Polsha, Gdansk. Ko‘hna va yaqin 80 yillik tarix...

Light 18:20 / 03.09.2019 20701

Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi taklifi bilan bir guruh jurnalistlar Ko‘hna Qit'aning bu davlatiga maxsus safar – mediatur uyushtirdilar. Ikkinchi Jahon urushi boshlanganining 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan qator tadbirlarda dunyoning turli burchaklaridan mehmonlar tashrif buyurdilar. Ular safida bo‘lgan Kun.uz sayti vakili umuman Polsha safari xotiralari, dastlab tarixiy Gdansk shahri haqidagi taassurotlari bilan bo‘lishmoq niyatida.

Boy tarix

Gdansk (Dansig) shahri haqidagi dastlabki ma'lumotlar uzoq 997 yilga borib taqaladi. Ko‘hna tarixi davomida bu shahar bir necha davlatlar, qirolliklar tasarrufida kirgan, hatto ma'lum muddat alohida va mustaqil shahar maqomida ham bo‘lgan.

Tarix bu shaharning har bir binosida, hamma ko‘chalarida va oddiy yo‘laklarida ham aks etib turadi. Aynan mana shu shaharda insoniyat tarixidagi eng og‘riqli davri – Ikkinchi Jahon urushi boshlangan.

Noyob me'morchilik

Bu shahar azaldan savdo nuqtalaridan biri, madaniy markaz bo‘lib kelgan. Har bir inshoot, turar-joylaridan tortib madaniy-maishiy binolargacha o‘ziga xos va takrorlanmas. Lekin ming afsuski Ikkinchi Jahon urushi bombardimonlarida shahar butkul vayron qilinadi, markaziy qismi kuyib kultepaga aylanadi. Yetti asrdan ortiq qurilgan biri-biridan chiroyli binolar uch kun davomida uzluksiz alanga ichida qoladi.

Urush yakunlanganidan so‘ng bu inshootlar qayta tiklanadi. Ammo bugun Gdanskka tashrif buyurgan mehmon bu binolar XX asrda qurilganini payqamaydi ham. Chunki har burchakdan boy tarix ufurib turadi.

Dengiz, daryolar va baliqli xushta'm taomlar

Gdanskning markaziy ko‘chasi bo‘lgan Dlugi Targ bo‘ylab yurish Motlava daryosiga olib chiqadi. Bu yerda qayiqlar bilan daryoda sayr qilish, yoki sohil bo‘yidagi ayvonli restoranlarda dengiz mahsulotlaridan tatib ko‘rish mumkin. Ko‘pchilik oshxonalarda baliqlarni mijozning ko‘z o‘ngida qovurib berishadi.

Gdansk aholisi xushchaqchaq, mehmondo‘st va haddan ortiq to‘g‘riso‘zdirlar. Ular har bir sayyohga yordam qo‘lini cho‘zishga shay turishadi.

Ko‘proq yangiliklar: