Andijonda aldangan ayollar haqidagi kottej mashmashasi hali ko‘pchilikning yodida. Ushbu mojaro ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida yashovchi Aliyevlar oilasi ham shunga o‘xshash vaziyatda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning yanvarida mazkur hududga tashrifi davomida eski, holati haminqadar bo‘lgan tuman tibbiyot birlashmasida ham bo‘lgan edi. Bemorlar bilan suhbat davomida davlat rahbari yoshi ulug‘ onaxonga, bir yilda ikki farzandidan ayrilgan ayol Zulayho Aliyevaga «otasiz qolgan nabiralaringiz uchun» deb uy sovg‘a qilgandi.
O‘sha onaxonning o‘g‘li, sayt tahririyatiga murojaat qilgan Umarali Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan bir yarim yildan buyon uydan darak yo‘q, davlat rahbarining sovg‘asini olmoqchi bo‘lgan bu oila hokimliklar o‘rtasida sarson bo‘lib kelmoqda. Biz holatga oydinlik kiritish maqsadida oila yashab kelayotgan xonadonga yo‘l oldik.
Kamsuqumgina o‘zbek oilasi bilan uchrashdik. Bir piyola choy ustida suhbatimiz boshlandi. So‘zni avval kattalarga berdik.
«2017 yil, yangi yil arafasida uyda o‘zim qolgandim. Buvisi (Zulayho Aliyev – tahr.) ham o‘g‘limnikiga chiqib kelaman, deb borgan edi. Kechki soat 2:00lar chamasi o‘g‘lim yugurib chiqdi. «Onam shifoxonaga tushib qolibdi» dedi. Shifoxonaga borsam hushsiz yotgan ekan. Ertalab borsam o‘ziga kelibdi. Shundan so‘ng 3-4 kun davolandi. Keyin, 5 yanvar kuni prezidentimiz shifoxonaga kirib kelgan. Kirib aynan bularning oldiga kiribdi va muloqot qilibdi. O‘sha kuni kechki vaqt oldimga muxbirlar kelishdi. Men nimalar bo‘layotganini tushunmadim. Uy sovg‘a qilinganini aytishgandi, prezidentdan uy so‘rabdimi deb hayron bo‘lib savol berdim. Kelganlar «Bu uy siz uchun ham emas, ayolingiz uchun ham emas. Prezident uyni 3 nafar yetim qolgan nevaralaringiz uchun berdi. Kirsak maylimi?», deb do‘q qilgannamo gapirishdi. Faqat hammasini to‘g‘ri yetkazinglar, birovning ortidan kimdir kaltak yeb qolmasin, deya yig‘lab tushuntirdim. Muxbirlar sovg‘a to‘liq olinguncha tepasida turishlarini aytishdi. Ikki kundan keyin hokimiyatga chaqirishdi. Tuman hokimi bilan gaplashdim. Badallar, uy narxlari haqida aytishdi. «Kechirasizlaru, menga uy beringlar demaganman. Nevaralarimga uy sovg‘a qilinibdi. Sizni tushunmayapman. Bir xonali uy taklif qilyapsiz, butun dunyo eshitdi-ku 3 xonali uy sovg‘a qilinganini. Oradan bir kun o‘tiboq, 1 xonaliga tushib qoldi. Men bunday uyni olsam, prezidentimiz lafzsizga chiqib qoladi-ku» dedim. Shundan keyin hokim achchiqlanib ketdi va «3 xonali uy deyilgan bo‘lsa 3 xonali, 3 qavatli deyilgan bo‘lsa 3 qavatli uy qurib beramiz sizga. Siyosatga aylantirmang», dedi.
Keyin 2018 yilda qurilishi rejalashtirilgan uylardan berishlarini aytishdi. Men rozi bo‘ldim. Shoshilinch bo‘lsa, boshqa tumanlardan topib beray dedi. Bu sovg‘aligini, qanday qilib shoshilinch bo‘lishi mumkinligini aytdim. Shundan keyin viloyat hokimiga tilxat yozishimni so‘rashdi. Bir xonali uyni rad etdim, 2018 yilda quriladigan uylardan 3 xonalisini olishga roziman, deb yozishimni aytishdi. «Bir xonali uyni rad qilish» haqidagi joyiga e'tiroz bildirdim. Axir, 3 xonali deyilgan-ku dedim. Bizga berilgan javob xatida esa «siz sharoitingiz og‘irligi va boshlang‘ich to‘lovini to‘lay olmasligingiz sababli» degan so‘zlar ishlatilmoqda. Badal, boshlang‘ich to‘lovlar, bizning sharoitimiz og‘irligi haqida gaplar qayerdan keldi?», – deydi oila boshlig‘i Muhammadzufar Aliyev.
Shundan so‘ng, prezident bilan yuzma-yuz gaplashgan onaxon Zulayho Aliyevadan fikr so‘radik.
«O‘shanda bir kun oldin komissiya kelishini aytishdi. Hamma joyni tozalashdi. Ertalab shifokorlar davlat rahbari kelishini aytib qolishdi. Palatalarni tekshirishdi. Palatamiz yaxshiligini, agar ko‘ngillari to‘lmayotgan bo‘lsa eshigimizni yopib qo‘yishimizni aytdim. Shundan so‘ng, bizning palata eshigini berkitishdi. Qolgan eshiklar ochiq qoldi. Xonamizdan nariroqda majlis o‘tkazadigan xona bor edi. Majlis bo‘lib, keyin qaytib ketishdi. Men sheriklarimni tinchlantirib, prezident bu yerga sharoit yaratib berish uchun kelishini, sharoitni ko‘rib ketishga qiziqishini aytdim. Shu gapni aytganimni bilaman eshik ochildi va prezident kirib keldi. Avval eshikning yonida yotgan ayol bilan gaplashdi, hol-ahvol so‘radi. Keyin men bilan suhbatlashdi. «Yaxshimisiz, onajon? Nima bo‘ldi sizga? Nega yotibsiz hamma joyingiz ko‘kargan holda?», deya savol berdi. Men 8 yil oldin qizimdan, bir yil ichida ikki o‘g‘limdan ayrilganimni, balki shu yo‘qotishlar ta'sirida yiqilib qolganimni aytdim. Katta o‘g‘limdan qolgan nevaralarim haqida ham gapirdim.
«Men shu 3 go‘dakning o‘ksik qalblarini ozgina bo‘lsa ham ko‘tara olsam, 3 xonali uy ularga sovg‘a. Yana nima muammo?», deb so‘radi. Men pensiya masalasida muammo borligini, hali ham hal bo‘lmayotganini aytdim. Prezident bu muammoni ham hal qilishga ko‘rsatma berdi. Lekin bu masala hal bo‘lmadi. Uy masalasida tuman hokimiga bordim. U bu ishni Yangiyo‘l shahar hokimi hal qilishini aytdi. Bizga hali buyruq kelgani yo‘q deya izoh berdi. Hozirgacha otangga bor, onangga bor bo‘lyapti», deydi onaxon.
«Menga qog‘oz gapiradi»
Yoshi ulug‘lar bunday ishlarga kuchi, asabi yetmasligi sabab yugur-yugur ishlarni farzandlari Umarali Aliyevga topshirishadi. Voqealarning davomini u kishidan so‘radik.
«Prezident onam bilan uchrashganidan so‘ng, onamni davolatish uchun Respublika kardiologiya bo‘limiga o‘tkazishganini aytishdi. Tez yetib kelishimni so‘rashdi. Men Toshkentga bordim, o‘sha jurnalist qiz bilan uchrashdim. Ma'lum vaqt o‘tganidan so‘ng, tuman hokimi oldiga bordim. 3 nafar yetim bolaga berilgan uy bo‘yicha kelganimni aytdim. Hokim shaxsan menga buyruq berilgani yo‘q, dedi. Menga qog‘oz gapiradi. O‘zboshimchalik davlat uyini, mulkini senga berolmayman, dedi», deya tushuntirish berdi u.
Xonadon egalari bilan suhbatimiz chog‘ida ularning uyga muhtojlik joyi yo‘qligi, davlat rahbari uyni 3 norasida go‘dak uchun bergani sababli so‘rab borishganini aytishdi.
«30 yoshidayoq vafot etib ketgan farzandimga Xudoyimning nazari tushgan ekanki, davlat rahbarining diliga solibdi. Endi agar bermaymiz deyishsa va biz ularning rizqi uchun kurashmasak, bu otasiz bolalarning haqqi endi bizning bo‘ynimizda qoladi», deydi otaxon.
Hokimlikning va'dalari
Suhbatdan so‘ng tuman hokimligi tomon yo‘l oldik. Biroq hokimlik binosiga kirganimizda tuman hokimi topshiriq bilan boshqa viloyatda ekanligini aytishdi. Bizni tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari O‘tkir Rashidov qabul qildi.
«Bu ish muammo bo‘layotganidan xabarim yo‘q. Birinchi marta to‘qnash kelyapman. Tumanning «Umid» nomli hududidan hokimlik mahalliy budjeti hisobidan 5ta ikkiqavatli uylar qurilmoqda. U joydan ham berishimiz mumkin. Bundan tashqari, 2019-2020 yillarga belgilangan «Yo‘l xaritasi»ga muvofiq ko‘pqavatli uylar quriladi. Shu uylardan ham berish imkoniyatimiz mavjud. Muammo bo‘lmaydi», deya ta'kidladi mas'ul shaxs.
Tuman hokimi o‘rinbosari bir necha bor «bu prezident tomonidan berilgan sovg‘a va bizga aytilgan topshiriq. Davlat rahbari aytgan topshiriq muhokama qilinmaydi. Hoziroq masala hal qilinadi» deb qat'iy ohangda va'da berdi.
Prezident tomonidan aytilgan yana bir masala, Zulayho Aliyevaning pensiyasi masalasida tuman xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nilufar Normirzayeva bilan qo‘ng‘iroqlashdik. Mutasaddi ayol bu ishni o‘z nazoratiga olib, tez orada hal etilishini aytdi.
Yangiyo‘lda hozircha shular. Prezident bir yarim yil avval 3 nafar yetim bolaga uy sovg‘a qilinishini va'da qilgan, bemor onaxonga ko‘mak ko‘rsatgandi. Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar mahalliy hokimiyat tomonidan hozircha bajarilmagan, ammo va'dalar berildi. Umid qilamizki, hokimlik vakillari o‘z va'dalarida turishadi va prezident bergan topshiriqni oxiriga yetkazishadi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi
Bahodir Ahmedov