«100 million sarflab yo‘lni tayyorladik, asfaltdan darak yo‘q» - urgutliklar «dasturga kiritilgan» yo‘l ta'mirlanishini kutmoqda

Jamiyat 18:35 / 28.08.2019 17365

Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi aholi vakillari sayt tahririyatiga tumandagi yo‘llar ta'mirlanishi paysalga solinayotgani bo‘yicha murojaat qilishdi. 

«Pul yig‘ib berganmiz, ammo haliyam yo‘lni ta'mirlashmayapti», deyiladi murojaatda.

Urgutliklar o‘zlaridagi asosiy muammo sifatida yo‘llar masalasini aytishadi. Tog‘li hudud hisoblangan Urgutda yo‘l qurish oson emas, chunki qishda qor uzoq vaqt erimaydigan ko‘chalarni sifatli tarzda ushlab turish murakkab. Ammo ta'mirlanishi dasturga kiritilgan yo‘l hamon nobop holatda qolayotgani odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Urgutning Mozorteppa va Chorraha mahallalari orasidagi yo‘l mahalliy aholi hamda hokimiyatning kelishuviga ko‘ra ikki tomon ishtirokida ta'mirlanishi kerak bo‘lgan. Mahalla ahli vakillarining aytishicha, hokimiyat vakillari ularga «Yo‘llarni asfalt yotqizishga tayyorlanglar, Urgut tuman yo‘l qurilish DUK yo‘llarni asfaltlab beradi» deb aytgan. Shu kelishuvga ko‘ra, aholi o‘z hisobidan yo‘llarni asfalt yotqizishga tayyorlagan. Ularning so‘zlariga, suv oqishi uchun ko‘chalarga shviller va beton ariqlar yotqizish, maxsus texnika yordamida ko‘chalarni tekislash ishlariga 100 million so‘m atrofida xarajat qilingan. Bu pullarni odamlarning o‘zi yig‘ishgan. Ammo «dorotdel» va'da qilingan asfaltni yotqizib bermagan.

Bu masala yuzasidan Urgut tuman yo‘l qurilish DUK rahbari bilan uchrashdik. Tashkilot rahbarini Urgutning Algar mahallasida asfalt yotqizish jarayonida uchratdik. Uning aytishicha, Algarda ishlayotganlar turkiyalik yo‘l quruvchilar ekan. Urgut yo‘l qurilish DUK rahbari Mozorteppa va Chorraha mahallalari orasidagi yo‘l dasturga kiritilgani va bu yo‘l mustaqillik bayramigacha ta'mirlanishini aytdi.

Shu o‘rinda, Mozorteppa va Chorraha mahallalaridagi yana bir narsa e'tiborni tortdi. Ikkita mahalla binosi ham odamlar tomonidan ko‘rkam qilib ta'mirlangan va har ikki mahalla binosi ichida masjid bor, ammo bu masjidlar ishlamaydi, chunki ularning ochilishiga ruxsat berilmagan. 

Mahalliy aholining aytishicha, Mozorteppadagi masjid yuz yillik tarixga ega va bu Urgutning eng ko‘hna masjidlaridan. Aytishlaricha, masjid tahoratxonasi kengaytirilgach, uning rasman ochilishi va'da qilingandi. Mahalla ahli tahoratxonani kengaytirib, uni chiroyli ko‘rinishga keltirgan, ammo Samarqanddagi masjidlarga ehtiyoj eng yuqori bo‘lgan Urgutdagi bu ko‘hna masjid hamon ochilmayapti.

Chorraha mahallasidagi yangi qurilgan masjidda ham namoz o‘qilmaydi, chunki u yopib qo‘yilgan. Bu atrofdagi odamlar namoz o‘qish uchun Bog‘ishamol mahallasidagi masjidga borishga majbur bo‘lishmoqda. Bu masjid ham uzoq vaqtdan buyon ta'mirlanmoqda.

Xullas, Urgutda shunaqa gaplar. Urgutliklarning aytishicha, ularda muammo ko‘p emas, ammo borlariga ham e'tibor berilmayapti...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: