Xufiyona iqtisodiy faoliyat faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslar moddiy rag‘batlantiriladi

Iqtisodiyot 13:54 / 27.08.2019 21015

Davlat soliq qo‘mitasining “Soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash va xufiyona iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish faktlarini aniqlashda yordam bergan shaxslarni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslarning ma'lumotlari davlat soliq xizmati organlari tomonidan amaldagi qonun hujjatlari, shuningdek, ushbu Nizom talablariga asosan ko‘rib chiqiladi.

Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinadi.

Quyidagi asoslardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumot bergan jismoniy va yuridik shaxslar rag‘batlantiriladi:

yashirin ishlab chiqarish sexlari;

respublikamizga kontrabanda yo‘llari bilan olib kelingan tovarlar, shuningdek, kontrafakt va tegishli hujjatlari bo‘lmagan tovarlarni ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar (obektlar);

soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari, shu jumladan, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilayotgan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash “sxema”lari;

etil spirti, alkogolli va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tashish, saqlash yoki muomalaga kiritish.

Mazkur Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan va huquqbuzarlik holati soliq nazorati tadbirida to‘liq isbotini topgan taqdirda, soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarni rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Davlat soliq qo‘mitasining my2.soliq.uz caytida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar reyestri shakllantiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlar caytdagi “Soliq huquqbuzarligi haqida xabardormisiz?” rukni orqali yuboriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuboriladigan ma'lumotlarda quyidagilar ko‘rsatiladi:

jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR), yashash manzili, telefon raqami, rag‘batlantirish bo‘yicha mablag‘ni tushirish uchun bank plastik kartochkasi raqami va tijorat banki nomi, huquqbuzarlik tavsifi, sodir etish aniq manzili;

yuridik shaxs nomi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR), yuridik manzili, telefon raqami, rag‘batlantirish bo‘yicha mablag‘ni tushirish uchun bank hisob raqami va tijorat banki nomi, huquqbuzarlik tavsifi, sodir etish aniq manzili ko‘rsatiladi.

Ma'lumotlarga zarur hollarda qonun hujjatlari talablariga muvofiq foto va video tasvirlar ilova qilinishi mumkin.

Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida saytga kiritilgan ma'lumotlarga maxsus kod beriladi (uyali telefoniga SMS xabar yuboriladi) hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan murojaatchining shaxsi sir saqlanishi ta'minlanadi.

Davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘rib chiqish jarayonida qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) qo‘shimcha ma'lumotlarni olish zarur deb hisoblangan taqdirda, ma'lumot yuborgan jismoniy va yuridik shaxslardan qo‘shimcha axborotlarni va hujjatlarni talab qilib olishga haqli.

Soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar masalani mazmunan hal etishi shart bo‘lgan davlat soliq xizmati organiga kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqiladi.

Bunda, qo‘shimcha o‘rganish va (yoki) qo‘shimcha ma'lumotlarni so‘rab olish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishish lozim bo‘lgan hollarda, ma'lumotlar kelib tushgan sanadan boshlab bir oydan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan ma'lumotlarda noaniq va (yoki) yolg‘on axborotlar kiritilganligi aniqlangan taqdirda, bunday ma'lumotlar ko‘rib chiqilmaydi.

Bunda, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oldindan bila turib, qasddan yolg‘on va noto‘g‘ri axborotlar kiritilganlik holatlari aniqlanganda, davlat soliq xizmati organlari bunday jismoniy va yuridik shaxslarni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish haqida sud organlariga murojaat qiladi.

Jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlari taqdim etgan ma'lumotlarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi axborotni caytning “Soliq huquqbuzarligi haqida xabardormisiz?” ruknidagi “Natijalarni biling” bo‘limida tegishli kodni kiritish orqali oladilar.

Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarni moddiy rag‘batlantirish huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan soliq to‘lovchining ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘yicha tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasi tomonidan qaror qabul qilish asosida amalga oshiriladi.

Bunda, yuqori turuvchi yoki boshqa davlat soliq xizmati organlari tomonidan o‘tkazilgan soliq nazorati tadbirlari materiallari bilan birga, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumot bergan jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘risidagi ma'lumot ham soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan joy bo‘yicha tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyasiga yuboriladi.

Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslar, ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan har bir tasdiqlangan xabar uchun, nazorat tadbirlari natijasi bo‘yicha budjetga tushgan bir oylik soliq va majburiy to‘lovlar, shuningdek, undirilgan moliyaviy jarimalar yoki huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan tovar-moddiy boyliklarini sotishdan budjetga tushumlarning 5 foizi, biroq to‘lov muddatida amalda bo‘lgan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda pul mablag‘lari bilan rag‘batlantiriladi.

Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarga pul mablag‘larini to‘lash qoidabuzarlikni sodir etgan soliq to‘lovchi tomonidan bir oylik to‘langan soliq va majburiy to‘lovlar, shuningdek, undirilgan moliyaviy jarimalar yoki huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan tovar-moddiy boyliklarni sotishdan budjetga tushumlar amalga oshirilgan sanadan boshlab, o‘n kundan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.

Ushbu Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan holatlar haqida ikki va undan ortiq shaxs davlat soliq xizmati organlariga ma'lumot bergan taqdirda, bu haqda birinchi bo‘lib xabar bergan shaxs rag‘batlantiriladi.

Soliq to‘lovchilar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 54-moddasida belgilangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni amalga oshirish muddatini kechiktirish, shuningdek, moliyaviy jarima summalarini olti oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqidan foydalangan hollarda, soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumot bergan jismoniy va yuridik shaxslarga pul mablag‘larini to‘lab berish, soliq to‘lovchi tomonidan to‘lovlar amalga oshirilgandan keyin amalga oshiriladi.

Soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlashda yordam bergan jismoniy va yuridik shaxslarga pul mablag‘lari to‘lash xarajatlari Davlat soliq qo‘mitasining “Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur Nizom talablari asosida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha budjetga o‘tkazilgan pul mablag‘lari hisobidan davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga to‘langan pul mablag‘lari (jumladan, sud organlarining instansiyalarida soliq to‘lovchilar foydasiga hal etilgan qarorlari bo‘yicha) qaytarib olinmaydi.

Rag‘batlantirilgan jismoniy va yuridik shaxslarning hisobi to‘lovni amalga oshirgan davlat soliq xizmati organi tomonidan yuritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: