Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani Sharg‘un shahrida «Obod markaz» davlat dasturi doirasida keng miqyosda olib borilayotgan obodonchilik ishlari O‘lmasoy Husanovaning tadbirkorligiga jiddiy zarba berdi. Uning ishlab chiqarish sexi va avvalroq turar joy qilib rasmiylashtirib berilgan binosi Sharg‘unsoy daryosi muhofaza zonasida joylashgani vaji bilan buzilgan.
O‘lmasoy Husanovaga buzilgan inshootlari evaziga avvalgi joydan ikki kilometr narida — «Marjona» mahallasidagi sug‘oriladigan yer maydoni o‘rtasidan 10 sotix uchastka ajratib berilgan.
«Har bir oila — tadbirkor» davlat dasturi doirasida kreditlar olib, Sharg‘un shahri «Madankon» mahallasi, Nurafshon ko‘chasida o‘z turar joyimdan pishiriq sexi ochib faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edim. Binolarimizning bir qismini tuman hokimi qarori bilan turar joyga aylantirib, oilamiz bilan o‘sha yerda istiqomat ham qilar edik», — deydi O‘lmasoy Husanova.
Kun.uz muxbiri bilan suhbati asnosida O‘lmasoy opa o‘z murojaatlariga mahalliy hokimliklar tomonidan yetarli darajada e'tibor qaratilmayotganini aytib o‘tgan edi.
«Hozir mana shu yaydoq daladan yer uchastkasi ajratib, dastgohlarimni ham shu yerga keltirib tashladim. Bu yerdan yangi uy quryapman. Turmush o‘rtog‘im harbiy nogiron. Juda qiynalyapman. Ishlab chiqarish binolarim va uyimni buzishlaridan avval qop-qop va'dalar berilgan edi. Birortasi bajarilmayapti. Kompensatsiya puli berilmayapti. Qurilish materiallaridan yordam qilamiz, yangi qurilayotgan «dom»lardan uy beramiz deyishgandi. Qurilish metariallaridan sement va shifer nomigagina berildi. Men esa ishlab chiqarishim to‘xtab qolgani sababli 75 million so‘mlik kreditimni yopolmay sarson bo‘lyapman. Uy quraymi, kreditlarimni to‘laymi, boshim qotgan».
O‘lmasoy opa yangi joyda uy joy va ishlab chiqarish barpo etaman, deb odamlardan 46 million so‘m qarzdor bo‘lib qolgani, hali usta pullariniyam bera olmaganini aytigan edi.
Sharg‘un shahar hokimi Sherzod Xidirov Husanovlar oilasiga buzilgan imorati uchun 100 million so‘m kompensatsiya pulini to‘lab berganini ma'lum qildi. O‘lmasoy opa Kun.uz muxbiriga murojaatlari xayrli yakun topgani va boshqa e'tirozi yo‘qligini ma'lum qildi.
Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.