Odil Ahmedov Respublikadagi ilk xususiy futbol akademiyasini ochdi

Sport 20:25 / 30.08.2019 27170

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida «Odil Ahmedov futbol akademiyasi» ish boshladi.

Uning tantanali ochilish marosimi chinakam bayramona ruhda tashkil etildi. Marosimda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, akademiya ishiga omad tiladi.

Futbol akademiyasi talantli yosh sportchilarni Yevropa tizimi asosida tarbiyalashni maqsad qilgan. Maskanda iqtidorlarni bugungi dunyo futboli darajasidagi o‘yinchilar etib tayyorlash uchun ko‘hna qit'aning yetakchi mutaxassislari yordamida futbol sirlari o‘rgatiladi.

Akademiya murabbiylariga Italiya futbol universitetining yetakchi mutaxassislari o‘z tizimlari asosida ish olib borish bo‘yicha uslubiy dasturini taqdim qilishgan. Ular bolalar bilan aynan shu dastur doirasida ish olib borishmoqda.

Noyabr oyida futbol akademiyasiga Italiya futbol universiteti direktori va murabbiyi Daniel Andreotssi tashrif buyuradi. U ikki hafta davomida dastur bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishadi.

Saralangan murabbiylar guruhi o‘zbek futbolida ma'lum yutuqlarga erishgan futbolchilardan tashkil topgan. O‘zbekiston hududidagi yosh iqtidorlarni kashf qilishni o‘z oldiga maqsad qilgan «Odil Ahmedov akademiyasi» ayni paytda yettita viloyatda ish olib bormoqda.  

Akademiyaning asosiy maqsadi – o‘zbek futbolchilarini jahon futboli darajasida tarbiyalab, ularning xizmatini chet el klublariga taqdim qilishdir.

Akademiya oktabr oyida xalqaro turnir va yosh futbolchilar o‘rtasida «Vodiy ligasi» musobaqasini o‘tkazishni rejalashtirgan.  

Ochilish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov va Odil Ahmedov stadion darvozasidagi ramziy lentani kesib, darvozaga to‘p yo‘llashdi.

Shundan so‘ng maydonda «Odil Ahmedov akademiyasi» murabbiylari va «Navbahor»ning o‘tmish yulduzlaridan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida futbol bahsi o‘tkazildi.

Ota-onalarni, “futbol akademiyasida o‘qitish pullik bo‘ladimi?”, degan savol qiziqtirishi tayin. Bu savolga loyiha mualliflaridan biri Nodirho‘ja Yuldashev quyidagicha javob berdi: “Akademiyada ikkita, “A” va “B” tarkib bilan mashg‘ulotlar olib boriladi. Hozircha bizda “A” tarkib butunlay bepul shug‘ulanmoqda. Kuz oylarida Italiya futbol universiteti mutaxassislari kelganida, Yevropa tizimida qanday bo‘lsa, o‘sha amaliyotni qo‘llaymiz. Xususan, “B” tarkib budjet-shartnoma asosida shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda”. 

Ko‘proq yangiliklar: