London va Rimda derbilar. Haftaning asosiy to‘qnashuvlari anonsi

Sport 16:13 / 30.08.2019 17912

Bu hafta dam olish kunlari juda qiziq o‘tadi – Yevropada yakunlanayotgan transfer oynasidagi eng so‘nggi va qizg‘in ma'lumotlarni kuzatishingiz, orada esa, ajoyib futbol uchrashuvlarini tomosha qilishingiz mumkin. «Liverpul»ning Byornliga, «Barselona»ning Osasunaga safari, hujumchisiz qolgan «PSJ», «Inter» uchun yangi sinov – hammasi qiziq. Lekin anonsimizga imkon qadar teng kurashlar ostida kechishi kutilayotgan uchrashuvlarni yig‘dik. Ularning ichida derbilar ham ko‘pligini e'tiborga olsak, bizni bayram kunlari futbol zeriktirmaydi.

«ATLeTIK» – «ReAL SOSeDAD» (31 avgustga o‘tar kechasi, 01:00)

Basklar derbisi bu safar yanada qiziqarli o‘tishini taxmin qilsa bo‘ladi, chunki mavsumni har ikki jamoa ham ko‘tarinki ruhda boshlashdi. Bilbaoliklar «Barselona» ustidan qozonilgan ajoyib g‘alabadan so‘ng, «Xetafe» maydonidan durang bilan qaytdi. «Sosedad» esa, har ikki o‘yinni safarda o‘tkazdi – Valensiyada durang va Malorkada g‘alaba. «Xetafe» ham, «Valensiya» ham o‘tgan yili yevrokuboklar zonasidan o‘rin olgani inobatga olinsa, basklar uchun ancha jiddiy natija.

Sosedadliklar tarkibida «Real»dan ijaraga olingan Martin Edegorni ko‘rish qiziq bo‘ladi. O‘tgan mavsumda Erediviziyada o‘zini ko‘rsatgan, hali ham yosh bo‘lgan yarimhimoyachi Malorkadagi o‘yinda g‘alaba keltirgan yagona golni urgandi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda «Jirona»ning yetakchi futbolchisi bo‘lgan Portu jamoasi quyi ligaga tushib ketgach «Sosedad» tarkibiga qo‘shildi. Bu ham e'tiborli transfer. «Atletik» tarkibida alohida tilga olish mumkin bo‘lgan transferlar hozircha yo‘q, ammo jamoadagi mavjud futbolchilar, ayniqsa, hujum chizig‘idagi Iniaki Uillyams va Aduris har qanday raqib himoyasi uchun bosh og‘rig‘i bo‘la oladi.

O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda «Sosedad» g‘olib bo‘lgan, Bilbaodagi o‘yin mehmonlarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topgandi. Umuman so‘nggi 20 o‘yinning qariyb yarmida «Real Sosedad»ning qo‘li baland kelgan. «Atletik»ning ushbu stadiondagi derbida qozonilgan so‘nggi g‘alaba 2016 yilning oktyabriga to‘g‘ri kelganini nazarda tutsak, mahalliy ishqibozlar anchadan beri derbidagi g‘alabani sog‘inib qolishgan.

«YuVeNTUS» – «NAPOLI» (31 avgust, 23:45)

A Seriyaning eng kuchli ikki jamoasi dastlabki turlardayoq o‘zaro to‘qnash kelishi, balki yaxshidir. Hech qanday ochko farqlari va strategiya bo‘lmaydi – har ikki murabbiy faqat g‘alaba qozonish kerakligini, bu o‘yindagi muvaffaqiyat uzoq vaqtgacha turnir jadvalini boshqarish imkoniyatini taqdim qilishi mumkinligini yaxshi bilib turadi.

Balki shu tarafdan, murabbiylar o‘yinga biroz pragmatik yondashishlari va hammamiz yaxshi ko‘radigan ochiq futbolni ko‘rmasligimiz mumkin. Lekin bu yer Italiya, nafaqat gollar va kurash, balki buyuk murabbiylarning taktik yurishlari bilan ham qiziq. Axir Sarri «Yuventus» bilan sobiq jamoasi «Napoli»ga qarshi, Anchelotti esa, «Napoli» bilan sobiq jamoasi «Yuventus»ga qarshi. Ajoyib intriga.

Aslida, qarama-qarshi g‘oyalarga ergashadigan bu ikki murabbiy o‘z klublarini o‘zgartirishni boshlaganliklari tabiiy, bu tomondan, juda hujumkor va pressingni xush ko‘radigan «Napoli»ning «yuventuslashish» jarayoni, shuningdek, «Yuventus»ning «napolilashish» jarayoni turli bosqichlarda ketayotgani tabiiy. Demak, jamoalarning biz o‘rganib qolgan uslubidan tashqari, xarakterdagi o‘zgarishlarni payqaymiz, qaysi jamoa qanday yo‘nalishni tanlashini oldindan taxmin ham qila olmaymiz. Bu o‘yinda Sarri tufayli «Yuventus» juda yuqori pressing namoyish qilishi, Anchelotti tufayli «Napoli» pragmatizmga murojaat qilishi ham mumkin, yoki aksincha, jamoalar yillar davomida shakllangan uslubdan ustunlik sifatida foydalanishlari mumkin. Ya'ni, bu o‘yinda agar jamoalar libosini aytmasa, bir qaraganda ularni aniq farqlash oson bo‘lmaydi.

Birinchi turda har ikki jamoa ham g‘alaba qozondi. «Yuventus» birgina gol bilan kifoyalangan bo‘lsa, «Napoli» Florensiyadagi quvnoq uchrashuvda 4:3 hisobida g‘alaba qozondi. Tarkiblar borasida mezbonlardan Aaron Remsi, mehmonlardan Xirving Losano safdan chetda qolayotgandi. Jarohatdan tiklanib, mashg‘ulotlarga kirishgan bu futbolchilar balki ikkinchi bo‘limda Italiyadagi debyut o‘yinlarini o‘tkazishlari mumkin. 

«EVeRTON» – «VULVeRHEMPTON» (1 sentabr, 18:00)

Haftaning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri. Qaysidir ma'noda Portugaliya derbisi desak ham bo‘ladi, sababi, har ikki jamoani ham portugaliyalik murabbiylar boshqarishadi. «Vulverhempton» esa, umuman Portugaliyaning Britaniya orolidagi filiali deb ham atash mumkin. APLda 9 nafar portugaliyalik va yana besh nafar Ispaniya, Meksika va Braziliya kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan futbolchilar bilan muvaffaqiyatga umid qilish haqiqatan ham – optimizm. Lekin Nunu Santush buni eplayapti. O‘tgan mavsumda yettinchi o‘rinni band etib, ushbu mavsumda Yevropa Ligasi guruh bosqichiga yo‘llanma olgan «bo‘rilar»ning niyati jiddiy.

«Everton» esa, umuman, transfer bozoridagi o‘zini tutishi, tarixi va imkoniyatlari borasida, rostan ham top-yettilikka kiradigan klub. Markus Silva shogirdlari aslida, o‘z darajalaridan biroz past qatnashishayotgan bo‘lsa-da, har doimgidek, avgust oyida niyatlar jiddiy. Tarkibda Gomesh, Bernard, Din, Shnayderlin, Uolkott, Moyze Kin kabi hatto Chempionlar Ligasi tajribasiga ega bo‘lgan futbolchilar bor.

Aytish mumkinki, har ikki jamoa so‘nggi turni kutilmagan natijalar bilan yakunlashdi. «Everton» safarda liga debyutanti «Aston Villa»dan mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, «Vulverhempton» «Byornli» bilan uy o‘yinida mag‘lubiyatdan arang qutulib qoldi. Lekin klublar hafta o‘rtasida o‘tkazilgan boshqa turnirlarda g‘alaba qozonib, kayfiyatni yaxshilab olishdi. Santush jamoasi «Torino»ni yengib, Yevropa Ligasida, «Everton» esa, safarda «Linkoln» ustidan g‘alaba qozonib, Angliya Ligasi Kubogida keyingi bosqichga chiqishdi. Demak, har ikki jamoa hafta o‘rtasida uchrashuv o‘tkazganini nazarda tutsak, vaziyatlar teng. Faqat «Everton» bir kun oldin maydonga tushgani va aksariyat asosiy futbolchilarga dam bergani uchun biroz ustunlikka ega.

«ARSeNAL» – «TOTTeNHEM» (1 sentabr, 20:30)

Derbilar haftasida Shimoliy London chetga qarab turishi mumkin emasdi. Angliyaning eng qo‘hna va keskin qarama-qarshiliklaridan biri yana muxlislarga muntazir. Ushbu jamoalarning APLning 3-turidagi muvaffaqiyatsizliklaridan kelib chiqsak, o‘yin yanada keskin o‘tishini taxmin qilish oson.

«Arsenal» «Liverpul»ga qarshi o‘yinda umuman munosib ko‘rinmadi, jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri raqibga qarshi qo‘rqoq taktika tanlagani uchun tanqid ostiga olindi. «Tottenhem» esa kutilmaganda o‘z maydonida «Nyukasl»ga imkoniyatni boy berdi. Aslida, «Aston Villa» bilan o‘yinda ham jamoa uzoq vaqt hisobda orqada borgan, faqat ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismida Kristian Eriksen maydonga tushishi vaziyatni o‘nglagandi. Bu safar «Nyukasl» himoyasi bosimga dosh bera oldi. Umuman, «Tottenhem» mavsum boshida u qadar salobatli ko‘rinmayapti va jiddiy muammolarga duch kelyapti, deb aytish mumkin.

Avvalo, Dele Allining jarohati hujum chizig‘idagi variantlarni kamaytirmoqda va raqiblar vazifasini osonlashtirib beryapti. Endi esa, yangi transfer, birinchi o‘yinda ko‘pchilikka yoqqan Ndombele, shuningdek, yosh himoyachi Uolker-Petersning safdan chiqqani mehmonlarga qo‘shimcha muammolar yaratishi mumkin. Emeri esa «Liverpul»ga qarshi o‘yinda «sinalgan» «romb» sxemasidan top-o‘yinlar uchun voz kechadi, degan umiddamiz. Chunki pozitsion, ayniqsa qanotlari aktiv bo‘lgan raqibga qarshi bu uslub ish bermasligi amalda o‘z isbotini topdi.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, «Arsenal» ikki yildan beri o‘z maydonidagi o‘yinlarda ishonchli g‘alaba qozonib kelmoqda. Faqat Angliya Liga kubogidagi bahsda «Tottenhem» mehmonda g‘alaba qozongan, ammo bu o‘yinlarga klublarning munosabatini yaxshi bilasiz. Umuman, so‘nggi 20 derbining 8tasida «Arsenal», 6tasida «Tottenhem» g‘alaba qozongan. Yana olti o‘yin durang bilan yakunlangan. Bu o‘yinlardagi so‘nggi yirik hisob esa 2012 yilda kuzatilgandi. Qiziq tomoni, «Arsenal» o‘z maydonida «Tottenhem» ustidan ketma-ket ikki marta bir xil – 5:2 hisobida ustun kelgan ekan.

«LATsIO» – «ROMA» (1 sentabr, 21:00)

Rim derbisi har doimgidek juda qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q. So‘nggi yillarda bu jamoalar turnir jadvalida ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchiga aylandilar va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib bormoqda. Demak, bemalol bu uchrashuvni olti ochkolik o‘yin deb ayta olamiz.

Nihoyasiga yetib borayotgan transferlar oynasi rakursidan qaralganda, «Roma»da yangiliklar ko‘proq. De Rossi klubni tark etishi kutilgan va tabiiy qaror edi, asosan himoya chizig‘i yetakchisi Manolasning ketishi jamoa o‘yiniga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz. «Roma» uning o‘rniga «MYu»dan Kris Smollingni olib kelmoqda, ammo bu o‘yinda angliyalik himoyachi maydonga tushmasa kerak. Fasio – Xesus juftligi esa, himoya markazida u qadar ishonchli ko‘rinmadi – «Jyenoa»ga qarshi uy uchrashuvida o‘tkzib yuborilgan uch gol bunga yaqqol dalildir. Shuningdek, «Chelsi»dan ijaraga olingan Dzapakostaning Italiyaga qaytishini ham ko‘rish qiziqarli bo‘lsa kerak. «Yuventus»dan o‘tgan Leonardo Spinatssollada esa kichik jarohat bor.

«Latsio» mavsumni juda yaxshi sport formasida boshladi. Mavsumoldi o‘tkazilgan barcha to‘rt o‘yinda rimliklar g‘alaba nashidasini surishdi. Mag‘lub etilgan jamoalar ichida APL vakili «Bornmut», Ispaniyaning «Selta» klublari borligi ham natijalar jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Birinchi turda esa «Sampdoriya» kabi kuchli raqib safarda yirik hisobda «yer tishlatildi». Chiro Immobile hamon gol urishda davom etmoqda, Milinkovich-Savich bu safar ham hech qayerga ketmadi, Alberto, Lulich, Parolo va Korrea kabi futbolchilar esa ishonchni oqlashda davom etishmoqda. Simone Indzagi derbida faqat Jordan Lukaku xizmatidan foydalana olmaydi, xolos.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, so‘nggi yillarda tabiiyki, «Roma»ning ustunligi bor, ammo o‘tgan bahordagi oxirgi Rim derbisida «Latsio» 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

«VILYaReAL» – «ReAL» (1 sentabr, 23:55)

Turnir jadvalidagi holatdan qat'i nazar, ushbu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi o‘yinlar juda qiziqarli kechmoqda. Madriddagi oxirgi uchrashuv mezbonlarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, Vilyarealdagi so‘nggi ikki uchrashuvda 2:2 hisobi qayd etilgan. Har ikki o‘yinda ham «Real» hisobda oldinda borgan, ammo so‘nggi o‘n daqiqadagi faollik evaziga «Vilyareal» o‘yinlarni qutqarib qolishga erishgandi. Qizig‘i, ushbu stadionda «Real» g‘alaba qozongan so‘nggi o‘yin – 2017 yilning fevralida ham juda keskin kurash kechgan. Mezbonlar ikkinchi bo‘limda ikki to‘p farqi bilan oldinda borishganiga qaramasdan, o‘yin oxirlarida madridliklar uch gol urishgandi. Demak, bu o‘yinni o‘tkazib yuborish mumkin emas.

«Real» juda qiyin ahvolda. Mavsumni ishonchli g‘alaba bilan boshlashganiga qaramasdan, tarkibdagi jarohatlar ham mavsumoldi yig‘inlariga, ham dastlabki turlarga ta'sir qilishi tayin edi. «Valyadolid»ga kechgan uchrashuvda madridliklar to‘pni yaxshi nazorat qilgan bo‘lishsa-da, vaziyatlar yaratish borasida muammolar ko‘zga tashlangandi. Azar, Mendi, Asensio, Dias kabi jarohatlangan futbolchilar safiga, endi Isko va Xames ham qo‘shildi. Zidan tarkib tanlashda muammolarga duch kelishi mumkin. Mezbonlar tarkibida jarohatlangan futbolchilar Soriano, Moreno va Penyaning ham o‘rni beqiyos, albatta.

«Vilyareal» hali mavsumda g‘alaba qozonmagan bo‘lsa-da, vaziyatlar yaratish va gol urishda muammolarga duch kelgani yo‘q. Jamoa ikki turdan so‘ng, besh gol urib, «Barselona» bilan birgalikda liganing eng sermahsul jamoasi bo‘lib turibdi. Shu bilan birga faqat so‘nggi o‘rindagi «Betis»dan kamroq gol o‘tkazib yuborilgan, xolos – 6ta. «Real»ning himoya va hujumdagi muammolarini e'tiborga olsak, «Vilyareal» Zidan jamoasining bugungi holatida eng noqulay raqiblardan biri bo‘lishi shubhasiz.

BOShQA O‘YINLAR.

30 avgust. SeVILYa – Selta (23:00), Borussiya M – LeYPsIG  (23:30), Mets – PSJ (23:45) 

31 avgust. Sauthempton – MANCheSTeR YuNAYTeD (16:30), BAVARIYa – Mayns (18:30), CheLSI – Sheffild (19:00), MANCheSTeR SITI – Brayton (19:00), Osasuna – BARSeLONA (20:00), LION – Bordo (20:30), MILAN – Breshiya (21:00), Byornli – LIVeRPUL (21:30), Soyuz Berlin – BORUSSIYa D (21:30),

1 sentabr. ATLeTIKO – Eybar (22:00), Kalyari – INTeR (23:45)

Ko‘proq yangiliklar: