Vazirlik va idoralarda innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha mas'ul xodim lavozimi joriy qilinadi - Innovatsion rivojlanish vazirligi

Jamiyat 16:52 / 28.08.2019 2044

28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Birlashgan Arab Amirliklarining Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha va kelajak vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining davlat organi vakillari uchun “Innovatsiya boshqaruvi” bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.  

Xabarda aytilishicha, mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish uchun Birlashgan Arab Amirliklarining moliyaviy va texnik yordamini jalb etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilmoqda. Bu esa davlat boshqaruvi organlari xodimlarining innovatsiyalar sohasidagi malakasini oshirishga xizmat qilishi ta'kidlangan. 

Trening natijalariga ko‘ra vazirlik va idoralarda innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha mas'ul xodim lavozimi joriy qilinishi kutilmoqda. 

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ayni paytda mamlakatimizda hamkorlikning 17 yo‘nalish bo‘yicha mahalliy kadrlarni qayta tayyorlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidlagan.

— O‘tkazilayotgan seminar va treninglar davlat xizmatchilarining xalqaro ekspertlardan yangi bilim va malakalarni o‘zlashtirishlari uchun mo‘ljallangan. Bu o‘z navbatida ish samaradorligini oshirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, tashabbuskorlik va natijadorlikka erishishga olib keladi. Hamkorlik doirasida o‘tkazilgan tadbirlar muhim ahamiyatga ega ekanini isbotlamoqda, mamlakatimiz uchun bunday keng hamkorlik ayni muddaodir, — degan A.Abduhakimov.

BAA hukumatida ish samaradorligini oshirish yo‘li bilan innovatsiyalarni joriy qilish maqsadida BAA vazirlik va idoralarida “Innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha mas'ul” lavozimi joriy qilingan bo‘lib, u davlat organlariga innovatsiyalarni joriy etish hamda xizmatchilarning innovatsion madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha mas'ul shaxs g‘oyalar taklif etadi, innovatsion tashabbuslar ishlab chiqadi, BAAning dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lishini ta'minlaydi.

Muhammad bin Rashid nomli Markaz direktori Xud Al-Xashimiy bu tizimni shunday izohlagan:

— Aksariyat hollarda innovatsiyalar bu intizom, reja va boshqaruv jarayonlari natijasidir. Innovatsiyaga har qanday loyiha kabi yondoshish, ya'ni maqsadlarni belgilash, bosqichlarga bo‘lish, muddatlarni belgilash, samaradorlikni baholash, shuningdek, inson va moliyaviy resurslarni jalb etish zarur.

Innovatsiya alohida odamlar, xususiy tashkilotlar va davlat tomonidan innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish va yangi mahsulotlarni taqdim etish orqali xalqning turmush sifatini o‘sishini ta'minlaydi. Shu bilan bir qatorda aynan innovatsiyalar iqtisodiy barqarorlikni ta'minlaydi, raqobatbardoshlik darajasini oshiradi, daromadlarning o‘sishiga sabab bo‘ladi, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga ko‘maklashadi. BAAning bu boradagi tajribasini o‘rganishga qaratilgan mazkur tadbir o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: