«Barselona» Messisiz 5ta gol urdi, Gvardiola «Real»ni ochkolarsiz qoldirdi. Ispaniyada tur yakunlari

Sport 13:50 / 26.08.2019 24960

Dam olish kunlari Ispaniya chempionatida 2-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. 

«Real» — «Valyadolid» — 1:1 (0:0)
Gollar: Benzema, 82 (1:0). Gvardiola, 88 (1:1).
«Real» – Kurtua, Karvaxal, Varan, Ramos, Marselo, Kazemiro, Beyl, Xames (Vinisius Junior, 57), Kroos, Isko (Yovich, 68), Benzema (Vaskes, 89).
«Valyadolid» – Masip, Moyyano (Valdo Rubio, 59), Olivas, Salisu, Nacho Martines, Porro (Antonito, 80), Michel, San-Emeterio (Anuar, 84), Plano, Gvardiola, Unal.
Ogohlantirishlar: San-Emeterio (33), Kroos (73), Kazemiro (90), Valdo Rubio (90).

Mavsumlar oralig‘ida «Real» ortiqcha futbolchilaridan qutulishi kerakdek ko‘rinayotgandi, ammo yangi kelganlar birin-ketin jarohat olishdi va jamoa yana o‘tgan mavsumdagi tarkib bilan qoldi, Zinedin Zidan ham endi birinchi navbatda boshqa narsalar haqida qayg‘urishi kerak. Madridliklar jamoasi avvalgi kabi qarshi hujumlarda ajoyib harakat qilmoqda, ammo pozitsion hujumlarda ahvol yaxshi emas. «Qaymoqranglilar» bu boradagi muammolarni hal etish uchun Azarni safga qo‘shib olishdi, ammo belgiyalik futbolchi debyut qilishga ulgurmasdan safdan chiqdi, jamoaning miyasi va dirijyor hisoblanmish Modrich esa diskvalifikatsiya tufayli ikkinchi tur o‘yinida qatnasha olmadi. Paslar uzatish uchun ochiq zonalarni izlash, to‘pni oldinga olib borish va «Valyadolid» avtobusini buzib o‘tish uchun hech kim yo‘q edi.

Birinchi tur o‘yinida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan Vinisius pozitsion hujumlarni uyushtira olmadi. Zidan ushbu braziliyalik futbolchi faqat erkin o‘yinchi sifatida foydali bo‘lishini anglagan holda uni zaxirada qoldirdi. O‘yinda Modrich timsolidagi ijodkor yo‘qligi tufayli murabbiy maydonga ilk daqiqalardanoq ikki nafar hujumkor yarimhimoyachi bilan harakat qildi: so‘nggi marta klub safida 833 kun muqaddam maydonga tushgan va «Real» sotib yuborishning ilojini qila olmagan Xames hamda aqlli, driblinggi zo‘r, lekin beqaror Isko. Kroos bilan birga bu ikki futbolchi mezbonlar o‘yiniga rang-baranglik bag‘ishlashi lozim edi. Amalda esa bu futbolchilar doimiy ravishda jarima maydonidagi Benzemaga to‘p uzatish bilan shug‘ullanishdi - bu esa pozitsion hujumdagi eng zo‘r taktika emasdi.

«Valyadolid» esa o‘zining asosiy kuzirlaridan unumli foydalana oldi. Serxio Gonsales jamoasida bunday kuzirlar atigi ikkita: omad va sabr. O‘tgan turda ham «Betis»ga qarshi o‘yinda «Valyadolid»ning omadi kelgandi, o‘shanda raqib darvozaboni Joel Roblesning 8-daqiqasidayoq maydondan chetlatilishi yakunda sondagi ustunlik evaziga 2:1 hisobidagi g‘alabaga erishilgandi. «Real» esa birinchi turda bir kishi kam bo‘lib o‘ynab «Selta»ni mag‘lub etgan, Modrich qizil kartochka olgani madridliklar foydasiga ishlagan — «Selta» hujumga o‘tib ketaverishi tufayli gollar o‘tkazib yuborgandi.

Ko‘rinishidan, Zidanda sabr qilib vaziyat kutishni biladigan jamoalarga qarshi «B» plan bor edi. Raqib oldinga chiqmasa, «Real» raqibga to‘pni topshiradi va hujumda vaziyatlarga ega bo‘lishiga imkon yaratadi. Bu o‘yinda ham shunday bo‘ldi: hisob 0:0 holatida «Valyadolid» bir necha marta xavfli hujumlar uyushtirdi, madridliklar ham ochilgan hududlardan foydalanib, xavfli javoblar qaytarishdi. Ammo Serxio Gonsales o‘z shogirdlariga baqirishdan to‘xtamay, ular o‘z vaqtida ortga qaytishini ta'minlab turdi.

Bu o‘yin avval boshdan gollarga boy bo‘lmasligi ko‘rinib turgandi, ammo o‘yin oxirida Benzema mahoratini ko‘rsatdi va noqulay vaziyatda turib darvozaning burchagini aniq nishonga oldi, boshqa tomondan «Real» futbolchilarining mudofaadagi sustkashligi o‘yin durang hisobda yakunlanishiga sabab bo‘ldi. Serxi Gvardiola o‘rtamiyona hujumchi, ammo u o‘zida yuzaga kelgan uchta imkoniyatdan biridan unumli foydalandi, «Real» himoyachilari Gvardiolada uchta golli imkoniyat yuzaga kelishiga qo‘yib berishdi. O‘yinning oxirgi daqiqalarida Kroosning zarbalari ham, Ramosning raqib jarima maydoniga borishi ham, ikkinchi bo‘limda maydonga tashlangan Yovich va Vinisiusning harakatlari ham jamoani ochko yo‘qotishdan qutqarib qololmadi.

Bu o‘yindan keyin «Real» prezidenti Florentino Peres hamon «PSJ»da zerikib vaqt o‘tkazayotgan Neymar bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirgan bo‘lsa ajab emas. Madridliklarga xuddi Neymar kabi nafaqat yaratuvchi, balki bo‘sh zonalarga vaqtida ochiluvchi va ikki qavatli himoya chizig‘ini yorib o‘tuvchi futbolchi juda zarur. Azar butun mavsum davomida bir o‘zi jamoani ortidan ergashtirib yura olmasligi aniq, Modrich esa keyingi oyda 34 yoshga to‘ladi va vaqt o‘tgan sayin uning jamoaga yordam berishga kuchi kamaya boradi. Zidanga qandaydir originallik kerak: Ispaniyada mavsumni faqat raqib jarima maydoniga uzatmalar oshirish bilan o‘tkazib bo‘lmaydi. Hatto «Real»ning ijrochilari saviyasi yuksak bo‘lgani hisobga olingan taqdirda ham.

«Barselona» «Betis»ni yakson qildi, Grizmannda dubl

«Barselona» — «Betis» — 5:2 (1:1)
Gollar: Fekir, 15 (0:1). Grizmann, 41 (1:1). Grizmann, 50 (2:1). Peres, 56 (3:1). Jordi Alba, 60 (4:1). Vidal, 77 (5:1). Loren Moron, 79 (5:2).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serji Roberto, Buskets (Vidal, 74), de Yong, Rafinya (Firpo, 81), Grizmann, Peres (Fati, 78).
«Betis»: Martin, Emerson, Bartra, Sidney, Pedrasa, Fekir, Villiam Karvalyu, Guardado (Xoakin, 61), Kanales (Laynes, 75), Telo (Kaptum, 61), Loren Moron.
Ogohlantirishlar: Pike, 32. Villiam Karvalyu, 90.

Grizmann hujum markazida
Messi, Suares va Dembele jarohatdaligi bosi «Barselona» o‘zi uchun noodatiy vaziyatga tushib qoldi: jamoada hujumchilar qolmadi, natijada «Barsa B» jamoasidan 21 yoshli Karles Peres va yoshlar jamoasidan 16 yoshli Assumante Fatini chaqirishga to‘g‘ri keldi. Endi kataloniyaliklar murabbiyi Ernesto Valverdeda hujumchilar yetishmovchiligi yo‘q: aslini olganda, «Betis»ni Antuan Grizmanni hujum markaziga qo‘yib ham yengish mumkin. Hujum chizig‘ida unga yosh Peres va jarohatidan tiklangan Rafinya sherik bo‘ldi. Bu ikki futbolchi vaqti vaqti bilan qanotlarni almashtirib turishdi.

Birinchi turda Bilbaoda kechgan uchrashuvni boy bergan Valverde tavakkal qilishni istamadi va Busketsni boshlang‘ich tarkibda tushirdi. O‘z pozitsiyasida, tayanchyarimhimoyachi sifatida harakat qilgan Serxioning formasi avvalgidek emasligi ko‘rinib qoldi: Beshinchi raqam egasi mavsumlar oralig‘idagi o‘rtoqlik o‘yinlarida yo‘l qo‘ygan xatolarini takrorladi - maydon markazida hech qanday bosim bo‘lmagan vaqtda, oddiy vaziyatda to‘pni sherigiga xato uzatdi va to‘pni egallab olgan mehmonlar hujumni gol bilan yakunlashdi. Serxio keyinchalik xatosini yuvishga harakat qildi va uning o‘ziga xos uzatmasidan keyin Alba gol urdi.

De Yong bu o‘yinda o‘ziga noodatiy bo‘lgan rolni bajardi. Frenke maydonda Busketsning vazifalarini bajardi, u chap qanot yarimhimoyachisi o‘rnida maydonga tushgan bo‘lsada o‘yin davomida u qanotdan bu qanotga yugurdi. U bu vazifada qora ishlarni bajarish bilan mashg‘ul bo‘lib, maydonda deyarli sezilmadi, shu bilan birgalikda unda paslar aniqligi ko‘rsatkichi juda yuqori bo‘ldi - 95 foiz.

Yirik hisob
«Betis» «Valyadolid»dagi omadsizlikdan keyin o‘ziga kelmagan ko‘rinadi. Mavsum startida Xuan Rube jamoasi o‘z maydonida autsayder jamoaga yutqazgan, bunga darvozabon o‘yin boshidayoq chetlatilgani sabab bo‘lgandi. «Kamp Nou»da hisobni ochgan mehmonlar muvaffaqiyatni rivojlantira olishmadi. Rube shogirdlari o‘yindagi ikki golni ham «Barsa» futbolchilari xatosidan keyin urishdi. Agar ularda «Valyadolid»dagi kabi sabr bo‘lganida uyga ochko bilan qaytgan bo‘lishardi. Ammo ular na avtobus qo‘yishdi va na pozitsion hujumlar uyushtira olishdi. Birinchi bo‘limda kataloniyaliklarning qarshi hujumi o‘tkazib yuborildi va Serxi Robertoning pasidan keyin Grizmann a'lo darajada harakat qilib, hisobni tenglashtirdi. Bu ikki futbolchi maydonda bir-birini juda yaxshi tushuna boshladi, ikkinchi gol ham ushbu juftlik ishtirokida amalga oshdi.

Yirik hisobdagi g‘alabaga qaramasdan, «Barsa»da muammolar ko‘zga tashlanib turibdi: jamoa kuchni o‘yinga teng taqsimlay olmayapti va futbolchilarda kurashuvchanlik yetishmayapti. Rafinya, Peres va Roberto o‘zini ayamasdan yugurishganini ko‘rgan bo‘lsak, Buskets, Pike va Semeduda fidokorlik ko‘rinmadi va ular ko‘p hollarda raqibga yeta olishmadi. Mavsumni kuchsiz boshlayotgan «Betis»ni yakson qilish uchun Messining yordamiga hojat bo‘lmadi, ammo nisbatan kuchliroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda «Barselona» qiynalishi turgan gap.

Debyutlar va istiqbollar

Bu o‘yinda nafaqat «Barselona» uchun, balki Ispaniya chempionati uchun e'tiborga molik voqea sodir bo‘ldi: «Kamp Nou»ga 2002 yilda tug‘ilgan Antu Fati chiqib keldi. O‘yin yakuniga 15 daqiqa qolganida u shu oqshomda asosiy jamoadagi debyutini gol bilan nishonlagan Peresni almashtirdi. Fati - «Barselona»ning La Liga tarixidagi ikkinchi eng yosh futbolchisi bo‘ldi. Birinchisi 1941 yili «Real»ga qarshi o‘yinda 16 yoshu 280 kunligida debyut qilgan Martines bo‘lgandi (Fati 18 kunga kattaroq). Fati o‘ziga berilgan daqiqalarda ajoyib texnikaga egaligini namoyish etishga ulgurdi.

Messi va Suares bu o‘yinni tribunada farzandlari bilan birga kuzatishdi.

«Barsa» ilk uch ochkosiga ega bo‘ldi va muxlislarini 5ta gol bilan xursand qildi. Keyingi o‘yinda katta ehtimol bilan maydonda Lionel Messi ham bo‘ladi va muxlislar Messi-Grizmann bog‘lami qanday bo‘lishini kuzatishlari mumkin.

Undan oldinroq esa argentinalik futbolchini Monakoda kutishadi, bu yerda yilning eng yaxshi futbolchisi e'lon qilinadi.

Qolgan natijalar
23 avgust

«Levante» – «Vilyarreal» 2:1 (0:1, 2:0)
Gollar: 0:1 – 3 Jyerar Moreno, 1:1 – 68, penalti Roxer Marti, 2:1 – 73, penalti Roxer Marti.

«Granada» – «Sevilya» 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 52 Jordan.

24 avgust
«Selta» — «Valensiya» — 1:0 (1:0)
Gol: Fernandes, 15.
Aniq ijro etilmagan penalti: Suares, 90 (darvozabon)

«Osasuna» — «Eybar» — 0:0

«Xetafe» — «Atletik» — 1:1 (1:1)
Gollar: Garsiya, 6 (0:1). Mata, 12 (1:1).

25 avgust
«Leganes» – «Atletiko» 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 71 Vitolo.
«Leganes» – Soriano, Rosales, Tarin (Bustinsa, 28), Omeruo (Arnais, 77), Siovas, Silva, Eraso (Aviles, 78), Ruben Peres, Mesa, Breytueyt, En-Nesiri.
«Atletiko» – Oblak, Savich, Ximenes, Ermoso (Vitolo, 60), Tomas (Lorente, 70), Tripper, Saul, Koke, Lemar (Felipe, 89), Morata, Joau Feliks.
Ogohlantirishlar: Eraso (23), Rosales (34), Ermoso (52), Tomas (62), Silva (73), Lorente (80), Vitolo (86), En-Nesiri (90), Koke (90).

«Alaves» – «Espanol» 0:0 (0:0, 0:0)

«Malorka» – «Real Sosedad» 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 83 Edegor.

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: