Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi “Uchqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yilayotgani haqida ma'lum qildi.
Korxona hidsizlantirilgan tozalangan paxta yog‘ini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Davlat aksiyalarini savdolarga qo‘yish sanasi va joyi – davlat aksiyalari 2019 yil 2 oktyabrdan “Toshkent RFB” AJ savdolariga qo‘yiladi.
Davlat aksiyalarini emitent ustav fondidagi foizi – 51,7 foiz. Savdoga chiqarilayotgan aksiyalarining umumiy soni – 527 746 (besh yuz yigirma yetti ming yetti yuz qirq olti) dona oddiy aksiya.
Bir dona aksiyaning nominal qiymati 3 034 (uch ming o‘ttiz to‘rt) so‘m bo‘lib, bir dona aksiyaning savdoga qo‘yishdagi boshlang‘ich narxi – 42 693 (qirq ikki ming olti yuz to‘qson uch) so‘m.
Aksiyalar paketining savdoga qo‘yishdagi boshlang‘ich narxi – 22 531 059 978 (yigirma ikki milliard besh yuz o‘ttiz bir million ellik to‘qqiz ming to‘qqiz yuz yetmish sakkiz) so‘m. Emitentning ustav fondi miqdori (pul ifodasida) – 3 094 683 034 (uch milliard to‘qson to‘rt million olti yuz sakson uch ming o‘ttiz to‘rt) so‘m.
Birja bitimi eng yuqori taklifni taqdim etgan talabgor bilan birja qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.