«Barselona» Neymarni qaytarish uchun oxirgi marta urinib ko‘radi

Sport 15:49 / 27.08.2019 11218

«PSJ» hujumchisi Neymar «Barselona»ga qaytishi ehtimoli saqlanib turibdi.

Marca manbasi ma'lumotiga ko‘ra, kataloniyaliklar klubi prezidenti Xosep Bartomeu klub rahbariyati vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan va unda braziliyalik futbolchini qaytarish variantlari muhokama qilingan. 

Qayd etilishicha, uchrashuvda ko‘k-anorranglilar klubi parijliklarga futbolchi uchun qancha to‘lashi masalasida qaror qabul qilingan. Shuningdek, transfer summasini kamaytirish uchun transferga kataloniyaliklarning bir yoki bir necha futbolchisi qo‘shilishi mumkin.

27 yoshli hujumchi uchun yana bir da'vogar «Real» hisoblanadi. Madridliklar klubi prezidenti Florentino Peres «Barselona»dan 2013 yili olg‘irlik qilgani uchun qasd olmoqchi.

Braziliyalik jurnalist Marselo Bexler tvitterida yozishicha, «Barselona» va «PSJ» bugun Neymar transferi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazadi.

Xabar qilinishicha, uchrashuvda «PSJ» nomidan klub egasi va prezidenti Nosir al-Xelaifi,  «Barselona» nomidan klub bosh direktori Oskar Grau qatnashadi. «Barselona»dagilar bugun kelishuvga erishilishiga umid qilishmoqda.

Bundan avvalroq fransuz nashrlari braziliyalik forvard Parij klubi bilan muammolarini bartaraf etgani va Fransiyada qolmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi. Bundan tashqari, Qatar rahbari Tamim bin Hamad at-Toniy futbolchi sotilmasligi bo‘yicha qarorga kelgani, uning ketishi «PSJ» va mamlakat imijiga zarar bo‘lishi aytilgan.

Futbolchining o‘zi ayni vaqtda «PSJ» mashg‘ulotlarida qatnashmayapti, u jarohatini davolayotgani bosi jamoaning Fransiya chempionati startidagi o‘yinlarida maydonga tushmadi.

2017 yilda 222 million yevro evaziga «Barselona»dan Parijga kelgan futbolchi poytaxt klubi uchun shu vaqtgacha jami 58 o‘yinda ishtirok etib, 51 gol urdi va 29 golga uzatma berdi.

2018/19 yilgi mavsumda Neymar jarohatlar tufayli jamoasining barcha o‘yinlarida ishtirok eta olmadi, u barcha turnirlar doirasida jami 28 o‘yinda maydonga tushgan va 23 gol urib, 13 golga hammualliflik qildi. Transfermarkt.de portali ma'lumotiga ko‘ra, Neymarning transferi 180 million yevroga baholangan. Neymar 2013 yildan 2017 yilga qadar «Barselona»da to‘p surgan.

Ko‘proq yangiliklar: