2019 yilning 25 avgust kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsuli Fariddin Nasriyev yo‘l-transport hodisasida jarohatlanganlarga yordam berishda mardonavor harakati uchun O‘zbekiston fuqarosi Danil Yo‘ldoshevga tashakkurnoma topshirdi. Bu haqda TIV xabar bermoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/4/JMppSxozDMF2w80EcKeh0prR77dSzjmk.jpg)
2019 yilning 17 avgust kuni Perm shahrida shahar avtobusi YTHga uchrab binoga urildi. Natijada bir kishi hodisa joyida vafot etdi, 32 nafar shaxs jarohat oldi. Mashg‘ulotga ketayotgan hamyurtimiz to‘xtagan va mardonavor yordam berishni boshlagan. U qiyshayib ketgan orqa eshiklarni buzib avtobusdan odamlarni olib chiqishni boshlagan hamda o‘tib ketayotgan mashinalar haydovchilaridan jarohatlanganlarni kasalxonaga eltishni so‘ragan. U «tez yordam» kelganidan so‘ng ham shifokorlarga yordam berishda davom etadi.
Danil Yo‘ldoshev Toshkentdan Permga ko‘chib borgan. U yerda o‘rta ta'limni olgan va hozirda ishlamoqda. Boks bilan shug‘ullanadi. Uning qarindoshlari O‘zbekistonda yashaydi.
Bosh konsulxonada O‘zbekiston fuqarosiga mardonavor harakati va insonparvarligi uchun tashakkurnoma topshirish marosimida bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinov hamda oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari Murodullo Xolmuhamedov ishtirok etdi va tashakkurnomaga imzo chekdi.
Avvalroq, Danil Yo‘ldoshev insonlarni qutqarishda ko‘rsatgan jasorati va qat'iyligi uchun Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikovdan minnatdorlik xati olgandi. Uning YTHdagi jasorati Rossiya OAVda keng yoritildi