AF Spors Reactive va Intis Telecom «Lokomotiv»ga klub brendini rivojlantirishga yordam beradi

Sport 16:43 / 31.08.2019 4337

O‘zbekiston superligasida ishtirok etayotgan «Lokomotiv» futbol klubi OOO «AF Spors Reactive» (Gamburg) va «Intis Telecom» (London) kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, mazkur kompaniyalar endilikda «Lokomotiv» jamoasi o‘yinlari targ‘ibotini yanada kuchaytirish hamda klub brendini mamlakat va dunyo miqyosida kengroq yoyishga ma'sul bo‘lishadi.

Ikki tomon o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, shuningdek, «AF Spors Reactive» (www.afsr.agency)  «Lokomotiv» futbol klubi va futbolchilarini huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashi ham belgilangan.

«Intis Telecom» kompaniyasi bilan hamkorlik va Intis Telecom raqamli servisi esa klub mutasaddilari hamda ishqibozlari o‘rtasidagi aloqa yanada kuchayishiga xizmat qiladi. Ayni damda «Lokomotiv»ning muxlislar bazasi yaratilmoqda. Ushbu ma'lumotlar bazasi orqali muxlislarni klubga oid eng so‘nggi xabarlar, yaqinlashib kelayotgan o‘yinlar va har xil sovrinli tanlovlar hakida tanishtirib boriladi. Ma'lumki, bunday xizmat turlari Yevropa futbolida katta natija beradi va superliga yetakchilaridan biri bo‘lgan «Lokomotiv» klubi ham asta sekin innovatsion tarzda mazkur xizmatlarni tatbiq etmoqchi.

– Agar O‘zbekiston futboli bilan tanishib chiqqan bo‘lsangiz, ayting-chi, o‘zbek klublari qanday qilib boyishi mumkin? Bizda klublar homiylar va boshqaruv organlari tasarrufida. Bunday holatda klublar boyib ketishi mumkinmi yoki baribir mustaqil bo‘lish shartmi?

Zakirov Farid Ravilevich («AF Spors Reactive» MChJ boshqaruvchisi):

– Keling, bu mavzuni ikkiga bo‘lib o‘rganamiz. Birinchi navbatda men O‘zbekistondagi holat bilan faqatgina shu yerda bo‘lib turganim uchungina tanishganim yo‘q. Men ma'lum muddat bu mamlakatda yashaganman va ko‘p narsalardan boxabarman. Hozirgi kunda Bremenda va Qozonda yashayapman. Men muassis bo‘lgan LAUREA GERMANIA firmasi (www.laurea-international.com) 2016 yildayoq O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan.

Albatta, mening futbolga bo‘lgan muhabbatim men bolaligimdan bilgan «Rubin» klubidan boshlangan va yildan yilga kuchayib boryapti. O‘zbekistonga bir necha marotaba kelib, bu yerda ko‘plab tanishlar orttirdim. «Lokomotiv» klubi rahbarlari bilan tanishganim ayniqsa katta omadim bo‘ldi. Bu jamoa brendini rivojlantirish, uni tijoriylashtirish va sport menejmentini o‘stirishda yordam berishni juda istagandim. Aynan shuning uchun biz dastlab Gamburgda uncha katta bo‘lmagan «AF Spors Reactive» ma'sulyati cheklangan jamiyatini ochdik.

O‘zbekistondagi deyarli barcha klublar dotatsiyada ekani to‘g‘ri. Lekin bu degani ular pul ishlay olishmaydi, degani emas. Shubhasiz, Angliya klublarichalik bo‘lmasa ham, ular ham pul ishlab topa olishadi. Agar kichik-kichik qadamlar bilan to‘g‘ri yo‘nalishda ish olib borilsa, o‘ylaymanki, O‘zbekistonning har bir klubida pul ishlash imkoniyati tug‘iladi.

Savolingizning uchinchi qismiga kelsam, tijoratlashtirish asosida muxlislar bilan ishlash yotadi. Agar muxlislar o‘z jamoalarini qo‘llab-quvvatlashsa, bu ertaga klub uchun tayanch va daromad manbayiga aylanadi. Yana bir bor takrorlayman: klub pul ishlab topishi uchun qilinadigan ishlarning eng asosiylari – brendni rivojlantirish, homiylar va nihoyat, muxlislar bilan faol ish olib borish.

Zakirov Farid Ravilevich

– Ingliz klublariga havas bilan qaraymiz. U yerda hatto kichik jamoalarda ham yaxshigina moliyaviy imkoniyatlar bor. Angliyada klublar qanday qilib moliyaviy mustaqillikka erishishgan?

Zakirov Farid Ravilevich:

– Ular bu darajaga bir kunda yoki bir-ikki yilda kelib qolishmagan. O‘nlab yillar vaqt kerak bo‘lgan. Misol uchun, «Manchester Yunayted»ni olaylik. Adashmasam, bu klub, «Real»ning Chempionlar ligasidagi ko‘plab g‘alabalariga qaramay, kapitallashish bo‘yicha jahondagi eng boy klub sanaladi. Ular bunga futbolchilar ijtimoiy hayotning, oddiy odamlar hayotining bir qismiga aylanishgani ortidan erishganlar. Shu tufayli futbolchilar muayyan homiylik imkoniyatlariga ega bo‘la borishgan. Butsalar va futbolkalar ishlab chiqaruvchilari bilan kelishuvlar – bularning hammasi pul. Va bu daromad manbalaridan biriga aylangan.

Bora-bora televizion huquqlar sotuvi va jahon bo‘ylab turli turnelar orqali moliyaviy mustaqillikka erishishgan. MYu va «Barselona»dek klublar butun dunyo bo‘ylab safarlarga chiqishadi. Bu turnelar davomida qancha pul to‘planishini o‘zingiz tasavvur qilavering.

– O‘zbekistonga kelishingiz qanday yuz berdi, nega aynan «Lokomotiv» bilan ish boshlashga qaror qildingiz?

Zakirov Farid Ravilevich:

– Suhbatimiz avvalida bu savolga javob bera boshlagandim. Batafsilroq gapiradigan bo‘lsam, O‘zbekistonda ma'lum vaqt yashaganman: shu yerda tahsil oldim, ko‘plab tanishlar orttirdim. Do‘stlarim va hamkorlarimdan minnatdorman.

«Lokomotiv» futbol klubi bilan meni juda iliq va chuqur hamkorlik aloqasi bog‘lab turadi. «Lokomotiv» kapitallashuvining rivojlanishi, eng muhimi – o‘z brendini tijoriylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston bayroqdoriga aylanishini xohlayman. Hozir qilayotgan ishlarimiz shu maqsadlarga erishish tomon qo‘yilgan qadamlardir.

Klubda ayniqsa samimiy insonlar faoliyat olib borishadi, rahbariyat bizni doim qo‘llab-quvvatlab keladi. Bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akromovning qaror qabul qilish ko‘nikmasini alohida qayd etib o‘tish kerak, u katta xayrixohlik bilan bizni tinglashga, boshlayotgan barcha ishlarimizni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor. Shuning uchun ham «Lokomotiv» FK brendini rivojlantirishni istayapmiz.

– Kompaniya aynan qanday xizmatlarni taklif etadi va bu xizmatlar biznesga qanday yordam berishi mumkin?

Andrey Insarov (Intis Telecom Bosh direktori):

– Hamkorim boshlagan mavzuni men davom ettirsam. Intis Telecom – xalqaro kompaniya. O‘zbekistonga kelishni anchadan buyon rejalashtirib kelgandik. Shu maqsadda muayyan o‘rganishlar olib bordik. Bu o‘rganishlarimiz mazkur hududda ish olib borish yetarlicha istiqbolli ekanini ko‘rsatdi.

Faridning tavsiyasi bilan men «Lokomotiv» bosh direktori bilan aloqaga chiqdim va biz hamkorlikka kelishib oldik. Uning ko‘maklashgani va bunday taniqli klub bilan ishlash imkoniyati tufayli kelishuvga erishdik. Endilikda ishga kirishishga tayyorlanmoqdamiz.

Andrey Insarov

– Kompaniya yana qaysi mamlakatlarda faoliyat olib boradi? Siz hamkorlik qilgan yoki qilayotgan eng taniqli klub nomini misol sifatida ayta olasizmi?

Andrey Insarov:

– Takrorlayman, Intis Telecom – bu xalqaro kompaniya, biz butun dunyoda ish olib boramiz. Klublar bilan hamkorlikka kelsak, bunday bevosita shartnomalar bizda yo‘q. Ammo to‘rt yildan buyon Qozonning «Rubin» klubi bilan muxlislarni xabardor qilish masalasida hamkorlik qilib kelyapmiz. Bu vaqt davomida futbol auditoriyasi bilan ishlash bo‘yicha katta tajriba to‘pladik. Bu esa bizdagi optizmni oshiradi. «Lokomotiv» professional futbol klubi bilan amaliy natijalarga erisha olamiz, degan umiddaman.

– O‘zbekistonda siz taklif qilayotgan xizmatlarni ko‘rsatuvchi boshqa kompaniyalar ham bormi?

Andrey Insarov:

– Shubhasiz, bor. Bozor bo‘sh bo‘lishi kamdan kam uchraydi, shunday bo‘lganda ham bundayligi odamda shubha uyg‘otgan bo‘lardi. Bunday kompaniyalar, albatta, bor, ammo men sog‘lom raqobat faqatgina biznesning foydasiga ishlaydi va xizmat sifatini oshirishga imkon beradi, deb hisoblayman. Qolaversa, biz o‘z nomimizga dog‘ tushirmaslik uchun ham o‘n yillik tajribamizdan foydalanishga urinamiz.

– «Lokomotiv» bilan hamkorlikning istiqbollarini qanday ko‘rmoqdasiz?

Zakirov Farid Ravilevich:

– Biz juda ko‘plab masalalarni qizg‘in muhokama qilyapmiz. Bir nechta misollarni keltirib o‘taman. Men klubga aynan muxlislar bilan ishlash borasida ko‘maklashishni istayapman, chunki bugun futbolga kelgan bola ertaga katta-katta kompaniyalarning rahbarlari, bo‘lajak bankirlar yoki eng yangi texnologiyalar sohasida mutaxassis bo‘lib chiqishi mumkin. Bizni ishni «Lokomotiv» PFK brendini nafaqat Osiyoda, balki Yevropada ham tanitishdan boshlaymiz.

So‘ngra qadam-baqadam ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirish rejamizda bor. Bu savolga javob berish bilan tijoriy sirlarni ochib tashlay olmayman. Bu mening faoliyatim bilangina bog‘liq bo‘lib qolmasdan, klubda bo‘ladigan professional jarayonlarning nozik jihatlariga ham taalluqli. Shuning uchun men eng oson yo‘ldan – kamroq gapirib, ko‘proq ish qilishni taklif etaman. Keling, biroz vaqt o‘tgach siz bilan yana ko‘rishamiz va nimalarga erishganimizni ko‘rib chiqamiz. Erishganimiz oltin tanga bo‘ladi, deb va'da bera olmayman, ammo so‘z berib aytamanki, biz muayyan qadamlar tashlab, natijalarga erishamiz.

«AF Spors Reactive» MChJ instagramda: @afsporsreactive

«LAUREA GERMANIA» MChJ instagramda: @laureagermanialtd

«Intis Telecom» MChJ instagramda: @intistelecom

«Lokomotiv» PFK instagramda: @pfc.lokomotiv

Ko‘proq yangiliklar: