Urgutda mast holda rulga o‘tirib, piyodaning hayotiga zomin bo‘lgan haydovchi aslida nima bo‘lganini eslolmadi

Jamiyat 16:25 / 29.08.2019 9490

1963 yilda Urgutda tug‘ilgan Sh.M. o‘ziga tegishli «Nexia» avtomobilida amaldagi yo‘l harakati qoidalarining bir nechta bandlarini buzib, boz ustiga mast holda avtomashina boshqargan.

Oqibatda Urgut tumani «Quyiqishloq» mahallasi ichki yo‘lida shu mahallada yashovchi piyodani urib yuborib, og‘ir jarohat yetkazgan. Haydovchi fuqaroning hayoti xavf ostida qolgani, unga tibbiy yordam kerak ekanini bilgani holda voqea joyidan qochib ketgan. Natijada, olgan tan jarohatlari tufayli piyoda voqea joyida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudi sudyasi A.Ahmadov raisligida o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi M.Sh. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Uning ma'lum qilishicha, o‘sha kuni u tanishining uyida to‘yda ko‘p miqdorda aroq ichgan. O‘g‘li qarshilik qilganiga qaramay avtomashina boshqarishda davom etgan. Mashinada yana bir tanishining uyiga borib u yerda ham spirtli ichimlik ichgan.

Haydovchi davomli aroq ichishlardan so‘ng nima bo‘lganini, qayerlarga borganini eslolmasligi, kechasi uyiga IIB xodimlari kelib, voqeani bayon qilganini aytib berdi.

Sudda M.Sh. aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan, guvohlarning ko‘rsatmalari ham isbotini topgan. Unga 6 yillik qamoq jazosi tayinlandi. 

Ko‘proq yangiliklar: