Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.
Tijorat banklarida jismoniy shaxslar bilan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:
5-band (Chet el valutasini ayirboshlash operatsiyalari eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, jismoniy shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (YaTTdan qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi) talab etiladi va ushbu hujjat nusxalari operatsiyalarni amalga oshirgan xodimlar tomonidan bank kunlik hujjatlariga tikib qo‘yiladi) quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“5. Chet el valutasini ayirboshlash operatsiyalari bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdoriga teng bo‘lgan yoki undan oshgan hollarda, jismoniy shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjat (YaTTdan qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi) talab etiladi (chet el valutalarini sotish operatsiyasi bundan mustasno) va ushbu hujjat nusxalari operatsiyalarni amalga oshirgan xodimlar tomonidan bank kunlik hujjatlariga tikib qo‘yiladi.”.
2-bob (Tijorat banklari tomonidan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish) nomidagi va 6-banddagi (Tijorat banklari tomonidan valuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish bank rahbarining buyrug‘iga asosan bankning tegishli tarkibiy bo‘linmasiga yuklatiladi) “valuta ayirboshlash operatsiyalarini” degan so‘zlar “naqdsiz shaklda chet el valutasini sotish operatsiyasini” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
10-banddan (Rezident jismoniy shaxs chet el valutasini sotib olish uchun tijorat bankining tarkibiy bo‘linma mutaxassisiga ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatini, YaTT esa qo‘shimcha ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasini taqdim etadi hamda tarkibiy bo‘linma mutaxassisi hujjatlardan nusxa oladi va aslini qaytarib beradi) “ariza hamda” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
3-bobning (Tijorat banklari tomonidan chet el valutasini sotib olish operatsiyalarini amalga oshirish) nomi “tijorat banklari tomonidan” degan so‘zlaridan keyin “naqdsiz shaklda” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.
6-bob (Valuta ayirboshlash shoxobchasiga qo‘yiladigan talablar va uning ishini tashkil qilish) nomidagi “ayirboshlash shoxobchasiga” degan so‘zlar “ayirboshlash shoxobchasida amalga oshiriladigan operatsiyalar turlari, shoxobchaga” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.
32-bandning (Valuta ayirboshlash shoxobchasida quyidagi operatsiyalar amalga oshirilishi mumkin) uchinchi xatboshisidan (norezident jismoniy shaxslarga naqd chet el valutasini sotish) “norezident” degan so‘z chiqarib tashlanadi.
34-band (Tijorat banklari tomonidan valuta ayirboshlash shoxobchasi yonmaydigan temir shkaf (seyf), telefon aloqasi, qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligi signalizatsiyasi, video kuzatuv kameralari (bunda videoyozuv materiallari maxsus arxivda kamida bir oy saqlanadi), valutaning haqiqiyligini aniqlaydigan detektor yoki tester, tegishli dasturiy ta'minotga ega kompyuter va hisoblash texnikasi, shuningdek zarur normativ-huquqiy hujjatlar va ma'lumot materiallari bilan ta'minlanadi) “detektor yoki tester,” degan so‘zdan keyin “to‘lov terminallari,” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.
Quyidagi mazmundagi 47-1-band bilan to‘ldiriladi:
“47-1. Valuta ayirboshlash shoxobchalarida rezident jismoniy shaxslarga naqd chet el valutasini sotish operatsiyasi rezident jismoniy shaxs tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgan holda shoxobchaga topshirgan naqd yoki shaxsiy bank kartasidagi milliy valuta miqdori doirasida amalga oshiriladi.”.
49-banddan (Chet el valutasi norezident jismoniy shaxslarga sotilganda, chet el valutasi sotilganligini tasdiqlovchi mazkur Nizomning 10-ilovasiga muvofiq 09007-son shakldagi ma'lumotnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi. 09007-son shakldagi ma'lumotnomaning bir nusxasi norezident jismoniy shaxsga beriladi, ikkinchi nusxasi uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati nusxasi bilan birga mazkur Nizomning 11-ilovasiga muvofiq shakldagi 09010-son reyestrga ilova qilinadi va hisobot tuzish uchun asos hisoblanadi) “norezident” degan so‘z chiqarib tashlanadi.
11-ilovada (Norezidentlarga chet el valutasi sotilganligini hisobga olish reyestri) “Norezidentlarga” degan so‘z “Jismoniy shaxslarga” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.