Moliya vaziri o‘rinbosari: «Oltinni ko‘p ushlab turishimiz kerak emas, uni pul keltiradigan narsalarga tikish lozim»

Iqtisodiyot 09:59 / 31.08.2019 29596

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank mutasaddilari ishtirokida “Davlat qarzini samarali boshqarish” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotning 23,5 foiziga teng bo‘lgani ma'lum qilindi. Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Jasur Qarshiboyev yil boshida 9,9 milliard bo‘lgan davlat tashqi qarzi 6 oyda qariyb 13,1 milliard dollarga o‘sganini ta'kidladi. Aytilishicha, qarzlarning ayrimlari uzoq va o‘rta muddatlarga olingan, qolaversa, imtiyozli davrda foiz stavkasi to‘lanib, qarz summasi to‘lanmaydi.

Muloqot davomida jurnalistlar xalqaro rezervlardagi kapital va uni boshqarish samaradorligi haqida savol berdi.

“Markaziy bank respublika nomidan xalqaro rezervlarni boshqaradi, — dedi Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov. — O‘zbekistonning xalqaro rezervlardagi puli hozirda 27 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu qiymatning yarmi oltin, yarmi valuta ko‘rinishida. Faqat banklarga depozit qo‘yavermasdan bosqichma-bosqich moliyaviy bozorlarga chiqishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Chunki shu orqali depozitlardan ko‘ra ko‘proq foyda olib kelish imkoniyatlari mavjud. Oltinni ham aslida ko‘p ushlab turishimiz kerak emas. Oltin o‘zi ko‘p, u bizga hech qanaqa pul keltirmaydi. Oltinni pul keltiradigan, foiz hisobida foyda keltiradigan narsalarga tikish kerak”.

Ko‘proq yangiliklar: