Turkiyada noma'lum inson kambag‘allarga pul qoldirib ketmoqda

Jahon 14:48 / 02.09.2019 58353

Turkiyaning Istanbul shahridagi eng qashshoq mahallalardan biri Hasko‘yda noma'lum saxovatgo‘y inson paydo bo‘ldi, deb xabar beradi «Islam i semya».

Juda eski uylarda yashovchi odamlar bir oydan beri o‘z eshiklari oldida pul solingan konvertlarni topib olishmoqda. Mahalla aholisi o‘zini maxfiy tutgan homiyni «zamonamiz Xizri» deb nomlashgan.

Kambag‘allar konvertdagi pullar qiymati har safar o‘zgarib turishini, saxovatli inson oilaning ehtiyojiga qarab 1000, 2000 yoki 3000 turk lirasini (200-500 AQSh dollari) qoldirib ketayotganini aytishmoqda. Bu pullar oilaning bir necha haftalik yoki bir oylik taomiga yetyapti.

«Bomdod namozidan keyin tashqarida qandaydir ovozni eshitdim. Eshikni ochganimda bir odamning shoshib ketayotganini va qo‘shni ko‘chaga kirib, g‘oyib bo‘lganini ko‘rdim. Keyin konvertga ko‘zim tushdi. Uning ichida pul bor ekan. Bu mening yarim oylik maoshimga teng pul edi», — dedi mahallada yashovchi Posho Ali.

«Menga ikki marta konvert tashlab ketishdi. O‘tgan haftada va shu haftada. Bir safar tunda, boshqa safar tongda. Konvertlarni otam topib oldi, uning ichida biz uchun juda katta miqdorda mablag‘ bor edi. 40 yildan beri shu yerda yashayman, ammo bunaqasini ko‘rmaganman. Aytishlaricha, yana 15 yoki 20 oila shunday konvertlarni topib olgan. Bunday saxovatli insondan Olloh rozi bo‘lsin», — deb qo‘shimcha qildi shu mahalla vakili Yashar Bilgin.

Hasko‘yliklar noma'lum saxovatgo‘yning kim ekanini bilishmayapti, ammo unga minnatdorchilik bildirib, haqiga duo qilishmoqda.

«Mahallamizdagi nochorlarning barchasi konvert olishdi. Olloh bu insonga ajru-savob ato qilsin! Menimcha bu inson qachonlardir shu yerda yashagan, keyinchalik boyib ketgan, ammo qo‘shnilarining muhtojligini unutmay, ularga yordam qo‘lini cho‘zayotgan bo‘lsa kerak. Chunki notanish insonlar qaysi oila nochor ekanini, nimalarga muhtoj ekanini bilmaydi», — dedi mahalla oqsoqollaridan biri O‘g‘uzxon Erzurumlu.

Ko‘proq yangiliklar: