Neymar Parijda qoldi. Transfer ertagi keyingi yozda davom etadi

Sport 11:30 / 03.09.2019 15450

Yozning eng shov-shuvli transfer afsonasi yakunlandi. Barcha tomonlar norozi bo‘lsa-da, Neymar faoliyatini «PSJ»da davom ettiradigan bo‘ldi.

2017 yil avgustida minglab fanatlar futbol transferi mo‘jizasini ko‘rish uchun Parij ko‘chalariga chiqishgandi. Sayyoraning eng mashhur futbolchilaridan biri bo‘lgan Neymar rekord narx evaziga «Pari Sen-Jyermen»ga o‘tgan, shayxlar uning uchun 222 million yevro to‘lashgandi. O‘shanda bu transfer uddalab bo‘lmas ishdek ko‘ringandi, bu bolalar ertaklarining ro‘yobga chiqishi edi, go‘yo. Bu ertakka hatto UYeFA ishongandi: ishondi va  — moliyaviy feyr-pley uchun jamoani jazolamadi, garchi «PSJ» doiradan chiqib ketgan bo‘lsa-da. Mo‘jizaga faqat shayxlar ishonishmagandi. Ular har ehtimolga qarshi Neymarning shartnomasiga axloq bo‘yicha alohida bandlar kiritishdi. Braziliyalik futbolchi odobli bola bo‘lishi, jamoada guruhbozlik qilmasligi, fanatlarga hamisha jilmayib qarashi va hech qanaqasiga «Pari Sen-Jyermen» klubi imijiga zarar keltirmasligi kerak edi.

Lekin Neymar xuddi «Barselona»ga sadoqat uchun bonuslarni oqlamaganidek, parijliklar klubida ham bunday bonuslarga munosib bo‘lmadi.

Jarohatlar va ziddiyatlar
Neymar diqqat markazida bo‘lishi kutilgandi va shunday bo‘ldi ham. Ammo shayxlar istaganidek emas. Parijdagi ikki yil mobaynida braziliyalik futbolchi hakamlarni so‘kdi, muxlislar bilan janjallashdi, boshqa jamoa futbolchilari bilan ham jiqqamusht bo‘ldi. U o‘zini asosiy penaltist qilishni talab qilib parijliklar klubi kiyim almashtirish xonasidagi muhitni ham buzdi. Klub futbolchilari har safar raqib darvozasi tomon jarima zarbasi belgilanganda g‘amgin holga tushib, Kavani va Neymar to‘p uchun qanday talashayotganini kuzatishardi. O‘yinlardan keyin esa braziliyalik futbolchi matbuotda o‘zini tushunmayotganliklari haqida jar solardi. Bundan tashqari, uning qiliqlari joniga tekkan raqiblar maydonda tez-tez Neymarning oyoqlariga tepishardi. Oqibatda — ko‘p sonli jarohatlar tufayli u parijliklarning o‘yinlarining uchdan bir qismida ishtirok etmadi.

Qatorasiga ikki mavsumda klub Neymarsiz Chempionlar ligasini tark etdi. Bu 2016 yilda braziliyalik futbolchi «Barselona» tarkibida o‘ynab, «PSJ»ni turnirdan chiqarib yuborganidan ko‘ra xunukroq manzara edi. Axir shayxlar «Manchester Yunayted»ga yutqazib turnirdan chiqib ketish yoki hamisha cho‘loqlanib yuradigan Neymarga katta maoshlar to‘lash uchun loyihaga katta pullar tikishmagandi.

Ikkinchi transfer ertagi
«Barsa» prezidenti Xosep Bartomeu «darbadar o‘g‘il»ning qaytishiga qarshi emasligini yashirmadi. Lekin muammo narxda emasdi, gap shayxlarning kataloniyaliklar bilan munosabatida edi: Chempionlar ligasidagi 1:6 hisobi tufayli Nosir Al-Xelayfi «Barsa»ning so‘zlarini eshitishni ham istamasdi. Qolaversa — Neymarning qaytishi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish ochiqchasiga o‘z xatosini tan olish hisoblanardi. Bunday qadam shayx uchun tahqiromuz holat bo‘lardi. Ammo muzokaralardan qochishning imkoni yo‘q edi: braziliyalik futbolchi tinmay to‘polon qilar, hayotidan norozilik bildirardi, intervyularidan birida esa haligacha YeChLda «PSJ» ustidan qozonilgan tarixiy g‘alaba haqida iliq xotiralarni eslab turishi haqida gapirdi. Uning bu darajadagi noshukrligi va surbetligidan keyin, Parij istamaygina muzokaralarga kirishdi.

Neymar familiyali futbolkalar klub atributikalari do‘konidan yig‘ishtirib olindi, braziliyalik futbolchi esa klub o‘yinlariga zayavka qilinmadi. Parij o‘z futbolchisini qayerga bo‘lsa ham sotishga tayyor edi, ammo «Barselona» eng istalmagan variant edi. Braziliyalik futbolchi uchun kurashga orada «Real» ham qo‘shildi, ammo madridliklar yozgi transferlar uchun 300 million yevrodan ortiq mablag‘ sarflab bo‘lishgan va endi 200 millionlik transferga imkoniyat yo‘q edi, shuning uchun qiziqishlar muzokaralar stoligacha yetib bormadi. Bundan tashqari, «Real» bir yildan keyin parijliklarning boshqa yulduzli futbolchisi Mbappeni sotib olishni rejalashtirgan va agar Neymar hozir xarid qilinsa, «PSJ»dan keyin boshqa futbolchisini olish oson bo‘lmasdi. Shu tariqa, «Barsa» o‘zining sobiq futbolchisi uchun yagona da'vogarga aylandi.

Muzokaralar davomida ayon bo‘ldiki, «Barselona» arab shayxlari kabi moliyaviy resurslarga ega emas. Neymar uchun ikki yil muqaddam olingan pullarni katalonlar o‘shandayoq Koutino va Dembele uchun sovurib yuborishgandi. «Sovurish» so‘zi bu o‘rinda o‘rinli, chunki ikki transfer ham o‘zini oqlamadi. Lekin «Barselona»da keraksiz futbolchilar bor edi va Bartomeu ularni almashishni taklif qildi.

Shayxlar Bartomeu navbatma-navbat taklif qilgan Rakitich, Koutino va Dembelega ishonqiramay qarashdi va Neymarni ularga almashtirishni istashmadi. Parijga moliyaviy feyr-pleyga rioya etilishi uchun katta pul ham kerak edi. Qolaversa, Al-Xelayfi uchun kataloniyaliklar transfer uchun ikki yil muqaddam parijliklar sarflagan puldan kam bo‘lmagan pul to‘lashi muhim edi. Bu boradagi farq xuddi Chempionlar ligasi pley-offidagi ortiqcha bir gol kabi muhim edi. Kim ko‘proq olsa — o‘sha yutadi, kim kamroq olsa — o‘sha yutqazadi. Mag‘rur shayx bir raqibga ikkinchi marta yutqazishni istamasdi.

Muzokaralar transferlarning so‘nggi kunlarida faol bosqichga chiqdi: Bartomeu Neymarni keyingi yil yozida 170 million yevroga sotib olish huquqi bilan bir yilga ijaraga olib, Parijga Dembele, Rakitich, Todiboga qo‘shib ma'lum miqdordagi pul bermoqchi bo‘ldi (muzokaralar davomida bu raqamlar 40 million bilan 200 million yevro orasida aylandi). Parij «yo‘q» deyishdan charchamadi, muzokaralarga braziliyalik futbolchining o‘zi ham aralashdi va transfer uchun o‘z hisobidan 20 million yevro qo‘shmoqchi bo‘ldi. Bu parijliklar uchun o‘z xatolarini tan olish, tahqirlanish va xo‘rlanish demak edi. Parijga pullar uchun kelgan va «Barsa» bilan bonuslar uchun sudlashgan Neymar endi ortga qaytish uchun transferning bir qismini to‘lashga ham tayyor darajada Parijdan bezgandi. Shayxlar bu taklifga keskin rad javobini berishdi va muzokaralarni zudlik bilan to‘xtatishdi.

Yakun
Parij klubi do‘konlariga 10-raqamli futbolka qaytarildi, Neymar yana «Pari Sen-Jyermen» mashg‘ulotida paydo bo‘ldi. OAVda u mashg‘ulot vaqtida jamoadoshlaridan biri bilan janjallashib ketgani haqida xabar tarqaldi. Mashg‘ulotdan keyin bergan intervyusida 28 yoshli braziliyalik Fransiyadagi hakamlikdan va uni «sevmaydigan» muxlislardan norozi ekanini aytdi. Bu so‘zlardan keyin fanatlar ham, hakamlar ham Neymarga maksimal darajada sevgi izhor qila boshlamasligi aniq, barchasi aks ta'sir ko‘rsatishi haqiqatga yaqinroq. U bilan avvaldan yaxshi munosabatda bo‘lmagan jamoadoshlari ham bu so‘zlardan keyin undan yanada uzoqroq tutishlari mumkin. Neymar endi oldinda turgan mavsumni bir amallab o‘tkazib,  «PSJ»ni 170 million yevro evaziga takr etishi mumkin bo‘lgan davrga yetib olishi kerak: shartnomada 2020 yil yozida u aynan shuncha mablag‘ evaziga ketishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Uning endigi vazifasi — qaysidir jamoa uni shuncha mablag‘ sarflab sotib olishiga erishish bo‘ladi, yo‘qsa u o‘z transferi uchun o‘zi pul to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

«Barselona»da qanday vaziyat? Neymar qaytishi haqidagi xabarlar klub kiyim almashtirish xonasidagi muhitga jiddiy ta'sir ko‘rsatgani tayin. Yozgi transferlar davomida ko‘k-anorranglilarning kamida uch nafar futbolchisiga u braziliyalik futbolchi o‘rniga Parijga borishi kerakligi aytildi. Dembele bilan bog‘liq vaziyat tushunarli, lekin sadoqatli va mehnatkash Rakitichga bunday munosabat qilinishi nohaqlik bo‘ldi. «Barselona» prezidenti o‘z pulini halol topadigan xorvatiyalik futbolchidan ko‘ra ko‘ngliga kelib, kluning katta pullarni sovuradigan Neymarni qadrlashini bir necha bor ta'kidlagandi. Bunga futbolchilar qanday qarashadi? Rahbariyatning pozitsiyasini to‘g‘ri tushunish mumkin, Kataloniyada muxlislar brazilcha fokuslarni axloqiy qadriyatlar va klubga sadoqatdan ko‘ra ko‘proq qadrlashadi. Neymarning «Barselona»ga qaytishi haqidagi serialning birinchi fasli shunday xulosa bilan tugadi.

Ko‘proq yangiliklar: