Toshkent shahar yangi bosh imom-xatibi Nuriddin domla Xoliqnazarov yangi binoda faoliyat boshladi. O‘MI Toshkent shahar vakilligi matbuot xizmati xabar berishicha, vakillik «Suzuk ota» majmuasida faoliyatini davom ettiradi.
Shu munosabat bilan 27 avgust kuni «Suzuk ota» majmuasida O‘MI raisi o‘rinbosari, bo‘lim boshliqlari hamda vakillik xodimlari, nuroniy otaxonlar va boshqa mehmonlar ishtirokida marosim bo‘lib o‘tdi. Unda an'anaga muvofiq qurbonlik qilinib, Qur'oni Karim oyatlari tilovat qilindi.
«Ma'lumki, ushbu majmua Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilib, ramazon oyida foydalanishga topshirilgan edi. «Suzuk ota» masjidi tarixiy maskanlardan biri bo‘lib, o‘tmishi bevosita Amir Temurga borib taqaladi. Vakillik binosining ayni shu majmuadan o‘rin olishi quvonarli va, inshaalloh, xayrlidir», deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda «Suzuk ota» majmuasi shahar markazida joylashgani va vakillik binosining mazkur joyda ish boshlashi maqsadga muvofiq ekani ta'kidlangan.
Toshkent shahriga yangi tayinlangan bosh imom-xatib Nuriddin domla Xoliqnazarov bugundan o‘z vazifasini bajarishga ayni shu maskanda kirishgan.