Xorazm viloyatining Xiva shahrida O‘zbekistondagi ilk «Yoshlar mehmonxonasi» foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Kun.Uz muxbiri.
![](https://storage.kun.uz/source/4/c50vWbBGdeeg7sE_ZMluLRJEaOERLedD.jpg)
28 avgust kuni mehmonxonaning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Xiva shahar hokimi Sobir Jumaniyazov, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Bunyodbek Baxrombekov hamda «Yoshlar turizm agentligi» MChJ direktori Kamola Ismailova, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etishdi.
«Yoshlar mehmonxonasi» O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga asosan qurildi va foydalanishga topshirildi. Qayd qilish joizki, bu O‘zbekistondagi ilk «Yoshlar mehmonxonasi» bo‘ldi.
Ochilish marosimidan so‘ng mehmonlar «Yoshlar mehmonxonasi»da yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Shuningdek ular uchun bayram dasturxoni to‘shaldi va Ichan-qal'a tarixiy majmuasiga ekskursiya uyushtirildi.
«Yoshlar mehmonxonasi»da 30 nafar xodim ish bilan ta'minlangan. Bu yerda jami 60ta xona bo‘lib, shundan 29tasi xostel uchun mo‘ljallangan. Mehmonxona bir vaqtning o‘zida 300 nafar mijozni qabul qila oladi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun tennis, bilyard va fitnes zallari, mehmonlarga biznes faoliyatida ko‘maklashuvchi kovorking markazi tashkil etilgan. Majlislar va tadbirlar o‘tkazish uchun konferensiya zali mavjud.
Nurmuhammad Said