Bugun, 29 avgust kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Bosh prokuratura hamkorligida «Yoshlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faol dunyoqarash va mustahkam fuqarolik nuqtai nazarni shakllantirish» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda mutasaddilar korrupsiyaga qarshi kurash borasida tashkilotlar tomonidan o‘zaro hamkorlikda qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berib, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytarishgan.
Tadbir davomida Oliy ta'lim tizimida quyi darajadagi, ya'ni, o‘quv yurtlariga qabul qilish, kirish imtihonlari, oraliq va bitiruv imtihonlarini topshirish va boshqa jarayonlarda uchraydigan korrupsiya holatlaridan aziyat chekkan yoshlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi yoshlar siyosatini yuritishdagi vakolatli organ sifatida qanday ishlarni amalga oshirayotgani, shu paytga qadar qancha yoshlar tashkilot ko‘magidan foydalangani haqida savol bilan murojaat qilindi.
«To‘g‘ri aytdingiz, Oliy ta'lim tizimida nisbatan korrupsiya holatlarining ko‘proq uchrashi rost. Lekin to‘g‘risini aytsam, bizda bu borada aniq raqamlar yo‘q, statistika shakllantirilmagan», deya O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bo‘lim mudiri Akmal Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
«O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlar uchun bepul yurist maslahati tashkil qilingan. Agar biror ta'lim muassasasining o‘quvchisi korrupsiya holatidan aziyat cheksa biz unga bepul yordam ko‘rsatishimiz mumkin», deya javobni to‘ldirgan tashkilot matbuot xizmati rahbari Nodir Abduqodirov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ustavining II bob 2.2 bandida yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tashkilotning vazifalarida qatorida keltirilgan.