2018 yil 27 iyun sanasi yurtimiz yoshlari hayotida yangi sahifa ochilgan kun sifatida tarixga muhrlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi tasdiqlandi. Mazkur hujjatning muhimligi shundaki, u joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek yoshlar bandligini ta'minlashga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan edi.
Xabaringiz bor, mazkur dasturning ijrosini ta'minlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi. Hozirda respublikamizning barcha tuman-shaharlarida Jamg‘arma filiallari tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berib, bankdan kredit olishiga ko‘maklashib, har jabhada qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Tadbirkorlik qilmoqchimisiz?! Unda «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasiga murojaat qiling!
Tadbirkorlik nima? Tadbirkor bo‘lish uchun, avvalo, nimalarga e'tibor qaratish kerak? Bugun yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday imkoniyat va imtiyozlar mavjud? Bu haqida javob olmoqchi bo‘lsangiz, hududingizdagi «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasiga murojaat qiling. Chunki u ish so‘raganga ish, kredit so‘raganga kredit, yer so‘raganga yer bera oladigan tuzilmaga aylanib ulgurgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqib, «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan joriy yilda Davlat dasturi qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi takliflari asosida jami 8 913ta biznes loyihalari har bir hududning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda sohalar kesimidagi manzilli ro‘yxati ishlab chiqildi.
Mazkur loyihalar ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha respublikaning barcha tuman-shaharlaridan taklif qilingan loyihalar ichida eng istiqbollilaridir.
«Yoshlar – kelajagimiz» ham tadbirkorlik faoliyatiga ko‘maklashadi, ham ish bilan ta'minlaydi.
«Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturining yana bir muhim jihati, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan birga ularni ish bilan ta'minlanishiga ham ko‘maklashayotganligidir. Joriy yilning 26 avgust holatiga ko‘ra, yoshlarning 1 735ta biznes loyihalariga jami 380,0 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Ajratilgan kredit mablag‘lari hisobiga joriy yil davomida 12 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda esa rejaga muvofiq tarmoq jadvaliga muvofiq 7 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Moliyalashtirilgan loyihalarning 174,8 mlrd. so‘mlik 798tasi ishlab chiqarish, 136,8 mlrd. so‘mlik 625tasi xizmat ko‘rsatish hamda 68,4 mlrd. so‘mlik 312tasi qishloq xo‘jaligi sohalariga to‘g‘ri keladi.
2019 yilning o‘zida hozircha chekka-chekka hududlarimizda 8ta «Yosh tadbirkorlar» kovorking markazi hamda 49ta «Yoshlar mehnat guzari» komplekslari qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mazkur komplekslarda 33ta savdo do‘koni, 29ta tikuv sexi, 26ta ayollar va erkaklar saloni, 24ta novvoyxona va qandolat sexi, 18ta avtoservis, 15ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 12ta hunarmandchilik ustaxonasi, 9ta o‘quv markazi, 5tadan «Book cafe», kitob do‘koni, telefon tuzatish ustaxonasi, kompyuter xizmati, fotostudiya, dorixona va boshqalar tashkil etildi. Bu degani yoshlar ish bilan ta'minlandi, xalqqa sifatli xizmat ko‘rsatish boshlandi degani. Hozirda ushbu markaz va guzarlarda 479 nafar yosh qizg‘in ish jarayonida.
Shuningdek, Davlat dasturi doirasida yoshlarning umumiy qiymati
9,1 mlrd. so‘m 11ta loyihasiga Jamg‘arma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga ko‘maklashildi.
Yoshlarni nafaqat loyihalarini moliyalashtirish, balki ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bozorini topishga ko‘maklashish Jamg‘armaning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Shu maqsadda, 2018 yilning dekabr oyida Toshkent shahridagi «Yoshlar ijod saroyi»da «Yosh tadbirkorlar» Forumi tashkil etilib, unda 100 nafar Davlat dasturi orqali kredit mablag‘lari ajratilgan yosh tadbirkorlar hamda 30ga yaqin Xitoy Xalq Respublikasi kompaniyalari vakillari zamonaviy texnologiyalari va ishlab chiqarilgan mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Forumda yosh tadbirkorlar tomonidan chet ellik hamkorlar bilan 300 ming AQSh dollari va mahalliy tadbirkorlar bilan 2 mlrd so‘mdan ortiq kelgusidagi savdo hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan shartnomalar imzolandi.
Forum doirasida tashkil etilgan tadbirlarda 5 ming nafarga yaqin chet ellik va mahalliy tadbirkorlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, Davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar ishtirokida 200ta tuman (shahar) larda ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdo yarmarkalari tashkil etildi. Savdo yarmarkalari doirasida 34 ming nafarga yaqin tadbirkorlik faoliyatiga qiziqqan yoshlar jalb qilindi.
O‘tgan davr mobaynida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida xorijiy davlatlar bilan manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi o‘rtasida yoshlar masalalari bo‘yicha o‘zaro samarali hamkorlik munosabatlari o‘rnatildi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish borasida «O‘zbekiston-Rossiya yoshlar biznes forumi» o‘tkazildi. Hamkorlikning ustuvor vazifalari sifatida ikki mamlakatning yosh ishbilarmonlari o‘zaro tajriba almashishi bilan birga, qo‘shma biznes loyihalarini amalga oshirish, yangi korxonalar tashkil etish, axborot texnologiyalari, raqamli tijorat kabi sohalar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilanib, hamkorlik natijasida ikki mamlakatning yosh ishbilarmonlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga ko‘maklashishga qaratilgan «Yoshlar biznes inkubatori» tashkil etildi.
Tadbirlar doirasida ikki mamlakat yosh tadbirkorlari uchun mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, qo‘shma tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida soha mutaxassislari tomonidan mahorat darslari hamda mamlakatimizda yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishtirishga qaratilgan biznes sayohatlar, sohada hamkorlik masalalariga oid uchrashuvlar tashkil etildi.
Bundan tashqari imtiyozli kredit olib o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar tomonidan 2019 yilda jami 500 ming AQSh dollaridan ziyod miqdorda eksport qilishlariga ko‘maklashildi.
Yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirayotgan loyihalar
«Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi yoshlarni tadbirkorlikka qiziqtirish, mazkur sohaga oid bilimlarini oshirishiga ko‘maklashish, biznes loyiha ishlab chiqish yo‘llarini o‘rgatish maqsadida turli xil loyihalar ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etmoqda.
Respublikaning barcha hududlarida «Tadbirkorlik sirlari», «Biznes reja qanday tuziladi?», «Tadbirkorlik sub'yektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar», «Kredit va soliq siyosati» kabi mavzularda 715ta biznes seminarlar, muvaffaqiyatga erishgan mashhur tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbirlarda 28 ming nafardan ortiq yoshlarning malakalari oshirildi.
Davlat dasturining mazmun-mohiyatini yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlarni hududdagi yirik va samarali faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik loyihalari bilan tanishtirish maqsadida joylardagi 1046 marotaba yirik ishlab chiqarish korxonalari, texnoparklar va sanoat zonalariga biznes-sayohatlar tashkil etilib, ularga 35 544 nafar yoshlar jalb etilib, uyushtirilgan biznes sayohatlar natijasida 1487 nafar yoshning bandligi ta'minlanishiga erishildi.
Albatta, tengdoshlarini ish bilan ta'minlayotgan, uzoqni ko‘ra oladigan ishbilarmon tadbirkorlar turli sohalarda xalqimizning farovon turmush kechirishi, Vatanimizning taraqqiyoti uchun o‘z hissasini qo‘shayotgani har jabhada sezilib turibdi. Bugun ular tadbirkorlar jamoasini shakllantirgan holda jahon bozorlarida, biznes maydonlarida g‘oliblik uchun raqobatlashayotgan yirik kuchga aylangan. «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi esa ularning eng yaxshi g‘oyalarini, biznes loyihalarin qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.