Messisiz «Barsa» ochko yo‘qotdi, Beyl «Real»ga ochko olib berdi. Ispaniyada tur yakunlari

Sport 12:59 / 02.09.2019 12662

Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 3-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu turda «Real» va «Barselona» ochko yo‘qotdi, «Atletiko» esa dahshatli kambek ijro etib, turnir jadvalida yakka peshqadamga aylandi.

Ko‘k-anorranglilar Pamplonada ochko olishga muvaffaq bo‘ldi, 16 yoshli Fati gol urdi

Ispaniya chempionati. 3-tur
«Osasuna» — «Barselona» — 2:2 (1:0)
Gollar: Torres, 7 (1:0). Fati, 51 (1:1). Artur, 64 (1:2). Torres, 81 — penalti (2:2).
«Osasuna»: Martines, N.Vidal, Ernandes, Dav.Garsiya, Estupinyan, Torres, Oyyer, Merida (Monkayola, 71), R.Garsiya (Ibanes, 65), Avila, Brandon (Vilyar, 78).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu (Fati, 46), Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Buskets, de Yong (A.Vidal, 82), Rafinya (Artur, 53), Grizmann, Peres.
Ogohlantirishlar: Merida, 13. Serji Roberto, 32. de Yong, 37. Brandon, 43. Pike, 82. Monkayola, 90+1. Langle, 90+4.
Hakam: Martines Munuera.
31 avgust. Pamplona. «El Sadar» stadioni.

Messi nega o‘ynamayapti?
«Barselona» sardori o‘tgan hafta o‘rtasida Monakodagi marosimda YeChLning 2018-19 yilgi mavsumining eng yaxshi hujumchisi uchun mukofotni qabul qilib oldi. Marosimda u sog‘lom va tetik ko‘ringandi. Leo jamoa bilan birga shug‘ullanmoqda va o‘ynashga tayyor, ammo Valverde va murabbiylar shtabi uni ayashda davom etishmoqda va u qatorasiga uchinchi o‘yinda ham ishtirok etmadi. Hozirgacha jamoa sardori qachon maydonga qaytishi noma'lum, chunki uning bel qismidagi muammo yana qaytalanib qolishi mumkin.

«Barsa» hamon uyquda
Valverde hujumchilar tanqisligi to‘g‘risidagi savolga original tarzda javob qaytardi: qatorasiga ikkinchi o‘yin zayavkasiga «Barselona» tarbiyalanuvchisi, 16 yoshli Anssumane Fati kiritildi. Murabbiyning bu tanlovi tushunarli, jarohatlar tufayli yuzaga kelgan vaziyat uni shunday choralarga majbur bo‘lmoqda. Yana bir akademiya tarbiyalanuvchisi, «Barsa B» jamoasi futbolchisi Karles Peres ham o‘yinni ilk daqiqalardan maydonda boshladi.

«Barselona» mavsum startini nafaqat asosiy uch hujumchisisiz, balki jamoaviy o‘yindagi muammolar bilan birga boshlamoqda. Yarimhimoya chizig‘i vakillari hali o‘zaro tushunib harakatlanishni kerakli darajaga yetkaza olishmadi, hujumchilar ham bir-birlari bilan endi tanishishmoqda, shu tufayli «Barsa»ning pozitsion hujumlari o‘xshamayapti. Bu o‘yinda Valverde jamoasidagi kamchiliklarni tezkor gol yopib ketishi mumkin edi, ammo barchasi aksincha bo‘ldi. O‘yinning 7-daqiqasidayoq Torres «Osasuna»ni hisobda oldinga olib chiqdi va «Barsa»ning barcha nuqsonlari fosh bo‘lib qoldi. «Qirol yalang‘och-ku!» — Pamplona shunday hayqirdi va hujumni yakuniga yetkazdi.

Mehmonlar jamoasi esa kamtarlik bilan harakat qildi. Yagob Arrasate shogirdlari to‘pga egalik qilishda mehmonlar bilan tengma-teng ko‘rsatkichga ega bo‘lishdi, ularning himoya chizig‘i aniq harakatlandi. «Osasuna» maydonning ikkinchi qismida «Barsa»ni tartib bilan kutib oldi, bo‘sh zonalar qoldirilmadi va himoyachilar charchoq bilmay pressing uyushtirishdi. Mezbonlar darvozaboniga birinchi bo‘limda ish topilmadi - «Barsa»ning ikki zarbasi ham xato ketdi.

Shakllanmagan kataloniyaliklar
Ko‘k-anorranglilarning bunday ma'nosiz o‘yini o‘yin uchun taktika bilan bog‘liq. Valverde o‘ng qanot uchun omadsiz bog‘lam tanlagandi: Karles Peres ko‘p vaziyatlarda noqulay ahvolga tushib qoldi, Semedu unga deyarli yordamga kelmadi. Portugaliyalik futbolchi har safar o‘zi uchun noto‘g‘ri joy tanlayverdi va pozitsion hujumlarga yordam berishdan ko‘ra xalaqit berdi.

Grizmann ham bu safar o‘z tarelkasida emasdi. Murabbiy uni markaziy hujumchi pozitsiyasiga qo‘ydi, unga kam to‘p uzatildi, to‘p yetkazilgan kamdan-kam vaziyatlarda ham darhol yo‘qotdi. Chap qanot ham tushunarsiz ko‘rindi. Garchi, de Yong, Alba va Rafinya sifatli futbolchilar bo‘lishsada, ular tanlagan pozitsiyalar savollarni keltirib chiqaradi. De Yong ko‘p vaziyatlarda qanotda harakatlandi va o‘zini juda noqulay his qildi, Rafinya markazga ko‘chib harakat qila olmadi, chunki u yerda hamisha Grizmann turdi. Faqatgina Serxio Buskets to‘g‘ri pozitsiyada edi, deyish mumkin. Lekin bu futbolchi endi yaratuvchilik bilan ham emas, faqat raqib hujumchilarini buzish bilan shug‘ullanmoqda, lekin uning bu xususiyatlariga bu o‘yinda ehtiyoj yo‘q edi.

Fati o‘yinga qo‘shildi va gol urdi

Balki «Barsa» murabbiyi Busketsni zaxirada qoldirib, yengil harakatlanuvchi futbolchilarni tushirgani ma'qul edi. U Roberto va Arturning tezkorligidan unumli foydalanishi, Rafinyani «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasiga joylashtirish ham mumkin edi. Murabbiy tanaffus vaqtida birinchi bo‘limda juda yomon o‘ynagan Semeduni Fatiga almashtirdi.

Vunderkind esa barchani hayratga solib Peresning uzatmasini boshi bilan darvoza to‘riga joylab qo‘ydi va hisobni tenglashtirdi. Valverde o‘z xatosini qisman bo‘lsada to‘g‘rilagandi. Shu tariqa, yosh gvineyalik futbolchi La Liga tarixida gol urgan eng yosh uchinchi futbolchi bo‘ldi: undan tezroq 16 yoshida Fabris Olinga va Iker Munyain gol urishgandi.

O‘ng qanotda foydasiz bo‘lgan Semedu maydondan olingach, uning o‘rniga Serji Roberto o‘tdi, de Yong esa o‘zi uchun qulay pozitsiyada joylashdi, «Barselona» esa endi qiziqarliroq o‘yin ko‘rsata boshladi. Frenki endi qanot futbolchisi emas, tayanch yarimhimoyachisi sifatida harakatlandi, u ikkinchi gol urilishi oldidan to‘pni raqibdan olib qo‘yib hujumni boshlab berdi, bu hujum Valverde zaxiradan maydonga tushirgan ikkinchi futbolchi Arturning goli bilan yakunlandi.

Penalti va yangi muammolar
«Osasuna» hisobda ortda qola boshlagach mezbon futbolchilar oldinga o‘tdi va yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanishdi. Pike jarima maydonida qo‘lini to‘pdan olib qocholmagach, o‘yin hakami Munuera penalti belgiladi. Torres zarba berishda adashmadi va hisob - 2:2.

Qolgan daqiqalarda «Barsa» bor kuchi bilan oldinga tashlandi va g‘alaba goli urilishiga ham yaqin kelindi. Peresda juda qulay vaziyat yuzaga keldi, ammo darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borgan futbolchi gazonga qoqilib ketib to‘pni darvozabonga topshirib qo‘ydi. O‘yin oxirida «Osasuna» ochiqchasiga vaqt cho‘zib o‘ynadi va durangni saqlab qoldi. «Barsa»ni esa o‘yin oxirida jangga tashlangan Vidal ham, yangi jamoasida eng kuchsiz o‘yinini o‘tkazgan Grizmann ham ochko yo‘qotishdan qutqara olmadi.

Primeraga Segundadan chiqqan jamoaga qarshi safar o‘yinidagi durang hisob Valverdega ko‘plab yangi savollar qo‘yadi. Asosiy hujumchilarsiz jamoa juda mujmal harakatlanmoqda: faqatgina startda yomon o‘yin ko‘rsatayotgan «Betis» kataloniyaliklardan ochko ololmadi. «Barsa» esa safarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymoqda va jamoa ikki o‘yinda atigi bir ochko oldi. Aftidan, jamoa Messisiz oddiy jamoaga aylanib qoladi va hatto autsayderni yengish uchun ham hech narsa o‘ylab topolmaydi va o‘rtamiyonaga osongina yutqazadi. Agar jamoa yana ikki turda Messisiz o‘ynasa qanday holatga guvoh bo‘lamiz: jamoa o‘z o‘yinini topa oladimi yoki faqat bir futbolchiga tayangan jamoa ekanini tasdiqlaydimi? Kataloniyaliklar mavsum startidagi uchta turda 4 ochko to‘plashi oxirgi marta Xosep Gvardiolaning jamoa boshqaruvidagi ilk mavsumida kuzatilgandi, ammo hozirgi «Barselona» 11 yil oldingi jamoa darajasiga umuman yaqinlasha olmaydi.

Beyl 2ta gol urdi, «Real» 2 ochko yo‘qotdi

«Vilyarreal» – «Real» 2:2 (1:1, 1:1)
Gollar: 1:0 – 12 Jyerar Moreno, 1:1 – 45 Beyl, 2:1 – 74 Moyses Gomes, 2:2 – 86 Beyl.
«Vilyarreal» – Fernandes, Mario Gaspar, Albiol, Pau Torres, Kintilya, Chukvueze (Ontiveros, 55), Iborra, Kasorla (Bakka, 73), Moyses Gomes, Jyerar Moreno, Toko-Ekambi (Zambo-Angissa, 62).
«Real» – Kurtua, Karvaxal, Varan, Ramos, Mendi, Vaskes (Vinisius Junior, 74), Kazemiro, Kroos (Valverde, 82), Beyl, Yovich (Modrich, 68), Benzema.
Ogohlantirishlar: Kintilya (52), Mendi (77), Kazemiro (90), Beyl (90).
Chetlatish: Beyl (90).
1 sentabr, «Estadio de la Seramika»

«Real»ning yangi sxemasi
Zinedin Zidan avvalgi xatolaridan xulosa chiqarib, «Real»ning taktik sxemasini bir qadar o‘zgartirdi. «Valyadolid»ga qarshi durang hisob qayd etilgan o‘yinda Isko va Rodriges o‘ynagan, diskvalifikatsiya tufayli Modrich maydonga tushmagandi. Yakshanba kungi o‘yinda Isko va Rodriges jarohat tufayli o‘ynay olmasdi, Luka diskvalifikatsiyani o‘tab qaytgandi, ammo murabbiy «Oltin to‘p» sohibisiz o‘yin sxemasini tanladi. Boshlang‘ich tarkibdan birato‘la ikki nafar markaziy hujumchi o‘rin oldi - Yovich va Benzema. Beyl o‘ng qanotda o‘zi uchun sevimli bo‘lgan joyga joylashdi, Vaskes chap qanotda harakatlandi. Shu tariqa, «Real» 4-4-2 sxemasida o‘yinni boshladi. Kazemiro tez-tez raqib jarima maydoniga borib, zarbalar berdi, Benzema esa ko‘p hollarda qanotga ko‘chdi va orqaroqda o‘ynadi.

Beylning qaytishi

«Real»ga «sariq submarinalar» uslub jihatdan juda qulay raqib edi. «Vilyarreal» quvnoq o‘yin ko‘rsatadi, yerlatib tezkor paslar bilan oldinga chiqishni xush ko‘radi, bunday paslar bilan ham pozitsion hujum, ham qarshi hujumlar uyushtiradi. Raqibning bunday o‘yini balandlatib to‘p oshirishlar bilan hujum uyushtiradigan Zidan jamoasi uchun ayni muddao edi. Ammo Xaver Kalexa jamoasi tezkor gol urib mehmonlarni dovdiratib qo‘ydi. Shundan keyin ham «Vilyarreal» himoyaga «yotib olmadi», hujum uyushtirishni ham to‘xtatmadi. Madridliklarga bunday o‘yin uslubi ma'qul edi va ular ham ko‘p golli vaziyatlar yaratishdi, ammo javob goli birinchi bo‘lim oxirida Beyl tomonidan urildi.

«Real» yana bir gol urishga haqliroq edi, ammo maydon egalari hujumlarni muvaffaqiyat bilan qaytarishdi va oldinga o‘tib, javob hujumlari uyushtirishdi. Zidan jamoasi yarimhimoyachilari «Vilyarreal» futbolchilari o‘rinlarini almashtirib, tezkor hujumlarga o‘tishiga ulgura olmay qola boshladi va maydon egalari bunday hujumlardan birida yana gol urishdi. 

Madridlar endi hech bo‘lmasa bir ochkoga ega bo‘lish uchun harakat qilishdi. Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Luka Modrichning sa'y-harakatlari evaziga hisob tenglashtirildi. Xorvatiyalik futbolchi maydon markazida to‘pni raqibdan olib qo‘yib uni o‘ng qanotdagi Beylga uzatdi. Uelslik futbolchi individual mahoratini ishga solib, jamoani mag‘lubiyatdan qutqardi.

Zidan bu futbolchini qadrlamasdan bekor qilganini tushunib yetdi. Hozircha u Madridga natija keltirmoqda va murabbiy uning kerakligini anglagan holda boshlang‘ich tarkibda o‘ynatmoqda. Beyl o‘yin oxirida ikkinchi sariq kartochka olib, maydonni tark etgan bo‘lsada, Zidan uni diskvalifikatsiyadan keyingi o‘yinlarga tushirishi aniq. «Real» hozircha faqat futbolchilarning klassi evaziga gollar urmoqda, jamoaviy o‘yin esa shakllanib ulgurmadi. Jamoa Azarning qaytishini kutadi, belgiyalik futbolchi madridliklar jamoasidagi tartibsizlikni bartaraf etishiga umid qilinadi.

«Valensiya» — «Malorka» — 2:0 (1:0)
Gollar: Parexo, 42 — penalti (1:0). Parexo, 57 — penalti (2:0).
«Valensiya» – Sillessen, Vass, Garay, Diakabi, Gayya, Ferran Torres (Cheryshev, 73), Parexo, Koklen, Gedesh, Gameyro (Li Kan In, 84), Rodrigo (Maksi Gomes, 63).
«Malorka» – Reyna, Sastre, Valent, Railo, Lumor, Dani Rodriges (Salibur, 64), Baba, Sevilya, Lago Junior, Febas (Traykovski, 64), Budimir (Kubo, 79).
Ogohlantirish: Lago Junior (53).

Valensiyaliklarda mavsum startidagi muammolar davom etmoqda. Jamoa dastlabki ikki turda atigi bir ochko qo‘lga kiritgandi. «Real Sosedad» va «Selta»ga qarshi o‘yinlarda «ko‘rshapalaklar» jamoasi penaltilar bilan bog‘liq omadsizliklarga uchragandi. Birinchi o‘yinda Denis Cherishev ishlab olgan penaltidan Gameyro gol urolmagandi. Bundan bir necha daqiqa o‘tib «Sosedad» penaltidan gol urib, hisobni tenglashtirgandi. «Selta» bilan o‘yinda ham «Valensiya» darvozasiga penalti qo‘yilgan, ammo 11 metrdan yo‘llangan zarbani Sillessen qaytargandi. Ammo darvozabonning seyvi jamoani mag‘lubiyatdan qutqara olmagandi.

Bu o‘yinda taqdir «Valensiya»ga qarzini qaytardi. Jamoa ikki marta o‘n bir metrlik jarima zarbasidan foydalanish huquqini qo‘lga kiritdi va ikki safar ham Parexo aniq harakat qildi. «Malorka» o‘yinning ikkinchi qismida faollik ko‘rsatdi va hisob tenglashishi ham mumkin edi, ammo Budimir va Juniorning zarbalari darvoza ustunlaridan qaytdi. Jamoa endi ochkolari sonini 4taga yetkazdi va turnir jadvalida 10-o‘ringa ko‘tarildi.

«Atletiko» — «Eybar» — 3:2 (1:2)
Gollar: Sharles, 7 (0:1). Arbilya, 19 (0:2). Joau Feliks, 27 (1:2). Vitolo, 52 (2:2). Tomas Partey, 90 (3:2).
«Atletiko» – Oblak, Tripper, Ximenes, Ermoso, Lodi, Koke, Lorente (Vitolo, 46), Saul, Lemar (Rikelme, 78), Diyego Kosta, Joau Feliks (Tomas, 84).
«Eybar» – Dmitrovich, Texero, Alvares (Oliveyra, 55), Ramis, Arbilya, Diop, Eksposito, Leon (Korrea, 86), Orelyana, Inui, Sharles (Kike Garsiya, 63).
Ogohlantirishlar: Inui (4), Orelyana (15), Dmitrovich (69).

Basklar bu o‘yinda sensatsiya qilishlari mumkin edi. Xose Luisa Mendilibara shogirdlari tezkor gol urishdi, maydon egalari maydonda nimalar bo‘layotganini anglab ulgurmasidan ikkinchi gol ham Oblak qo‘riqlayotgan darvozadan joy oldi. «Atletiko» o‘z vaqtida o‘yinga qaytishga erishdi va Joau Feliksning individual mahoratlari evaziga umid uyg‘ondi.

«Eybar» mardonavor kurashdi, ammo jamoaning kuchi «Atletiko» bosimiga dosh berolmadi. Diyego Simeone ikkinchi bo‘limda kerakli vaqtda zaxira futbolchilar bilan o‘yinni kuchaytirdi, u maydonga tushirgan 3 futbolchidan ikkitasi gol urdi. Vitolo ikkinchi bo‘lim boshidayoq hisobni tenglashtirdi, o‘yinning yakuniy qismida esa «atletlar» to‘liq tarkib bilan hujumga o‘tishdi, kutilgan gol o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar davom etayotgan vaqtda Tomas Partey tomonidan urildi. Endi Simeone shogirdlari uch o‘yinda 100 foizlik natija ko‘rsatgan holda turnir jadvalida 9 ochko bilan yakka peshqadamga aylandi.

«Espanol» — «Granada» — 0:3 (0:1)
Gollar: Puertas, 13 (0:1). Fernandes, 68 (0:2). Aziz, 74 (0:3).
«Espanol» – Diyego Lopes, Korshya, Naldo, Kalero, Didak Vila, Sanches (Ferreyra, 71), Roka, Melendo, Darder, Vargas, U Ley (Kaleri, 67).
«Granada» – Ruy Silva, Dias, Duarte, Xerman Sanches, Kini, Errera, Montoro, Puertas, Viko (Aziz, 56), Machis (Martines, 77), Soldado (Fernandes, 67).
Ogohlantirishlar: Korshya (2), Errera (31), Naldo (40), Montoro (80), Fernandes (84).

Tur sensatsiyasi — «Espanol»ning o‘z maydonidagi yirik hisobli mag‘lubiyati bo‘ldi. Barselonaning ikkinchi jamoasi bungacha ham o‘z uyida «Sevilya»ga yutqazgan, jamoa hafta o‘rtasida Yevropa Ligasi saralashida Luganskning «Zarya» jamoasi bilan o‘yinda kuch yo‘qotgan, ammo hech kim debyutantga qarshi o‘yinda yirik hisobdagi mag‘lubiyatni kutmagandi. «Granada»ning tezkor goli «Espanol»ni «sochib» yubordi va maydon egalari darhol javob qaytara olishmadi. Keyin esa kech bo‘ldi: mehmonlar to‘liq tashabbusni qo‘lga olishdi va ikkinchi bo‘limda ketma-ket ikki gol urildi. Maydon egalariga na «Real»ning sobiq darvozaboni Diyego Lopes, na mahoratli Serxi Darder yordam bera oldi. 0:3 — va jamoa Ispaniya chempionatida 19-o‘rinda.

Tur o‘yinlari

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: