Samarqandda o‘ldirilgan itlar mojarosi: ularni kim va nima sababdan zaharladi?

Jamiyat 17:36 / 03.09.2019 45033

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘layotgan mavzu — Samarqand shahridagi mahallalardan birida itlar zaharlab o‘ldirilishi voqeasi bo‘lmoqda. Bu mavzu xonadonlarning birida o‘rnatilgan videokamerada qayd etilgan tasvirlar internetda tarqalgach muhokamalar markaziga chiqdi.

Gap shundaki, 29 avgust kuni noma'lum shaxslar «Istiqbol» mahallasidagi it boqiladigan uylarning eshiklari tagida margimush bilan zaharlangan sosiskalarni tashlab ketgan. Shuningdek, tasvirlarda zaharlanib, jon talvasasida qolgan itlarni ko‘rish mumkin.

Bugungi kunda qarovsiz itlarni tutish bilan joylarda obodonlashtirish boshqarmasi mutaxassislari shug‘ullanishadi. Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Pirmatov videodagi uylar oldiga zaharli ozuqa qo‘yayotgan odam ularning xodimi emasligini bildirdi. Shu bilan birga, boshqarma tomonidan itlarni zaharlash amaliyoti o‘tkazib turilishini ham tasdiqladi. Jumladan, Samarqandda o‘tkazilgan «Sharq taronalari» festivali oldidan shaharda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘nlab itlar zaharlab o‘ldirilganini ma'lum qildi.

«Ammo biz aholi punktida emas, ko‘proq dala, keng hududlar, qabristonlar kabi itlarni tutish qiyin bo‘lgan joylarda ularni zaharlashga majbur bo‘lamiz. Ba'zan aholi punktlarida ham qarovsiz itni tutish imkoni bo‘lmagan holatda uni zaharlashga to‘g‘ri keladi. Ammo bu nazorat ostida bo‘lib, agar it zaharli ozuqani iste'mol qilmasa, ularni yana qaytadan yig‘ishtirib olamiz», deydi shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimi.

Samarqand viloyati IIB videoda tasvirlangan, itlarni zaharlagan shaxs kim ekani hozircha noma'lumligini ma'lum qildi. Viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi mas'ullari esa itlarni o‘ldirish bilan shug‘ullanmasligi, aksincha, ularni davolash, ro‘yxatga olish va o‘z vaqtida emlab borish kabi vazifalar bilan shug‘ullanishini ta'kidladi.

Aslini olganda qarovsiz va daydi itlar masalasi o‘tgan oyda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham ko‘tarilgan. Viloyat uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, «2019–2022 yillarda Samarqand shahrini jadal rivojlantirish dasturi» doirasida Samarqand shahri 11ta hududga bo‘lingan. Ana shu hududlar rahbarlari ishtirokida joriy yil 1 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda shaharda daydi itlar ko‘payib ketgani hisobga olinib, viloyat hokimi tomonidan aniq topshiriq berilgan.

«Yig‘ilishda itlarni hisobga olish, tutish va maxsus joyga yetkazish topshirig‘i berilgan. Lekin hech kim «itlarni zaharlanglar, o‘ldiringlar», degan topshiriqni bergan emas», deyishdi boshqarma vakillari. Endilikda boshqarma rahbarligida barcha xonadonlarda saqlanayotgan uy hayvonlari hisobga olinadi, parvarishlar tartiblari tushuntiriladi.

Voqea sodir bo‘lgan hudud — Samarqand shahri, «Istiqbol» mahallasi oqsoqoli O‘ktam Hojiyevning ham fikrini eshitdik.

«So‘nggi bir necha yilda «snos»lar sabab qator xonadonlar boshqa hududga ko‘chirilgach, mahallada egasiz itlar nihoyatda ko‘payib ketdi. Hatto o‘zimiz ham mahalla profilaktika inspektori bilan birgalikda bir necha marta obodonlashtirish boshqarmasiga, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi vakillariga murojaat qilganmiz. Itlarning aholiga zarari tegayotgani bor gap», deydi u.

Shu mahalladagi surishtiruvimiz davomida o‘sha videoda tasvirlangan, darvoza oldida zaharli ozuqa qo‘yib ketayotgan shaxsning kim ekani aniqlandi. Samarqand shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimlaridan biri bu ishni shaxsan o‘zi amalga oshirganini ma'lum qilib bunga izoh berdi.

«Shaharda qarovsiz, daydi itlar soni nihoyatda oshib ketdi. Bu ham yetmaganidek, xonadonlarda saqlanayotgan itlar ham veterinar ko‘rigidan o‘tkazilmayapti. Fuqaroning o‘z itini vaqtida vaksinatsiya qilishi haqida-ku gapirmasak ham bo‘ladi. Ammo o‘zimiz xonadonlarga borib ham shu ishni amalga oshirolmayapmiz. Yoki uy egasi yo‘q, yoki tushunmaydi, hatto haqorat qilib qaytargan holatlar ham bor.

Veterinar ko‘rigidan o‘tmagan, qarovsiz hayvonlarning aholi salomatligiga xavfi aslida siz-u biz o‘ylagandan ham ko‘ra ko‘proq. Men bir-ikkita itni zaharlagan bo‘lsam, besh-olti odamning sog‘lig‘iga foyda keltirdim, deb o‘ylayman. Aslida qarovsiz itlarni vaqtida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tutib ketishi kerak. Ammo faqat bitta mashinaga ega obodonlashtirish xodimlari ham bu ishga ulgurmayapti», deydi shaharda itlarni zaharlashni tashkil etgan veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi xodimi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 iyuldagi «Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bog‘liq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 202-sonli qaroriga ko‘ra, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlarining taqdimnomasi bo‘yicha qarovsiz qolgan, shu jumladan egasiz va kasal hayvonlarni quturish joylarida, quturish kasalligi ko‘p uchrashi xavfi bo‘lgan epizootik hududlarda otib tashlashni tashkil etish Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Biroq, daydi itlarni zaharlab, kaltaklab — qiynab o‘ldirish haqida birorta hujjat yo‘q.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Samarqand shahrida daydi va qarovsiz itlar juda ko‘paygani bor gap. Ammo qonunchilikda egasi bor itlarni tutish, yo‘q qilish ko‘zda tutilmagan.

Yana bir gap: ma'lumotlarga ko‘ra, yaqindagina Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi ixtiyoriga aynan itlarni tutishda foydalanish uchun uchta «Damas» mashinasi berilgan. Ehtimol, endilikda itlarni shunchaki zaharlab, qiynab o‘ldirish o‘rniga, tutib ketish yo‘lga qo‘yilar?

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: