“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risidagi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 17 avgust kuni qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
MB xabariga ko‘ra, mazkur Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi, funksiyalari, asosiy maqsadlari, vakolatlari, tashkil etilishi va faoliyati prinsiplarini belgilash hamda uning faoliyatini tashkil etish va tartibga solishdan iborat.
Bunda, Markaziy bankning bosh maqsadi narxlar barqarorligini, bank tizimi hamda to‘lov tizimi barqarorligini ta'minlash sifatida belgiladi.
Shu bilan birga, qonun loyihasida quyidagilar:
pul-kredit siyosati va uning instrumentlarini takomillashtirish, pul-kredit sohasida amalga oshirilayotgan siyosat va choralarning shaffofligini oshirish;
Markaziy bankning boshqaruv sifatlari va banklarning risklarni boshqarish tizimiga ta'siri mexanizmlarini ishlab chiqish, ma'lumotlar yig‘ish va tahlil qilish tizimining samaradorligini oshirish;
bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash;
bank faoliyati mexanizmini tartibga solishni takomillashtirish va ularning boshlang‘ich bosqichlarida muammolarni aniqlash hamda samarali choralarni qo‘llash, shu jumladan, Markaziy bank tomonidan banklarni, mikrokredit tashkilotlarni, lombardlarni va bank guruhlarini litsenziyalashda, tartibda solishda va nazoratni amalga oshirishda asoslantirilgan mulohaza ishlatilishi;
Markaziy bank faoliyati nazorat tizimini muvofiqlashtirish maqsadida uch a'zodan, jumladan, bir mustaqil a'zodan iborat bo‘lgan Auditorlik qo‘mitasi tashkil etilishi;
Markaziy bank faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va oshkoraligini ta'minlash uchun Markaziy bank boshqaruviga Markaziy bank raisining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tasdiqlaydigan ikkita mustaqil Boshqaruv a'zolari kiritilishi;
pul-kredit siyosatining asosiy uning interpretatsiyasi va ko‘rsatkichlarini, shu jumladan pul massasining tarkibini va dinamikasini, bank tizimining statistik ma'lumotlarini, Markaziy bankning faoliyatini umumlashtirilgan ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida e'lon qilishi;
tijorat banklarining likvidligini favqulodda qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Markaziy bank tomonidan beriladigan kreditlar bo‘yicha garovning ta'minlanganligi mexanizmi takomillashtirish;
Markaziy bank va O‘zbekiston Respublikasi hukumati tizimli moliyaviy tanazzul vujudga kelishining oldini olish va moliyaviy tizim barqarorligini ta'minlash masalalari bo‘yicha hamkorlik qilishi;
Markaziy bank o‘zining tartibga solish va nazorat qilish funksiyalari amalga oshirish uchun doimiy ishlovchi organi – Markaziy bankning bank nazorati Qo‘mitasi tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.