O‘zbekistonda ayrim shaxslarning pasporti amal qilishi to‘xtatib turiladi

O‘zbekiston 11:58 / 29.08.2019 61103

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi:

quyidagi mazmundagi 28-1-bob bilan to‘ldirildi:

«28-1-bob. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish

254-1-modda. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish maqsadi va asoslari

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish, uning bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportdan (harakatlanish hujjatidan) foydalanib, O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketishi yoki xorijda harakatlanishi mumkin, deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, mazkur pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi to‘xtatib turilishi mumkin.

Ayblanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi masala ushbu bobda belgilangan tartibda, sudlanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish haqidagi masala esa, ushbu Kodeksning 423-moddasida nazarda tutilgan tartibda sud tomonidan hal qilinadi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e'lon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tugatishga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning huquqiy maqomini bekor qilishga sabab bo‘lmaydi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish deganda pasportning, biometrik pasportning, xorijga chiqish uchun biometrik pasportning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs harakatlanish hujjatining amal qilishini vaqtinchalik to‘xtatib turish tushuniladi.

254-2-modda. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish

Prokuror, tergovchi, surishtiruvchi pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqida mazkur protsessual majburlov chorasini qo‘llash asoslarini bayon etgan holda qaror chiqaradi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorda pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish zaruriyati yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan asoslar bayon qilinadi. Qarorga iltimosnomani asoslovchi zarur materiallar ilova qilinadi.

Surishtiruvchining, tergovchining pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarori va zarur materiallar prokurorga yuboriladi.

Prokuror pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomaning asosliligini tekshirib, unga rozi bo‘lgan taqdirda, pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida iltimosnoma qo‘zg‘atish haqidagi qarorni va zarur materiallarni sudga yuboradi.

254-3-modda. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilayotgan joydagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi tomonidan, mazkur sudlarning sudyasi bo‘lmagan yoxud pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi materialni ko‘rib chiqishda uning ishtirokini istisno etuvchi holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda esa, jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining ko‘rsatmasiga binoan boshqa tegishli sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqiladi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e'tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Sud majlisida prokuror, shuningdek, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, himoyachi va qonuniy vakil ishtirok etadi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish prokurorning ma'ruzasi bilan boshlanib, u davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e'lon qilingan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatish zaruriyatini asoslab beradi. So‘ngra himoyachi, sudda hozir bo‘lgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi. Shundan keyin sudya ajrim chiqarish uchun alohida xonaga (maslahatxonaga) chiqadi.

254-4-modda. Sud ajrimi

Sudya pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, quyidagi ajrimlardan birini chiqaradi:

1) pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida;

2) pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishni rad etish haqida.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimida: qidiruv e'lon qilingan ayblanuvchi yoki sudlanuvchi haqidagi ma'lumotlar; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish asoslari ko‘rsatiladi.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishni rad etish haqidagi sudyaning ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.

Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi yoki pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishni rad etish haqidagi sudyaning ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e'tiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi ijro etish uchun prokurorga, ma'lumot uchun esa, himoyachiga yuboriladi.

Sudyaning ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e'tiboran qirq sakkiz soat ichida ayblanuvchining yoki sudlanuvchining himoyachisi va qonuniy vakili tomonidan shikoyat berilishi yoxud apellyatsiya tartibida prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali berilib, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart.

Shikoyat yoki protest berish pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimi ijrosini to‘xtatib turadi.

Apellyatsiya instansiyasi sudi mazkur materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e'tiboran qirq sakkiz soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.

Apellyatsiya instansiyasi sudi apellyatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:

sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa, qanoatlantirmasdan qoldirishga;

sudyaning ajrimini bekor qilishga va pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishga yoki pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishni rad etishga haqli.

254-5-modda. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi sud ajrimi ustidan shikoyat berish

Pasportining (harakatlanish hujjatining) amal qilishi to‘xtatib turilgan shaxs pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi sudyaning ajrimi ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e'tiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.

254-6-modda. Amal qilishi to‘xtatib turilgan pasport (harakatlanish hujjatining) o‘rniga yangi pasport (harakatlanish hujjati) berish

Ayblov hukmi chiqarilganda yoki ushbu Kodeksning 84-moddasi asosida aybdorlik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilganda surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning qaroriga ko‘ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yangi pasport (harakatlanish hujjati) berilishi bilan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishi tiklanadi».

Ko‘proq yangiliklar: