni ko‘zlamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: